Namangandagi tartibsizliklar yuzasidan IIB rasmiy bayonot berdi
Kecha, 7-aprel kuni Superliganing 5-turi doirasida bo‘lib o‘tgan «Navbahor» — «Paxtakor» uchrashuvidan (1:2) keyin tartibsizliklar yuzaga kelgandi. Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Qayd etilishicha, o‘yin yakunlangach, e’tiroz bildirayotgan tomoshabinlarga tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilib, ularni tarqatish choralari ko‘rilgan.
«Hakam, mehmon o‘yinchilar va «Paxtakor» fan-klubining 35 nafar a’zosi nazorat ostida Namangan shahridan kuzatib qo‘yildi.
Mazkur uchrashuv davomida jamoat tartibi to‘liq saqlanib, fuqarolar orasida hech qanday talafot yoki tan jarohat olish holatlariga yo‘l qo‘yilmadi.
Tomoshabinlar orasida faol e’tiroz bildirib, boshqalarga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lgan 2 nafar futbol ishqibozi ajratib olindi va Davlatobod tuman IIBga olib kelinib, shaxsiga aniqlik kiritildi hamda tushuntirish ishlari olib borildi.
Xizmat mobaynida jamoat tartibini saqlashga jalb qilingan huquqni muhofaza qiluvchi barcha idoralar shaxsiy tarkibi orasida hech qanday tan jarohat olish holatlariga yo‘l qo‘yilmadi», — deyiladi bayonotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter