Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Dok 1 Maks» ichirilgan Abdullajon hayotga qaytdi

«Dok 1 Maks» ichirilgan Abdullajon hayotga qaytdi

Foto: Xabar.uz

Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida «Dok 1 Maks» siropidan zaharlangan yana bir bola hayotga qaytdi.

Jonlantirish bo‘limidagi sinovli kunlardan so‘ng 3 yoshli Abdullajon nefralogiya bo‘limiga o‘tkazildi. Bolaning onasi Dilnoza Boyqobilova ular Qashqadaryo viloyatining Shaxrisabz tumanidan kelganlarini aytadi: 

Abdullo juda og‘ir ahvolda bo‘lganda kelganmiz. Bungacha men «Dok 1 Maks»dan 4 kun berganman. Isitmasi chiqqanda aptekaga borgandim. «Shuni ichiring, grippga ham, shamollashga ham, temperaturaga ham shu yaxshi» deb berdi. 21 dekabrdan peshob chiqmay qoldi. Ertasiga bu yerga olib keldik.

Dilnozaning aytishicha, bolani olib kelgan kunlarda internetdagi xabarlar bir tomon, bolaning ahvoli bir tomon bo‘lib ayol butkul tushkunlikka tushgan.

— Faqat yig‘lardim. Axir, yetti kun siymadi. Ovqat ham yemaydi, gapirmaydi ham, men bilan ishi ham yo‘q, faqat uxlardi. Shifokorlar,hamshiralar tunu kun qarashdi. Bu insonlarga mingdan ming rahmat. Bolam, shukur ko‘zini ochdi, — deydi Dilnoza.

U Abdullajon kam-kam bo‘lsa ham ovqat yeyayotganidan, majolsiz ovozda bo‘lsa ham nimanidir so‘rayotganidan, peshobi kelayotganidan xursand.

Tibbiyot markazining gemodializ bo‘yicha mutaxassisi Bahodir G‘aniyev bolaga zaharlangan siropdan kam dozada berilgani katta yordam bo‘lganini ta’kidlaydi.

— Bizlarga kelganda siymay qo‘yganining uchinchi kuni edi. Kelgan kunning o‘zida jonlantirish bo‘limiga yotqizilib intensiv davolash olib borildi, gemodializ muolajasi amalga oshirildi, ya’ni qoni tozalandi. Rosa bir haftada siydik paydo bo‘ldi. Shunda ham jonlantirish bo‘limida olib qoldik, yana qonni tozalab turdik. Bu muolaja buyrak ishini qilib beradi, qonni tozalab yana o‘ziga qaytarib beradi.

Shifokor Abdullajonga 2-3 kundan so‘ng javob berish mumkinligini ma’lum qildi.

Abdullajon Fayziddinov Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida «Dok 1 Maks» siropidan zaharlanib hayotga qaytarilgan to‘rtinchi bola. Lekin tibbiyot markazida aynan shu siropning zarari tufayli 18 nafar go‘dak hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan. Markaz rahbariyati Hindistonda ishlab chiqarilgan siropning zarari haqida birinchilardan bo‘lib bong urdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring