Ichimlik reklamasidagi axloqsizlik bo‘yicha rasmiy munosabat bildirildi
Ijtimoiy tarmoqlarda yaxna ichimlik reklamasi tadbirida axloqsizlik va hayosizlik xatti-harakatlari namoyish etilgan videorolik keng tarqaldi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi holat yuzasidan tezkor o‘rganish o‘tkazib, o‘z munosabatini bildirdi.
Qayd etilishicha, «Mountain Dew» tovar belgisi ostida chiqarilgan gazlangan ichimligi sertifikatlashtirish organi tomonidan 2021 yil 8 iyulda UZ.SMT.01.0033.66104488-sonli muvofiqlik sertifikatiga asosan gazlangan alkogolsiz ichimliklar tasnifiga kiritilgan va energetik ichimlik hisoblanmaydi. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunining 37-moddasiga asosan Energetik ichimliklarning reklamasiga doir belgilangan cheklovlar unga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Tarqalgan videorolikda joriy yilning 15 oktyabr kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan «Avto – Shou» tadbiri qatnashuvchilar tomonidan videotasvirga olingan va ijtimoiy tarmoqda joylashtirilgan.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan bunday axloqsizlik va hayosizlik xatti-harakatlari namoyish etilganligi holati yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga so‘rov xati yuborildi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasiga asosan, bezorilik, ya’ni jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-do‘pposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki o‘zganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilish ancha zarar yetkazish bilan bog‘liq holda sodir etganlik uchun huquqbuzarga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 183-moddasiga asosan mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik huquqbuzarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi «Reklama to‘g‘risida»gi Qonun talablariga muvofiq, axloqsiz (shaxslarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga daxldor bo‘lgan haqoratli so‘zlar, tasvirlar hamda o‘xshatishlardan, haqorat qiluvchi tasvirlardan foydalanish orqali insoniylik va axloqning umumqabul qilingan normalarini buzuvchi) reklama taqiqlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter