Gulistonda soxta prokuror ushlandi
Joriy yilning 25 aprel kuni Guliston shahar, 4-mavzeda joylashgan 9-sonli maktabgacha ta’lim muassasasiga borib, o‘zini “Sirdaryo viloyat prokuraturasi xodimiman” – deb tanishtirgan, Guliston tumani, Navoiy mahallasida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan, fuqaro A.Zairjonov rahbariyat topshirig‘iga asosan muassasaga tekshirishga kelganligini aytib, muassasa rahbari G.Uzoqova ishtirokida muassasa xodimlari bilan yig‘ilish o‘tkazadi.
Muassasa rahbari G.Uzoqovada ushbu shaxs prokuratura xodimi ekanligiga shubha uyg‘onganligi sababli, viloyat prokuraturasiga xabar berib, viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi hamda ichki ishlar xodimlari bilan hamkorlikda A.Zairjonov voqea joyida ushlandi. Bu haqda "Sirdaryo xabarlari" Telegram-kanalida xabar berildi.
Surishtiruv jarayonida, A.Zairjonov 2019 yil 25 aprel kuni Guliston shahar “Namuna” mahallasida joylashgan 1-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi D.Babayevaga o‘zini “Sirdaryo viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i” – deb tanishtirib, mudiraga kelgusida xususiy bog‘cha ochish uchun hujjatlarni rasmiylashtirib berishni va’da qilib, uni aldab, ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan 400.000 so‘m pul mablag‘larini olganligi aniqlandi.
Viloyat prokuraturasi tomonidan A.Zoirjonovning firibgarlik harakatiga chek qo‘yilib, mazkur holat yuzasidan unga nisbatan 2019 yil 25 aprel kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu jinoyat 26 aprel kuni fuqaro A.Zairjonovning ishtirokida u yashaydigan Guliston tumani, “Navoiy” mahallasi va jinoyat sodir etilgan Guliston shahri “Namuna” mahallalarida mahalla faollari, maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va jamoatchilikni jalb qilgan holda muhokama qilinib, chora-tadbirlar belgilab olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter