O‘zini prokuror deb tanishtirib yurgan Malibu haydovchisi ushlandi
Toshkent shahrida o‘zini yolg‘ondan davlat xizmatchisi, prokuror, adliya maslahatchisi deb tanishtirib yurgan shaxs qo‘lga tushdi. Bu haqda «Markaziy studiya» informatsion dasturida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Bektemir tumanida qora rangli Malibu-2 avtomashinasi svetoforga to‘xtamay harakatlangani uchun yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.
Haydovchi YPX xodimlariga yuqori tashkilotda ishlashini aytib, o‘dag‘aylagan. Tekshiruv davomida mashinaning old yon oynalari tegishli ruxsatsiz qoraytirilgani, haydovchi mashinani ishonchnomasiz boshqarayotgani aniqlangan.
U o‘zini polkovnik ekanini aytib, xizmat guvohnomasini ko‘rsatgan va xizmatga shoshayotganini aytgan. Yakunda esa mashina hech qanday hujjatsiz haydalgani uchun jarima maydoniga qo‘yilgan.
Surishtiruv ishlari davomida u o‘zini Bosh prokuraturaning Ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i, adliya katta maslahatchisi deb tanishtirib kelgani aniqlangan. Aslida esa unga 2021 yilning iyun oyida Rossiyadagi U. ismli tanishi O‘zbekiston Bosh prokurori imzosi va muhrini soxtalashtirib, qalbaki guvohnoma yasab bergan bo‘lgan.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi «b» va 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter