Ona va o‘g‘il fojiasi: G‘ijduvondagi voqea bo‘yicha hukm o‘qildi
Buxoroda onasining qotiliga aylangan o‘g‘ilga hukm o‘qildi. Ta’kidlanishicha, qotillik G‘ijduvon tumanidagi Bobur mahalla fuqarolar yig‘ini Gulobod ko‘chasidagi xonadonlardan birida sodir bo‘lgan. 1993-yilda tug‘ilgan H.N. onasi M.O. bilan uzoq vaqtdan buyon o‘zaro kelishmovchilikda yashab kelishgan.
Bundan bir yilcha ilgari Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanidagi 29 yoshli o‘g‘ilning 51 yoshda bo‘lgan o‘z onasini pichoqlab o‘ldirgani haqidagi xabar ko‘pchilikni hayratga solgan edi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati sudining bosh konsultanti Nurbek Rahimovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, qotil 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Mahalla vakili Lobar Sharipovaning so‘ziga ko‘ra, ushbu oilada besh farzand bo‘lib, N.H. uchinchi farzand. Qotillik sodir bo‘lishidan chamasi yigirma kuncha ilgari marhuma tuman obodonlashtirish bo‘limida faoliyat yuritib kelayotgan turmush o‘rtog‘i H.H. bilan ham janjallashgan bo‘lgan. H.H. ham hovlidan chiqib ketgan bo‘lgan.
Qotillik sodir bo‘lgan kunning ertasigayoq mahallada viloyat IIB mutasaddi rahbarlari hamda tuman hokimi, qator mas’ullar, mahalla mutasaddilari va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida jinoyat tafsilotlari muhokama qilingan. Jinoyatning kelib chiqish sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilingan.
«Nihoyat, mahallamizda sodir bo‘lgan qotillik bo‘yicha ko‘rib chiqiladigan sud ishiga ham yetib keldik. Bugun hukm e’lon qilinadi. Yashirishga hojat yo‘q, N.H. mahallamizdagi eng yaxshi payvandlovchilardan edi. Og‘ir va vazmin bola. Otasi ham, o‘zi ham hech qachon birov bilan kelishmovchilikka yoki janjalga bormagan. Aqlli, esli va hushli, mehnatkash yigit edi»,-deydi Lobar Sharipova.
Sud hujjatlariga ko‘ra, N.H. 29 yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, oilaviy sharoit tufayli uylanmagan bo‘lgan. U o‘zi tug‘ilib o‘sgan xonadonga kunora faqat singillaridan xabar olish uchungina kelib turgan.
«Sud-tergov harakatlari davomida aybdorning onasi M.O. uyiga doimiy ravishda spirtli ichimliklar iste’mol qilib, begona erkaklarni uyiga olib kelib, ular bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurgani aniqlandi. Onasining ushbu harakatlaridan o‘g‘il norozi bo‘lib, bir necha marotaba tanbeh bergan. Shunga qaramasdan, onasi bu harakatlarini davom ettirib kelavergan. Turmush o‘rtog‘i ham or ustida xonadondan chiqib ketgan bo‘lgan»,-dedi sud raisi.
Sud o‘z hukmini e’lon qilishda mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shnilar va voqeaga guvoh bo‘lganlarning N.H. haqidagi ko‘rsatmalari, ijobiy tasniflari inobatga olingan.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish bilan aybdor, deb topilgan va JKning 57-moddasini (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter