Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ijduvon savdo do‘konlarida yana yong‘in

G‘ijduvon savdo do‘konlarida yana yong‘in

Videodan skrinshot

O‘tgan 2023-yilda Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanidagi yirik savdo majmuasida sodir bo‘lgan yong‘in sabablari buxorolik tadbirkorlar tomonidan  «qasddan uyushtirilgan» deya talqin etilgan edi.  Afsuski, ushbu ko‘p talafotli yong‘inning asoratlari tugamagan: savdo majmuasining kuygan yirik blogi haligacha to‘liq ta’mirlanmagan edi.

Muammolarni to‘liq bartaraf etish masalalari yechim izlab «yotgan» bir pallada yana shu manzilda kuchli yong‘inning kelib chiqqani aholi o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Mirjon Fayzulloyevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, bugun soat 16:40 da G‘ijduvon tuman FVB dispetcherlik xizmatiga tumandagi «Degrezon» MFY yo‘li yoqasidagi savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Avvaliga 4 ta o‘t o‘chiruv ekipaji soat 16:42 da yetib borgan. Bir necha daqiqalardan keyin yana 5 ta ekipaj jalb qilingan. Jami 9 o‘t o‘chiruv ekipaji tomonidan ko‘rilgan chora va tezkor harakatlar natijasida yong‘in 17:48 da to‘liq bartaraf etilgan. Voqea joyiga viloyat FVB, IIB, prokuratura va barcha FVDT xizmatlari rahbarlari yetib kelishgan.

«Eng alamlisi, bugun yong‘in sodir bo‘lgan do‘konlardan o‘tgan yilgi yong‘indan talafot ko‘rgan tadbirkorlar ham foydalanib kelishayotgan edi. O‘tgan yilgi yong‘in kelib chiqishi sabablari va ko‘rilgan talafotlar muammolari haligacha to‘liq yechimini topmagan. Bunisi endi ortiqcha bo‘ldi», — dedi tadbirkorlardan biri.

«Savdo do‘konlari qurilishini sifatsiz, deya olmayman. Hali yong‘in kelib chiqishi sabablari o‘rganilmoqda, deyilmoqda. Ammo G‘ijduvondagi yuzlab do‘konlarda elektr o‘tkazuvchi simlar yaroqsiz va sifatsiz ekanini, issiqlik tizimi «nol»ga teng ekanini unutib qo‘yishgan, shekilli. Kuyib qolayotgan tadbirkorlar bo‘lyapti. Bu gal tegishli organlar tomonidan muammolar jiddiy o‘rganilishi kerak. 1 soatu 6 daqiqada bartaraf etilgan yong‘in kichik yong‘in emasligini unutmaylik», — dedi yana bir tadbirkor.

Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarari bo‘yicha IIB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Yong‘in oqibatida fuqarolar o‘rtasida kuyish va tan jarohati qayd etilmagan.  Ayni damda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ekspertiza vakillari ham hududda yong‘in oqibatlarini o‘rganmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring