Germaniyada turistik avtobus yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketdi
Germaniyaning Bavariya viloyatidagi A3 avtoyo‘lida belgiyaliklarni olib ketayotgan turistik avtobus bilan YTH yuz berdi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar bermoqda. Hodisa oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi va 18 kishi jarohat oldi.
«Bayerischer Rundfunk» telekanali bergan xabarga ko‘ra, halok bo‘lgan shaxs avtobus haydovchisi bo‘lgan. Yana 4 nafar kishi jiddiy jarohat olgan, ulardan birining hayoti xavf ostida ekani aytilmoqda.
Jabrlanganlar vertolyotda kasalxonaga olib ketilgan. A3 avtoyo‘li esa barcha tomondan yopib qo‘yilgan. Jarohatlanmagan yo‘lovchilar yaqin atrofdagi kafega joylashtirilgan. Avtobusda jami 40 nafar turist bo‘lgan.
Voqea yarim tunga yaqin Nyurnberg shahri yo‘nalishida yuz bergan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, avtobus haydovchisi qiyalikka ko‘tarilishda Nyurnberg tomon harakatlanayotgan furani juda kech payqagan va unga borib urilgan. Fura haydovchisi qo‘rqib qochib ketgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter