«Farhod dehqon bozori» rahbarlari qo‘lga olindi
Toshkent shahridagi «Farhod dehqon bozori» AJ direktori hamda uning xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari ushlandi.
IIV Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xabar berishicha, 2022 yil 5 aprel kuni Toshkent shahar IIBBga «Farhod dehqon bozori» AJ hududida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqaro ariza bilan murojaat qilgan.
U «Farhod dehqon bozori» AJ direktori va uning xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari Toshkent shahar hokimining 2021 yil 19 fevraldagi 203-sonli «Elga xizmat» va «Arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari» savdo nuqtalaridan to‘lov olinmasligi haqidagi qaroriga zid ravishda, bozordan chiqarib yuborish bilan qo‘rqitib, 2021 yil sentyabr oyidan buyon har 10 kunlik savdo faoliyati uchun 660 000 so‘mdan pul mablag‘larini kassir orqali olib kelayotganini, hozirda oxirgi 2 oy uchun 3 400 000 so‘m to‘lashni noqonuniy ravishda talab qilayotganini ma’lum qilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur arizaga asosan, shu kuni Toshkent shahar IIBB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda DXX Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, «AT Xalq banki» Uchtepa filialining «Farhod dehqon bozori» AJga xizmat ko‘rsatuvchi kassiri xizmat xonasida ariza muallifidan 3 400 000 so‘m olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, uning yonidan kunlik tushumdan inkassatsiya qilingan 8 300 000 so‘m va inkassatsiya qilinmagan 9 150 000 so‘m pul mablag‘lari borligi aniqlanib olingan.
Tezkor tadbir davomida, «Farhod dehqon bozori» AJ direktori hamda uning xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari ushlanib, uning «Jentra» rusumli avtomashinasida 24 967 000 so‘m pul mablag‘i borligi aniqlangan.
Holat yuzasidan 2022 yil 6 aprel kuni Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, yuqoridagi shaxslar JPKning 224-moddasi tartibida ushlanganlar.
Ma’lum qilinishicha, jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter