Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erini o‘ldirish uchun «killer» yollagan asakalik ayol sud zalidan qo‘yib yuborildi

Erini o‘ldirish uchun «killer» yollagan asakalik ayol sud zalidan qo‘yib yuborildi

Illyustrativ foto

Shu yilning fevral oyida erini o‘ldirish uchun 50 ming AQSh dollariga odam yollagan asakalik O. D. (1984-yilda tug‘ilgan) qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan mazkur xabarda ayol ashyoviy dalillar bilan ushlangani va unga nisbatan Jinoyat kodeksining (JK) 25,97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani alohida ta’kidlanadi.

Bugun mazkur jinoyat ishi yakuni bo‘yicha g‘alati xabar tarqaldi. Andijonlik bloger Otabek Nuritdinov o‘sha ayolning turmush o‘rtog‘iga tayanib ma’lum qilishicha, O. D. shu yilning 17 sentyabr kuni sud zalidan qo‘yib yuborilgan.

Uncha-muncha tassavvurga sig‘maydigan holatmi? Shunday. Nima, dastlabki tergov jarayonida ayblovlarda o‘zgarish bo‘lganmi?

Shu va shu kabi savollarga oydinlik kiritish uchun Bosh prokuratura bilan bog‘landik. Mahkama matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, darhaqiqat, tergov jarayonida ayblovga o‘zgartirish kiritilgan. Biroq bu o‘zgarish ayblovni yengillashtirmas, balki og‘irlashtirar edi. Ya’nikim, O. D.ga nisbatan olib borilgan tergov harakatlari davomida ayblov JK 25,97-moddasi 1-qismidan (qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) shu moddaning 2-qismi «i» bandiga (qasddan odam o‘ldirishga tamagarlik niyatida suiqasd qilish)  malakalangan va sud muhokamasiga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudi esa O. D.ning harakatlarini 25,97-moddasi 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qilishdan tashqari JKning 57-moddasini (jinoyat uchun belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq jazo tayinlash) qo‘llagan holda 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Bu hali hammasi emas. Sud sudlanuvchiga nisbatan jinoyat uchun belgilangan eng kam jazodan ham kamroq jazo tayinlashdan tashqari JK 72-moddasini ham qo‘llab, belgilangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini shartliga almashtirgan va 2 yil sinov muddati bergan. Va shu tariqa ayol sud zalidan ozodlikka chiqariladi.

Biroq hukmni asossiz va adolatsiz deb hisoblagan Andijon viloyat prokuraturasi unga nisbatan sudning yuqori instansiyasiga protest kiritdi. Protest qachon ko‘rib chiqilishi hozircha noma’lum.

«Xabar.uz» voqealar rivojini kuzatib boradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring