DXX narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanganlarni qo‘lga oldi
DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasi hamda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda poytaxtimizning Chilonzor tumani hududida «Denov – Toshkent» yo‘nalishida kirikashlik bilan shug‘ullanuvchi fuqaro boshqaruvidagi avtomashina to‘xtatildi.
Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida Denov shahridan pochta sifatida berib yuborilgan avtomobil ehtiyot qismi ichiga yashirilgan 965 gr. «opiy» giyohvand moddasi borligi ma’lum bo‘ldi va protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi.
Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositasining egasi Chilonzor tumanida yashovchi fuqaro M.Nurumbetov bo‘lib, u ushbu ajal og‘usini Denov shahrilik A.Umurovdan 6500 AQSh dollariga sotib olgan.
Tezkor tadbir doirasida Nurumbetov va Umurovlar hibsga olindi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur shaxslar muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganliklari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsalarda, lekin, xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishmagan.
DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan bir guruh shaxslar jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Farg‘ona tumanida istiqomat qiluvchi ushbu fuqarolardan kelgusida sotish maqsadida yashirib qo‘yilgan 3 kg 14 gr. «gashish” giyohvand moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Qirg‘iziston Respublikasining Botken viloyati Qadamjoy tumanida yashovchi shaxsdan 15 ming AQSh dollariga sotib olingan ushbu giyohvandlik vositasi kontrabanda yo‘li bilan mamlakatimizga olib kelingan.
DXX Namangan viloyati boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Namangan shahrida harakatlanayotgan «Kobalt» rusumli avtomashina to‘xtatildi.
Tekshirish jarayonida avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan Uchqo‘rg‘on shahrida yashovchi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, muqaddam sudlangan Avaskan uulu Abduraimga tegishli sport sumkasi ichida 787 gr. «gashish» moddasi borligi aniqlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, Avaskan uulu Abduraim Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan ushbu giyohvand moddani Namangan shahrida istiqomat qiluvchi, muqaddam sudlangan M.Mirhamidovga berishi kerakligi ma’lum bo‘ldi va tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur shaxs ham qo‘lga olindi.
Pop tumanida joylashgan «Namangan» YPX maskanida «Namangan - Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Neksiya» rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi X.Amanovning yonida 392 gr. «gashish» moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. U ajal og‘usini sotish maqsadida Toshkent shahriga olib ketayotgan bo‘lgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, ularning jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha ham chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter