Denovdagi portlashning taxminiy sababi ma’lum qilindi
2021-yil 7-dekabr kuni soat 03:57da Denov shahri Mustaqillik ko‘chasida joylashgan 2 qavatli «Indenim» savdo majmuasi binosida portlash yuz berib, kamida 9 kishi tan jarohati olgani, 2 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi.
FVV Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i O‘lmas Muzaffarov portlash sababini ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, portlashning taxmin qilinayotgan sababi — savdo majmuasida gaz asbob-uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi oqibatida to‘plangan gaz-havo aralashmasining chaqnashi. Hodisa oqibatida savdo majmuasi atrofidagi bir nechta aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha ob’yektlari binolariga, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga ziyon yetgan.
«Xavotirga o‘rin yo‘q. Asosiy taxminga ko‘ra, savdo majmuasi ichidagi gaz asbob-uskunalaridan foydalanish qoidalari buzilish oqibatida gaz-havo aralashmasi hosil bo‘lganligi va portlash aralashmaning chaqnashi oqibatida yuz bergan. Hozirda baxtsiz hodisaning oqibatlarini bartaraf etish borasida FVV, IIO, Milliy gvardiya va tegishli idora va tashkilotlarning xodimlaridan iborat ishchi guruhlar ishlarni amalga oshirmoqda», — dedi Muzaffarov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter