Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda XTB bosh hisobchisi va yordamchisi katta pulni talon-toroj qildi

Buxoroda XTB bosh hisobchisi va yordamchisi katta pulni talon-toroj qildi

Foto: Xabar.uz

Buxoro viloyati, Peshko‘ tuman Xalq ta’limi bo‘limi bosh hisobchisi va bosh hisobchi o‘rinbosarining jinoiy til biriktirib,  yirik miqdordagi maktab budjet mablag‘larini talon-toroj qilishgani fosh etildi.

Har ikki mansabdorga nisbatan jinoiy jazo qo‘llanildi, deya «Xabar.uz»ga ma’lum qilmoqda huquq-tartibot organi vakili.

Ta’kidlanishicha, Peshko‘ tuman Xalq  ta’limi bo‘limi bosh hisobchisi U.E. va uning o‘rinbosari R.E. lavozim vakolatidan foydalangan holda 2021-yilning aprel oyidan 2022-yilning yanvar oyiga qadar jami 147 ta holatda 217.308.3 ming so‘mlik budjet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishgan. Holatga ko‘ra, Xalq ta’limiga tegishli bo‘lgan ushbu pul mablag‘lari noqonuniy tartibda sarflangan. Bu pullar Xalq ta’limi bo‘limi xodimlari, tumandagi turli maktablarda ishlovchi ishchi-xodimlar, shuningdek, har ikki mansabdorning qarindosh-urug‘larining kredit hamda kontrakt to‘lovlarini so‘ndirish uchun ko‘chirib berilgan.

«147 ta holatda o‘zgalarga tegishli mablag‘larni o‘zlashtirish evaziga «tuya qilingan» bu pullar elektron kalitdan foydalangan holda chiqarib yuborilgan. Eng achinarlisi, olib borilgan tergov-surishtiruv harakatlari davomida har ikki mansabdor bu holatni takroran sodir etishgani aniqlandi. 2018-2020-yillarda ham tumandagi umumta’lim muassasalar xodimlarining ish haqlari hisobidan 108 ta holatda  talon-tarojlikka yo‘l qo‘yishgani oshkor bo‘ldi. Bunda 122.779.600 ming so‘m mablag‘larning sarflanishini hujjatlarda go‘yoki xodimlarning kredit va kontrakt to‘lovlari uchun ko‘chirilgan sifatida ko‘rsatishgan. Aslida esa bu mablag‘larni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborishgan»,— deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshko‘ tumani sudi raisi Farrux Ikromov.

Sud raisining so‘ziga ko‘ra, har ikki holatda ham to‘lovlarni so‘ndirish uchun yo‘naltirilgan bu mablag‘lar keyinchalik xodimlarning ish haqlaridan ushlanmay qolib kelingan. Mablag‘lar R.E. hamda E.R.ning ta’lim tizimida mutlaqo tegishli bo‘lmagan o‘z yaqin qarindoshlarining kredit qarzdorliklarini so‘ndirish uchun noqonuniy ravishda ko‘chirib yuborilgan bo‘lgan.

Mansab mavqeini suiiste’mol qilib, o‘zgalarning ko‘p miqdordagi mulkini takroran o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlikda ifodalangan jinoiy harakatlarni sodir etgan har ikki lavozim egasi o‘z aybiga to‘la iqror bo‘lgan. Qilmishidan pushaymondaligini bildirgan aybdorlar tomonidan davlad budjetiga yetkazilgan zarar to‘liq qoplab berilgan.

«Birining 6 nafar, ikkinchisining 4 nafar farzandi bo‘la turib, o‘zgalarning haqini talon-taroj qilishdan ikkilanmagan shaxslarga nisbatan sud hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilishga qaratilgan 167-moddasi, 2-qismi qo‘llanildi.  Ushbu modda bilan ularga uch yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi»,— dedi sud raisi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring