Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda poliklinika hamshirasi SEOM xodimi tomonidan kaltaklandi (video)

Buxoroda poliklinika hamshirasi SEOM xodimi tomonidan kaltaklandi (video)

Skrinshot

Buxoro shahar Sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimi hamshiraga qo‘l ko‘tardi. Bu haqda «Xabar.uz»ga xabar bergan viloyat IIB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, kaltak yegan hamshira ishi bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlangan.

Ma’lum qilinishicha, Buxoro qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ulgurji sotish bozorining kirish joyida o‘rnatilgan dezinfeksiya tunneliga fuqarolarning tana haroratini o‘lchash uchun 21 yoshli hamshira xizmatga jalb qilingan. Buxoro shahridagi 11-sonli oilaviy poliklinika hamshirasi bo‘lgan N.P. 2020-yil 10-iyul kuni soat 12:30 da kun juda issiq bo‘lgani uchun o‘sha yerdagi qorovulxonada qisqa daqiqalarga salqinlagan.

Oradan to‘rt-besh daqiqa o‘tgach, yana o‘z joyiga qaytgan hamshiraga Buxoro shahar Sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimi, 34 yoshli ayol M.A. tanbeh bergan. Ular o‘rtasida nizoli holat yuzaga kelgan. Bundan jahli chiqqan M.A. hamshiraning yuz qismiga qo‘li bilan bir necha marta urgan.

Mazkur bozorda xizmat olib borayotgan IIB hamda Milliy gvardiya xodimlari nizoli vaziyatni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha tushuntirish berayotgan vaqtida hamshiraning sog‘lig‘i yomonlashgan va hushdan ketib, yiqilgan. Unga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

«Poliklinikamizda ishlovchi hamshiraning onasi qizi homilador bo‘lganligini, kaltak yeb, hushidan ketgan qizining homilasi tushganligini aytmoqda. Ammo, hamshiraning homiladorligi haqida bizda aniq ma’lumot yo‘q. Bu gapning qay darajada to‘g‘riligi ekspertiza xulosasidan so‘ng ma’lum bo‘ladi», — dedi Buxoro shahar tibbiyot birlashmasi qoshidagi markaziy poliklinika mudiri Ixtiyor Jumaqulov.

Hamshira hushiga kelgach, ikki ayol ham surishtiruv ishlari olib borish uchun Buxoro shahar IIO FMB 3-son IIBga olib borilgan.

Ayni paytda sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan, holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib bormoqda.

Laylo Hayitova

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring