Buxoroda o‘quvchi qiz va o‘qituvchi o‘rtasida janjal yuzaga keldi
Buxoroda o‘qituvchi va o‘quvchi qiz o‘rtasida yuzaga kelgan janjal videosi ijtimoiy tarmoqlarga tarqaldi. «Xabar.uz» muxbiri Romitan tumanidagi 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi chet tili o‘qituvchisi hamda 11-sinf o‘quvchi qizi o‘rtasidagi janjal sababiga qiziqdi.
Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Iroda Oripovaning bildirishicha, joriy yilning 18 noyabr kuni chet tili fani o‘qituvchisi zamonaviy texnik jihozlardan foydalangan holda dars jarayonlarini olib borgan. Ehtiyotsizlik tufayli texnik jihoz ag‘anab tushgan va unga jiddiy ziyon yetgan. Shu orada o‘quvchi qiz M.A. sinfda tinchlikni saqlash o‘rnida o‘qituvchining asabini qo‘zitadigan hatti-harakatda bo‘lgan. O‘qituvchi o‘quvchini tartibga chaqirgan. Tanbehlarga qaramay, o‘quvchi qiz o‘qituvchiga gap qaytarishdan to‘xtamagan.
Ma’lum bo‘lishicha, bundan jahllangan o‘qituvchi o‘quvchi qizni darsdan chiqib ketishini talab qilgan. O‘quvchi qiz yana qaysarlikda davom etavergach, o‘qituvchi uning qo‘lidan ushlab, sinfdan chiqib ketishga undagan. Xuddi shu paytda o‘quvchi qiz o‘qituvchiga qarshilik ko‘rsatgan va tortishuv janjalga aylanib ketgan.
«Sinfdagi boshqa qizlar janjalning oldini olish uchun o‘quvchi qiz va o‘qituvchini bir-biridan ajratayotgan vaqtda sinf yigitlari holatni tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborishgan. Shundan so‘ng, holatga aniqlik kiritish maqsadida Romitan tumani hokimligi, tuman Ichki ishlar bo‘limi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi xodimlari ishtirokida joyida borib o‘rganishlar olib borildi», — dedi Romitan tumani hokimi matbuot xizmati rahbari Islom Sattorov.
Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Farrux Qurbonovning so‘ziga ko‘ra, chet tili fani o‘qituvchisi asli Buxoro tumanidan bo‘lib, Romitan tumanining chekka mahallasi – Marziya mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga qatnagan holda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bo‘lgan.
«Maktabning «Odob-axloq qoidalari»ga rioya qilmagan bitiruvchi sinf o‘quvchisi va o‘z vazifasini bajarishda qo‘pollikka yo‘l qo‘ygan o‘qituvchining hatti-harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda»,—dedi Farrux Qurbonov.
Mavzuga qaytamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter