Buxoroda er xotinini tayoq bilan urib o‘ldirib qo‘ydi
Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanidagi Mirzaqal’a mahallasida qotillik sodir etildi. Bunda er xotinini tayoq bilan urib o‘ldirdi, deya «Xabar.uz»ga ma’lum qilmoqda mahalla fuqarolaridan biri.
Ma’lum bo‘lishicha, qotillik joriy yilning 14 iyul kuni sodir etilgan. Mirzaqal’a mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shavkat Karimovning so‘ziga ko‘ra, ushbu oila notinch oilalar ro‘yxatida turgan.
«Bu er-xotin yaqin qarindosh bo‘lishgan. Salkam 20 yillik nikohda yashab kelgan juftlik o‘rtasida uch nafar farzand bor. Bolalarning kattasi va kenjasi nogiron bo‘lib, ular uyda ta’lim olib kelishgan. Faqatgina o‘rtancha farzand sog‘lom va joriy yilda maktabni bitirdi. Oilada doimiy urush, janjal, kelishmovchilik. Shunda ham doimiy nazoratimizda bo‘lgan. Afsuski, bu janjallar oxiri qotillik bilan yakun topdi»,— deydi mahalla raisi.
Shavkat Karimovning so‘ziga ko‘ra, bundan bir yilcha oldin marhuma X.Sh. oilaviy og‘ir sharoit tufayli turmush o‘rtog‘i B.B.dan so‘roqsiz holda shu oilaga tegishli bo‘lgan bir bosh qoramolni sotgan va pullarni bolalari va ro‘zg‘or tashvishlariga sarflab yuborgan. Shu bois, er xotini va farzandlarini tashlab, o‘z akasining xonadonida yashab kelgan.
«Bir-birlaridan alohida yashab kelishsa ham o‘rtalaridagi janjallari yanayam kuchaygan edi. Mahalla oqsoqollari ham, faollar ham juda ko‘p pand-nasihat qilishgan, maslahat berib kelishdi. Har qancha urinish bo‘lmasin, baribir, oilada xotirjamlik yo‘q edi», — so‘zida davom etadi mahalla raisi.
Holatga ko‘ra, fuqaro B.B. turmush o‘rtog‘i X.Sh. bilan har doimgidek farzandlari ko‘z oldida qattiq tortishuvga borgan. Xotinini haqorat qilgan, so‘kkan va kamsitgan. Xo‘rlikka chiday olmagan X.Sh. hovli yuzida bo‘lgan tayoq bilan eri B.B.ning orqa tomonidan urgan. Jahllangan B.B. xotinining qo‘lidan tayoqni yulqib olib, uning bosh orqa qismiga zarb bilan tushirgan. X.Sh. bolalari ko‘zi o‘ngida voqea joyida vafot etgan.
«Fuqaro B.B.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish), 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ushbu jinoyat bilan ayblanganlar o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ayni paytda holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda», — dedi viloyat IIB mas’ul xodimi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter