Anhordan 17 yoshli qizning murdasi ko‘zi bog‘langan holda topildi
12-may kuni Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani Do‘stlik mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi anhordan 17 yosh qizning jasadi topilgan. Qiz Past Darg‘om tuman Chandir qishlog‘ida istiqomat qilib, shu tumandagi 45-maktabning 10-sinf o‘quvchisi bo‘lgan.
«Kun.uz» yozishicha, marhumaning yaqinlari farzandi qotillik qurboni bo‘lganini bildirgan.
«11-may kuni qizim oilaviy ro‘za tutishimiz uchun saharlik tayyorlashga uyg‘onib, birozdan so‘ng yo‘qolib qoldi. Biz buni payqaganimizda soat besh bo‘lib qolgan edi. Tezda izlashni boshladik. IIB va qarindoshlarga xabar berdik. Ko‘p o‘tmay qishlog‘imizdagi anhor yaqinidan uning qo‘l telefoni va oyoq kiyimi topildi.
12-may kuni ertalab tongi soat 5 lar atrofida qizimning jasadini anhordan ko‘zi bog‘langan holda topdik. Topilgan vaqtda uning yuzida jarohatlar, burni ustida tirnoq izlari bor edi.
Biz o‘zimiz ko‘rgan jarohatlar, keyinroq topilgan guvohning so‘zlaridan kelib chiqib, qizimizni to‘rt nafar odam avval nomusiga tegib, keyin o‘ldirgan degan gumondamiz. Buni gumonlanuvchilarning o‘zlari ham tan olishgan», – deydi marhumaning otasi Rahmatulla Suyarov.
Marhumaning yaqinlariga ko‘ra, qiz yo‘qolgan kuni tong saharda uning qo‘lida bo‘lgan telefonga begona raqamdan javobsiz qo‘ng‘iroq bo‘lgan.
«Raqam egasini topdik. Shu qishloqda yashovchi yigit H.O. ekan. U nima sababdan qo‘ng‘iroq qilganini aytib berdi. Unga ko‘ra, H.O. 11-may kuni tong saharda to‘rt nafar bolaning qizimizni quvayotganini ko‘rgan. Ularni insofga chaqirgan, keyinroq ulardan ikki nafari H.O.ning qo‘lidagi telefondan qizga qo‘ng‘iroq qilgan», – deydi qizning yaqinlari.
Samarqand viloyat prokuraturasining huquqiy axborot va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi mas’ul xodimiga ko‘ra, dastlabki ma’lumotlarga asosan mazkur holatda qotillik sodir bo‘lmagani va qiz o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Prokuratura mas’ul xodimiga ko‘ra, holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan bo‘lib, uning natijasi ko‘p savollarga oydinlik kiritib beradi. Tez orada voqea yuzasidan rasmiy ma’lumot berilishi aytilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter