Afg‘onistondagi qurolli hujumda o‘zbekistonlik temiryo‘lchi jarohatlandi
Afg‘onistonning Balx viloyatida «So‘g‘diyona trans» korxonasi vakillariga uyushtirilgan qurolli hujum bo‘yicha tarqalgan xabarlarga «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati aniqlik kiritdi.
«Korxona ishchi-xodimlarini ish joyiga olib ketish uchun kelgan korxona koordinatsiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, xaydovchi va Afg‘oniston ichki ishlar vazirligining temir yo‘lni qo‘riqlash batalyoni askari Xayraton ishchilar yashash bazasidan chiqishgan.
Shundan so‘ng temir yo‘lning taxminan 43 kilometri yaqinida ularga noma’lum shaxslar tomonidan qurolli hujum uyushtirilgan.
Hujum natijasida korxona koordinatsiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari jarohat olgan, ikki nafar Afg‘oniston fuqarosi (Ichki ishlar vazirligining temir yo‘lni qo‘riqlash batalioni askari va bir nafar hujum qilgan noma’lum shaxs) halok bo‘lgan.
Jarohat olgan korxona koordinatsiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari korxonaga tegishli avtomashinada Termiz shahridagi kasalxonaga yetkazilgan.
21 avgust soat 7:00 dan Hayraton stansiyasi o‘z ishini davom ettirish uchun ochildi. Mozori-Sharif va Naibobod stansiyalarida ochilishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz voqea oqibatida O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lmagan», deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter