O‘tkir Hoshimov hangomalari
Ba’zilar shoir yoki yozuvchi deganda o‘ta jiddiy, hatto qovog‘idan qor yog‘adigan odamni tushunadi. Aslida unday emas, iste’dodli ijodkorlarning deyarli hammasi hajvga, hazil-mutoyibaga boy bo‘ladi. Biz – ijod ahli ham boshqalar kabi biri-birimizga hazil qilamiz, beozor «shumliklar» o‘ylab topamiz. Mana, o‘shalardan bir shingili.
«ShPANA»
Universitetni yangi bitirgan kezlarim edi. «Odamlar nima derkin» degan qissam kitob bo‘lib chiqdi...
Ozod Sharafiddinov, Subutoy Dolimov, Umarali Normatov, namanganlik qadrdonimiz, shoir va olim Nuriddin Boboxo‘jayev, bir-ikki mezbonlar bilan Sarichelek qo‘riqxonasiga bordik. Tog‘ ustidagi ko‘l bo‘yida yotib dam oldik. Kun bo‘yi cho‘milamiz, osh-ovqatni o‘zimiz qilamiz. Butun olamdan ajralib, bir hafta radio eshitmaslikka, soqol olmaslikka, xullas «yovvoyi» bo‘lib yurishga qaror qilganmiz...
O‘n kunlardan keyin yuk mashinasida tog‘dan qaytib tushdik. Soch-soqollar o‘sgan, kiyimlar aftodahol.
Yangiqo‘rg‘on markazida to‘xtab tamaddi qiladigan bo‘ldik. Yo‘l-yo‘lakay allaqanday magazinga kirdik. Chiroyli qiz peshtaxta ortida kitob o‘qib o‘tirgan ekan. Ozod aka odatdagi «qitmirlik» bilan so‘radi:
– Singlim, nima kitob o‘qiyapsiz?
Qiz g‘ashi kelibroq boshini ko‘tardi. Indamay kitobning muqovasini ko‘rsatdi. Bu – mening kitobim edi. Yosh yozuvchi bunaqa paytda qanday ahvolga tushishini bilasiz. Xursandman. Nuqul iljayaman!
– Bunaqa bema’ni kitoblarni o‘qimang, – dedi Ozod aka «shumlik» qilib.
Qizning jahli chiqib ketdi.
– O‘zingiz bema’ni! Kitobni tushunmasangiz gapirib nima qilasiz!
Bizning og‘iz – quloqda.Ozod aka menga qarab kuldi.
– Ko‘rdingmi, muxlislaring ko‘payib qopti. – Keyin qizga tushuntirdi. – Qo‘lingizdagi kitobni mana shu bola yozgan. Bering, dastxat yozib beradi.
Qiz menga boshdan-oyoq qarab chiqdi-da, jahl bilan g‘ichirladi:
– E, yo‘qol, shpana!
Dovdirab qoldim. Qiyqiriq, kulgi...
Ayniqsa, keksa Subutoy domla tizzasiga urib-urib kuladi. Yo‘q, Ozod aka amallab qizni ishontirdi. Qo‘lidan kitobni olib, «Hurmatli falonchixonga...» deb endi dastxat yoza boshlaganimda ichkaridan bashang kiyingan, tilla tishli kishi chiqdi. (Magazin mudiri bo‘lsa kerak.)
– Xo‘sh, nima shovqin? – dedi qovog‘ini solib.
Ozod aka nima gapligini tushuntirdi. Mudir hammamizga bir-bir qarab chiqdi-da mendan so‘radi:
– Hujjating bormi?
– Obke pasportingni! – dedi Ozod aka jahli chiqqan bo‘lib.
Mashina kabinasida qolgan pasportimni olib kelishga majbur bo‘ldim. Mudir avval pasportga, keyin menga, undan keyin kitob muqovasiga qaradi. Uzoq o‘ylanib qoldi.
– Familiyasi o‘xshaydi, – dedi salmoqlanib, – surati ham o‘ziga o‘xshaydi, ammo ko‘rinishi yozuvchiga o‘xshamaydi.
– Ana! – Subutoy domla tantana bilan ko‘rsatkich barmog‘ini osmonga bigiz qildi. – Ana! Odam tanishni bilarkansan-ku, o‘g‘lim. Yozgan dastxatini ko‘rgin! Yozuvchiyam shunaqa xunuk yozadimi? Aftini qara, aftini! Toshkanning xuligani-ku bu! Ha, qizim-a, sodda qizim-a! Shuning gapiga ishondingmi?!
Sotuvchi qiz jahl bilan men dastxat yozgan varaqni yirtdi-da, g‘ijimlab yerga uloqtirdi...
«HOJATBARORLIK»
Bulung‘urga ketayotgandik, yo‘lda mashina buzilib qoldi. Amallab yetib borguncha alla-pallaga qolib ketdik. Qorin – piyozning po‘sti. Asablar tarang...
Uy sohibi dasturxon bezatib qo‘ygan ekan. Bir piyola choy ichdikmi-yo‘qmi, mezbon hasrat qilib qoldi.
– Necha yildan beri she’r yozaman, chiqarishning iloji yo‘q. Gazeta-jurnallarda tanish-bilishchilik...
– Mana, she’r chiqaradigan odam! – Abdug‘afur Rasulov meni ko‘rsatdi. – Opkeling she’rlaringizni. Hozir opkeling!
Mezbon ham shuni kutib turgan ekanmi, bir papka she’r qo‘ltiqlab kirdi. Papkani ochib, o‘qishga shaylangan edi, Abdug‘afur aka maslahat berdi:
– Siz o‘qib ovora bo‘lib o‘tirasizmi? O‘tkirjonning o‘zi o‘qiydi. Ichidan tanlab-tanlab olaveradi.
Papka mening qo‘limga o‘tdi. Biri-biridan xarob she’rlarni pichirlab o‘qiyapman-u, o‘g‘rincha Abdug‘afur akaga qarab qo‘yaman. U kishi nonu angur qilib, oltindek uzumni urib yotibdi. Oxiri chidolmadim. Bir burda non kavshab, uzumga qo‘l cho‘zgan edim, Abdug‘afur aka dashnom berdi.
– She’r deganni ovoz chiqarib o‘qiydi-da. Biz ham eshitaylik bundoq!
Ovoz chiqarib o‘qishga majbur bo‘ldim. Har safar mezbon «qalay, domla, zo‘rmi?» deb qo‘yadi. «She’ringiz ikki pulga qimmat», dey desam, dasturxonida o‘tiribman. Ustiga-ustak qorin haligiday. Abdug‘afur Rasulov esa nuqul olqishlaydi.
– Zo‘r ham gapmi? – deydi qaymoqqa non botirib. – Kitob qilib chiqarish kerak. Hammasini O‘tkirjonning o‘zi eplaydi. Bu kishi hojatbaror odam.
Papkadagi she’rlarni o‘qib bo‘lgunimcha bir soatlar o‘tdi. Qaymoq tamom bo‘ldi, uzumning shingil-shapoqi qoldi.
Mezbon mastava olib kirdi. Bir qoshiq ichmasimdan Abdug‘afur aka tag‘in she’rlarni maqtashga tushdi.
– Shundoq zo‘r asarlarni bosishmadimi, a? Voy, nomardlar-yey! Yangilaridan bormi?
– E, bundan ham zo‘rlari bor! Olib kelaymi?
– Albatta-da!
Mezbon bu gal ikkita papka ko‘tarib kirdi. Mastavani maza qilib urayotgan Abdug‘afur Rasulov ora-chora menga dalda berib qo‘yadi.
– O‘qing, do‘stim, o‘qing! She’r deganni jaranglatib o‘qish kerak.
Osh ustida to‘rtinchi papka ochildi...
Ertasiga ertalab Bulung‘ur bozoriga kirdik. Ro‘paradan qovun ko‘tarib kelayotgan siyrak soqolli chol chiqib qoldi. Yo‘lini to‘sib salom berdim. Mol-holini, kampiri-yu nevara-chevaralarini surishtirdim.
– Xudoga shukr! – dedi chol jinday hayratlanib. – Qirq bitta nevara, o‘n sakkizta chevara bor. Sizni tanimayroq turibman, bolam.
– Hozir taniysiz-da! – dedim mehribonlik bilan. – Mabodo bir parcha qog‘ozingiz yo‘qmi, otaxon?
Otaxonda qog‘oz yo‘q ekan. Abdug‘afur Rasulovdan qarz olishga to‘g‘ri keldi. Qog‘ozga Abdug‘afur akaning ismi-sharifini, turar joyini, ishxonasini, telefon raqamini batafsil yozdim.– Shu qog‘ozni ehtiyot qiling, xo‘pmi, otaxon? – dedim cholga uzatib. – Kerakli odamning adresi yozilgan.
Chol nima gapligini anglamay turgan edi, so‘radim:
– Mabodo institutga kirishni niyat qilgan nevaralaringiz bormi?
– Bor! – dedi chol jonlanib. – Bir emas, to‘rttasi bor. Bultur ham ikkitasi Toshkentga o‘qishga kiraman deb borib, qaytib kelgandi.
– Mana bu odam, – dedim Abdug‘afur akani ko‘rsatib, – Toshkentdagi eng katta institutning eng katta domlasi Abdug‘afur Rasulov bo‘ladilar. Oltita nevarangizning hammasini yuboravering. O‘qishga joylab qo‘yadilar: bu kishi – hojatbaror odam.
Chol quvonib ketdi. Manzil yozilgan qog‘ozni hafsala bilan belbog‘iga qistirdi.
– Iye, sizlarni Xudo yetkazdi-ku, – deb azza-bazza qovunni yerga qo‘ydi, ikki qo‘lini ochgancha duo qila boshladi. – U dunyo-bu dunyo yomonlik ko‘rmagin, bolam! Nevaralarimni o‘qishga kirgizib qo‘ysang, har kuni besh mahal namoz ustida duo qilaman. Yaxshiliging mendan qaytmasa, bola-chaqangdan qaytsin. Bola-chaqangdan qaytmasa, Xudodan qaytsin...
Chol duoning eng quyuq joyiga kelganda to‘satdan ko‘zi olazarak bo‘lib qoldi.
– Iya, ha, qayoqqa? – dedi hayron bo‘lib.
Abdug‘afur aka o‘zini olomon orasiga urdi-yu, bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
«MEHRIBON» ShOGIRD
Yozda Ozod Sharafiddinov bilan Farg‘onada dam oldik. To‘y mavsumi avjiga chiqqani uchunmi, Xudoning bergan kuni sahargi oshga taklif qilishadi. Xo‘roz qichqirmasdan turish malol keladi. Ammo aytilgan joyga bormaslik ham odobsizlik. Bir kuni Ozod aka ikkinchi qavatdan xushlamayroq tushdi.
– Cho‘rt poberi, kechasi bilan biqinim og‘rib chiqdi, – dedi nolib. – Davolanishga kelganmizmi, to‘yma-to‘y yurishgami?
Sanatoriy darvozasida, odatdagidek, mashina kutib turgan ekan. G‘izillatib olib ketishdi.
To‘yxonaga kirishimiz bilan «Umarali aka-a-a!» degan hayqiriq yangradi. So‘ritok tagida o‘tirgan naynov, saksovuldek chayir odam sapchib turib biz tomonga kelaverdi. Ertalabdan «otib» olgani ko‘rinib turibdi. Oyoqlari chalishib ketyapti. Ikki yuzi to‘yib mosh yegan xo‘rozning tojisidek qip-qizil. Yana bir marta «Umarala-aka-a-a!» dedi-da, Ozod akani dast ko‘tarib chirpirak qilib aylantira boshladi. Domlaning u yuzidan, bu yuzidan o‘paverib shilta qilib tashladi.
– Bormisiz, Umarali aka? Sog‘misiz, domlajon? Eshik-ellar tinchmi, domlajon? Nevaralar chopqillab yuribdimi, domlajon? Sog‘intirib yubordingiz-ku, domlajon!
O‘pgani ham bor bo‘lsin! Har «domlajon» deganida Ozod akani silkitib-silkitib qo‘yadi. Ozod aka «Men... Men» deydi-yu, «Umarali emasman», deyishga boyagi odam qo‘ymaydi. Domla «kechasi bilan biqinim og‘rib chiqdi», degani esimga tushib, achinib ketyapman.
Bir zumda Ozod aka boshigacha terlab, qizarib ketdi. Nuqul hansirab nafas oladi. Boyagi odam domlani yerga qo‘ydi-da, menga yuzlandi.
– Erkin aka-a-a! – dedi hayqirib. Kurash tushadigan polvonlardek qulochini keng yoyganicha tepamga bostirib kelaverdi. Qarasam, qovurg‘amni dazmollab tashlaydigan! Shosha-pisha, o‘zimni odamlar orasiga urdim.
Domla ikkalamizni alohida xonaga olib kirdi. Ozod aka hamon hansirab nafas olar, paydar-pay ro‘molcha bilan yuzini artar edi.
– Boyagi odam kim? – dedim non ushatayotib.
Domla eshitmadimi, javob bermadi.
– Kim haligi odam? – dedim choy quyib. Domla bir chimirildi-yu, tag‘in indamadi. Harqalay, o‘sha «mehribon shogird» kimligini judayam bilgim kelardi.
– Domla, – dedim, – boyagi odam o‘zimizda o‘qiganmi?
Ozod aka bazo‘r chidab o‘tirgan ekanmi, birdan portladi.
– Hoy! – dedi qo‘lini paxsa qilib. – Qanaqa ezma odamsiz? Jimgina o‘tira olasizmi, yo‘qmi? Bilmayman! Eshitdingizmi? Tanimayman! Umuman tanishni ham xohlamayman! O‘z holimga qo‘yasizmi-yo‘qmi?
Damim ichimga tushib ketdi. Tashqari chiqqanimizda «shumligim» tutdi. Ozod akaning qulog‘iga sekin shipshidim.
– Umarali aka! Anovi shogirdingiz yana kelyapti. Xayrlashmoqchi shekilli.
Ozod aka alang-jalang qaradi-da, o‘zini mashinaga urdi.
– Haydang, – dedi eshikni yopib. – Haydang, cho‘rt poberi! Tezroq ketaylik shu yerdan.
«XITOYChA USUL»
Toqqa, Azim Suyunning qishlog‘iga borgandik. Ko‘pchilik edik. Mehmonlarni bir xonadonga olib kirishdi. Dasturxon to‘kin. Buni qarangki, boshqa noz-ne’matlar qatori bir piyola asal ham bor ekan. Hammaning ko‘zi o‘sha piyolada.
– Toza asalga o‘xshaydi, – dedi mehmonlardan biri. – Hididan sezilib turibdi.
– Tog‘ning asali zo‘r bo‘ladi-da, – dedi ikkinchisi.
– Hozir tog‘da ham toza asal qolmagan, – dedi yana biri.
Gap aylanib asalning toza-notozaligini aniqlashga kelib taqaldi. Birov «qoshiqning uchiga ilib cho‘zib ko‘rish kerak, agar bir quloch ko‘tarilganda ham asal uzilib qolmay ipdek tushaversa, toza bo‘ladi», dedi. Yana kimdir choyga solib ko‘rishni maslahat berdi. Tag‘in kimdir asalni kaftga surib, ruchka bilan chizishni taklif qildi. Indamay tursak, asal xomtalash bo‘ladigan.
Erkin Vohidov menga qarab qo‘ydi-da, so‘radi:
– Asalni sinashning xitoycha usulini eshitgansiz-a?
Hech qanaqa «xitoycha usul»ni bilmasam ham, bir «shumlik» boshlanayotganini sezib, darrov tasdiqladim:
– Eshitganman! Eng qulay usul shu!
– Undan tashqari zamonamiz ruhiga ham mos keladi, – dedi Erkin Vohidov. – Haqiqiy demokratik usul.
Hamma «xitoycha usul»ga qizi»ib qoldi.
– Aytsam o‘rganib olasizlar-da, – dedi Erkin Vohidov sirli qilib.
Davradagilar yalinishga tushdi.
– Bo‘lmasa gap bundoq, – dedi Erkin aka. – Hozir oramizdan bitta odamni «asal sinovchi» qilib saylaymiz. Kim eng ko‘p ovoz olsa, «sinovchi» o‘sha bo‘ladi. «Sinovchi» piyoladagi asalni bir ko‘tarishda oxirigacha simiradi. Soatga qarab turamiz. Agar yarim soatdan keyin og‘iz-burnidan varaq-varaq qon kelib o‘lib qolsa, bundan chiqdi, asal – toza asal bo‘ladi. Qani, o‘zining nomzodini qo‘yadigan odam qo‘lini ko‘tarsin!
Bittayam «nomzod» topilmadi.
– Nachora, – dedi Erkin Vohidov mushkul muammo qarshisida qolgan odamdek chuqur o‘yga tolib. – «Do‘sting uchun asal yut», degan gap bor. Keling, do‘stlar uchun qurbon bo‘lsak, bo‘pmiz-da!
«Jasorat» ko‘rsatib, ikkovlashib piyolani bo‘shatdik. Xayriyat, asal «zo‘r emas» ekan, yomon ta’sir qilgani yo‘q.
«PAMILDORI» OPERATsIYaSI
O‘g‘limning to‘yi kuni saharlab darvoza oldida mashina to‘xtadi. Chiqsam, Ozod Sharafiddinov «Volga»ning chap eshigini ochib rulda o‘tiribdi.
– Dachadan kelyapman, – dedi domla. – Qani, darrov kapotni oching.
Yukxonani ochsam, ikki paqir pamildori turibdi.
– O‘z qo‘lim bilan terdim, – dedi Ozod aka tantanali ohangda. – Idishlarni tez bo‘shating-da, qog‘oz-qalam olib chiqing.
Qog‘oz olib chiqqan edim, buyurdi:
– Yozing! «Tilxat. Menkim, ushbu hujjatga imzo chekuvchi falonchi pistonchiyev shuni e’tirof etamanki, Ozod Sharafiddinov to‘yimizni jamiki sabzavot mahsulotlari bilan to‘la ta’minladi». Yozdingizmi? Endi qo‘l qo‘ying!
Tabiiyki, bu gap o‘sha zahoti to‘yxonaga tarqaldi. «Pamildori» operatsiyasi pishitib qo‘yildi. Ertalabki osh dasturxoniga pamildori ham tortildi. Domla yonimda turgan edi, mahalla oqsoqollaridan biri kelib, u kishi bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishdi.
– O‘g‘lim, – dedi menga qarab, – oshing yaxshi bo‘pti-yu, ammo pamildorisi, ayniqsa, zo‘r ekan-da! Ekkanning qo‘li dard ko‘rmasin!
Ozod aka mamnun tomoq qirib qo‘ydi.
Zum o‘tmay ikkinchi odam keldi.
– Iloyo yoshlar baxtli bo‘lsin! – dedi qiroat bilan. – Dasturxon xo‘-o‘-o‘p to‘kin bo‘pti-da, ukam. Rahmat! Ayniqsa, pamildorini aytgin! Asal-a, asal! Ishonsang, men osh yeganim yo‘q, nuqul pamildori yedim!
Ozod aka kamtarona yerga qarab turibdi. Qarindoshlardan biri pamildorini maqtab-maqtab, jinday tanqid qilib ham o‘tdi.
– Pamildori xo‘p yaxshi pishibdi-yu, sal maydaroq ekanmi? Olxo‘ri deb o‘ylabman.
Shu payt Erkin Vohidov kelib qoldi.
– O‘tkirjon! – dedi gapni uzoqdan boshlab. – Yozda to‘y qilishning shunisi yaxshi-da. Qovun-tarvuz mo‘l, meva-cheva ko‘p... Manovi olchaning chiroyli pishganini qarang, deb, to‘rttaginasini kaftimga olib yeb ko‘rsam, danagi yo‘q! Qarasam, pamildori ekan! Qayoqdan topdingiz bunaqasini?
Zimdan qarasam, Ozod akaning qovog‘i tushib ketyapti.
Said Ahmad aka uzoqdan meni koyib kelaverdi.
– Sen yaramasga qachon aql kiradi-a? Yangilik yarataman deb, har baloni o‘ylab topaverasanmi? Osh dasturxoniga ituzum qo‘yish qayoqdan chiqdi! Qayoqqa qarasa talinka-talinka ituzum!
Ozod aka bunisiga chiday olmadi.
– Cho‘rt poberi! – dedi qo‘l siltab. – Men to‘yga pamildori emas, tariq obkelganman. Bo‘ldimi? Qutuldimmi endi?!
«TO‘YaNA» OPERATsIYaSI
O‘zim ham bir emas, bir necha marta «shumlik» «qurboni» bo‘lganman.
Erkin Vohidov qizini uzatayotganda ertalab yurtga osh berdi. Borsam, darvoza yonidagi o‘rik tagida Said Ahmad aka, Ozod Sharafiddinov, Nosir Fozilov, Ne’mat Aminov, Umarali Normatov, yana allaqancha odam keldi-ketdiga qo‘l qovushtirib turishibdi. Erkin aka bilan quchoqlashib ko‘rishdik. Tabrikladim. Kissasiga to‘yona solib, men ham boyagi qatorga borib turdim. Kechqurungi ziyofatga borsam, Erkin aka sovuqroq qarshi oldi.
– Ertalab ko‘rinmadingizmi? – dedi ginaxonlik qilib.
– Keldim-ku! – dedim hayron bo‘lib.
– Kelsangiz ko‘rardim. Bilaman, siz vaqtli turishni yoqtirmaysiz. – Erkin aka hovliga imo qildi. – Kiravering, hammalari o‘tirishibdi.
Chindan ham ertalabki oshda qo‘l qovushtirib turganlar davra qurib o‘tirgan ekan. Hatto Said Ahmad aka menga joy ham olib qo‘yibdi.
– Ha, xomush ko‘rinasan? – dedi oqsoqol aftimga tikilib.
– Yo‘q, o‘zim... – deb ming‘irlashim bilan yonimizga Erkin aka keldi.
– Ertalab O‘tkirjonning o‘rni juda bilindi-da,– dedi bosh chayqab.
– Keldim-ku, axir! – dedim battar hayratlanib. – O‘rik tagida ko‘rishdik-ku!
– Qanaqa o‘rik? – Erkin aka yelkasini qisib qo‘ydi-da, nari ketdi.
– Rostdan ham keluvdingmi? – dedi Said Ahmad aka.
– Iye, o‘zingiz bilan ko‘rishdik-ku! – najot kutgandek Ne’mat Aminovga qaradim. – Ne’mat aka ham bor edi.
Ne’mat Aminov gapimni eshitmadimi, choy quydi.
– Qani dasturxonga qarang, jigarim!
– Siz bilan ancha gaplashib turdik, – dedim Said Ahmad akaga.
– Menda galava qoptimi! Kelgan bo‘lsang kelgandirsan, kelmagan bo‘lsang kelmagandirsan. – Said Ahmad aka ham dasturxonga undadi. – Ol, manovi go‘sht yaxshi pishibdi.
Tomoqdan ovqat o‘tsa qani!
Said Ahmad aka ko‘nglimdagini sezgandek, nasihat qildi:
– Erkin bilan qil o‘tmas do‘stsan. Ko‘p muxlislar Erkin Hoshimov bilan O‘tkir Vohidovni adashtirib yuradi. Erta-indin sen ham qiz chiqarasan, o‘g‘il uylantirasan. To‘yana-po‘yana berdingmi?
– Berdim! – dedim jonlanib. – O‘rik tagida...
– Qanaqa qilib beruvding?
Xunobim oshdi.
– Qanaqa bo‘lardi, cho‘ntagiga solib qo‘ydim.
– Kallang gavdangdan katta-yu, bir otim noscha aqling yo‘q! – dedi Said Ahmad aka koyib. – Birinchidan, to‘yana degani cho‘ntakka solinmaydi, kaftga bosiladi! Ikkinchidan, guvoh oldida beriladi. Pulni konvertga solib, ustiga «falonchidan pistonchiga», deb yozib qo‘yiladi... Erkin sening to‘yanangga zormas-ku, baribir ko‘ngliga kelgan-da! Ming yillik qadrdon bo‘lsalaring! – Birpas o‘ylab turdi-da, jo‘yali maslahat berdi. – Endi... Bitta yo‘li bor... Boshqatdan to‘yana berasan. Puling bormi?
Noiloj cho‘ntagimni kavlab, besh so‘mlik, o‘n so‘mliklarni sanay boshladim.
– E, yamoqchiga o‘xshamay har nima bo‘l! – dedi oqsoqol jerkib. – Yirikroq puling bormi, Nosir?
Nosir Fozilov qovog‘ini solib to‘ng‘illadi:
– Nima, men kassirmanmi?
– Senda-chi, Ne’mat, yirik pul bormi?
– Maydasiyam yo‘q! – dedi Ne’mat Aminov keskin bosh chayqab.
– Senlarning g‘amingni doim men yeyishim kerak! – Said Ahmad aka kissasidan ikkita yuz so‘mlik chiqardi. – Eshitib qo‘y, – dedi pisanda qilib. – Ertaga ertalab rovna soat sakkizda boqqa oborib berasan. Ham qarz berib, ham ketidan yugurib yurmayman!
Bundan chiqdi ertalab Qibrayga g‘irillashim kerak.
Said Ahmad aka allaqayerdan bir varaq qog‘oz topdi. Pulni qog‘ozga o‘rab, ustiga «Erkin akaga O‘tkirdan 200 so‘m», deb yozdi. «200 so‘m» degan so‘zning tagiga yo‘g‘on qilib chizdi. (U paytda bu – ancha katta pul edi.)
– Ma, ushla! – dedi o‘rnidan turib. – To‘yana berishning qoidasini o‘rganib qo‘y, okanginang aylansin! Biz to‘yana beraverib-beraverib shilinib ketganmiz! Yur, birga boramiz.
Noiloj oqsoqolning ketidan ergashdim. Yo‘lakda turgan Erkin akaning oldiga bordik.
– Quchoqlashib ko‘rish! – dedi oqsoqol yelkamga nuqib. Odamlarni hayron qoldirib, Erkin aka bilan qaytadan quchoqlashdik. Qog‘ozga o‘rog‘liq to‘yanani kaftiga bosdim. Erkin aka «qo‘ying, shart emas», dedi-yu pulni kissasiga solib qo‘ydi.
Mashinadan xabar olish bahonasida ko‘chaga chiqdim. Qay ko‘z bilan ko‘rayki, ertalab kelganimga, to‘yanaga «guvoh bo‘lgan» o‘rik yo‘q! Yo‘q, vassalom! To‘g‘risi, o‘zimdan o‘zim shubhalanib qoldim. Barvaqt turishni yoqtirmasligim rost! Ertalab Erkin akanikiga keldimmi o‘zi? Yo uyqusirab boshqa joyga bordimmi?
– Qayoqda yuribsan? – dedi Said Ahmad aka yonimga kelib o‘tirishim bilan.
– O‘zim... – dedim bo‘shashib.
– To‘yanadan qutulding! – Oqsoqol dalda berdi. – Endi odamga o‘xshab ochilib-yozilib o‘tir. Ammo bir narsani aytib qo‘yay! Mening pulim – urg‘ochi pul, yaqinda bankka oborib qochirib keluvdim, oy-kuni yaqin edi. Ertaga bolasini qo‘shib oborasan, 50 so‘m!
Obbo! Endi bunisi qoluvdi.
– Bolasini Erkin Vohidovdan olasiz! – dedim ensam qotib.
Shu gapning ustiga Erkin aka kelib qoldi.
– Sodda bo‘lmay qoling! – dedi kulib. – Ertalab to‘yana beruvdingiz-ku. Oling pulingizni, – shunday deb, qog‘ozga o‘ralgan boyagi pulni cho‘ntagimga solib qo‘ydi.
– O‘rik-chi? – dedim talmovsirab.
Davrada shunaqangi qahqaha portladiki, qo‘shiq aytayotgan hofizdan tortib hovlidagi mehmonlarning hammasi baravar shu tomonga qarashdi. Mening ahvolim xo‘p «tomoshabop» bo‘lsa kerak. Ne’mat aka «xe-xe»laydi. Nosir aka «hu-hu»laydi, Erkin aka yoshlanib ketgan ko‘zini artadi...
Ma’lum bo‘lishicha, ertalab men ketganimdan keyin, «to‘yana» operatsiyasi pishitilibdi. Darvoza oldidagi o‘rikning katta shoxi qurib qolgan ekan, qariyalar qurigan daraxt bexosiyat bo‘ladi, deb tagi bilan arralab tashlashni maslahat berishibdi...
– Endi ko‘ngling joyiga tushdimi? – dedi Said Ahmad aka. – Qani, pulni cho‘z!
Endi mening «shumligim» tutdi.
– Qanaqa pul? – dedim pinagimni buzmay.
– Hazillashma! – Said Ahmad akaning peshanasi tirishib ketdi.
Parvo qilmay yeb-ichib o‘tiraverdim. Ora-chora ustozni dasturxonga undayman.
– Oling, oqsoqol, sho‘rva mazali bo‘pti!
Said Ahmad aka ovqatga ham qaramay qo‘ydi. Paydar-pay sigaret tutatadi...
Nihoyat bir chora o‘ylab topdi shekilli, qulog‘imga egildi.
– Eshityapsanmi? – dedi ovozini pasaytirib. – Chap cho‘ntagingda chaqaloq «inga»layapti, aytmovdimmi, pulimning oy-kuni yaqin, deb. Xayriyat-yey, omon-eson qutuldi, boyaqish! Mayli, «bolasi»ni senga berdim. 200 so‘mni qaytar!
– Manavi qiyma kabob yumshoqqina ekan, ustoz, – dedim mehribonlik bilan. – Ustiga piyoz sepib beraymi?
Said Ahmad aka yalinishga tushdi:
– Pul degan jigardan bo‘ladi, bolam. Unaqa sovuq hazil qilmagin, nastrayenam buzilib ketyapti. Hozir yig‘lab yuboraman.
– Men sizdan pul olganim yo‘q! – dedim ko‘zimni lo‘q qilib.
– Bermaysanmi? – Said Ahmad aka tahdid bilan o‘rnidan turdi. – Hozir anavi bolaning qo‘lidan mikrofonni olaman-da, bo‘lgan hangomani butun to‘yxonaga aytib beraman!
Qarasam, chindan ham o‘sha tomonga ketyapti. Pulini qaytarib berdim. Oqsoqol kissasiga urarkan, to‘ng‘illadi:
– Baribir «bolasi» sani bo‘yiningda! Ja bo‘lmasa, sudga berib, aliment qilib undirib olaman!
«ZIYoFAT» OPERATsIYaSI
Arzimagan bahonada ziyofat qilaman demasam, shu masalada Erkin Vohidovga maslahat solmasam, olam guliston edi. O‘ylab qarasam, birinchi hikoyam chiqqaniga qirq yil bo‘pti. Shuni do‘st-birodarlar bilan nishonlagim keldi.
– Iye, bu tarixiy voqea-ku! – dedi Erkin aka quvonib. – Bunaqa bayramni nishonlamasa gunoh bo‘ladi! Banketni qaysi restoranda qilmoqchisiz?
– Hayronman, – dedim ikkilanib. – Uyda yig‘ilib qo‘ya qolsakmikin...
– Juda to‘g‘ri! – dedi Erkin aka ma’qullab. – Ammo bir narsani oldindan aytib qo‘yay. Siz o‘zingizni ortiqcha urintirmang, xo‘pmi? Bir xillarga o‘xshab ikkita qo‘y so‘yish zarilmi? Bitta bo‘lsa yetadi! Judayam katta qo‘chqor bo‘lishiyam shartmas. Ha, boring, ana ellik kiloli bo‘laqolsin. Tog‘ ko‘katlarini yegan qora qo‘chqorning kabobi boshqacha bo‘ladi. Zomin tog‘imi, Nurotami, mayli-da...
Qo‘y so‘yish degan gap xayolimdayam yo‘q edi. Shuni aytay deb, endi og‘iz juftlagan edim, Erkin aka yanayam mehribonroq ohangda davom etdi.
– Siz qiynalmang, deyman-da! Ba’zilarga hayronman. Zakuska – ya’ni gazakka qazi-qarta, kurka go‘shti, kaklik go‘shti, tandir kabob, qoqlangan qizil baliq, nemis pishlog‘i, Gurjiston brinzasi, lik-lik xolodets, marinovka qilingan qo‘ziqorin, krivetka – bular-ku mayli, dasturxonning ko‘rki... Ustiga-ustak ikki xil ikra olishga balo bormi? Ham qora, ham qizil ikra! Siz bittasini oling, tamom. Uzoq Sharqning qizil ikrasi bor. Osetrina balig‘iniki. Har bittasi anor donasidek keladi. O‘shandan bittagina bankasini olasiz. Chiroyli tunuka banka. Besh kiloligi bor, uch kiloligi bor. Siz o‘zingizni qiynamang, uch kiloligidan olavering!
Ichimdan uzundan-uzoq xo‘rsiniq keldi. Gapiray desam ovozim chiqmaydi. Erkin aka shavq-zavq bilan davom etyapti:
– Xo‘-o‘sh, taom masalasi, ya’ni menyu. Ba’zan quda chaqiriqqa borasiz, banketga, yubileyga borasiz... Isrofgarchilikni ko‘rib, hayron qolasiz. Bir emas, o‘n besh xil ovqat tortadi-yey! Siz o‘n ikki xil ovqat qilsangiz kifoya. Birinchisiga bedana sho‘rva, Qo‘qonning «ko‘za sho‘rvasi». Keyin ho‘l norin, issiqqina hasip, somsa...
Aytmoqchi, somsa masalasi...
Odamlar allaqanday almoyi-aljoyi reklamalar o‘ylab topadi. Bir kuni ko‘chada ketayotsak, «Somsaning dodasi» deb yozib qo‘yibdi. Bunisi «somsaning dodasi» bo‘lsa, «onasi» qayoqda deb so‘raydigan odam yo‘q. O‘zimizning parmuda somsadan buyuravering. Siz qiynalmang, deyman-da! Shashlik, ya’ni kabob ikki xil bo‘lsa yetadi. Jazli kabob bilan qiyma kabob. Ja, ko‘nglingiz bo‘lmasa, dumba-jigar ham tortib qo‘ya qolarsiz. Undan keyin yangicha taom udum bo‘lgan. Arabcha qovurdoq degani. Besh oylik to‘qli-qo‘zichoqning miyon qovurg‘asidan qilinadi. Ustiga qaymoq solingan fransuz kotleti ham lazzatli taom...
Tabaka masalasi. «Bush oyog‘i» degan gapni eshitganmisiz? Hozirgi Bush emas, uning otasi prezident bo‘lgan zamonda amerikaliklar dori bilan boqilgan tovuq yeyaverib semirib ketgan. Borganingizda o‘zingiz ham ko‘rgan bo‘lishingiz kerak. Shuning uchun tabakani tovuqdan qilmang. O‘rmonchi Mansurxo‘jaga aytsangiz, o‘n-o‘n beshta qirg‘ovul ottirib qo‘yadi. Qirqovulning tabakasi boshqacha bo‘ladi...
Oxirida osh tortasiz. Asakaning Cho‘ntagidagi choyxonachidan iltimos qilsangiz, devziradan quling o‘rgilsin, osh damlaydi.
Og‘zim mashinasi o‘g‘irlab ketilgan garajning darvozasidek lang ochilib qolgan bo‘lsa kerak, Erkin aka ko‘zimga xavotirlanibroq tikildi.
– Yozib olyapsizmi? Esingizdan chiqmaydimi?
– Chiqmaydi, – dedim yig‘lamoqdan beri bo‘lib. – Bunaqa gaplarni unutib bo‘larkanmi? Ming rahmat sizga! Muncha mehribonsiz?!
– Siz qiynalmang deyman-da! Mehmonlar necha kishi o‘zi? O‘ntami? Bilasiz, men ichmayman. Ammo dasturxonda anavi sabil turmasayam bo‘lmaydi. Bir yashik toza aroq. Fransiyaning bir yashik konyagi bemalol yetadi. Ha, aytmoqchi, Gollandiyaning «Xayniken» degan pivosi bor. O‘shandan bir qutigina olsangiz, boshqa narsa kerakmas Meva-cheva bemalol! Xandon pista, bodom, no‘xat, mayiz...
Oq kishmish sal kamyobroq. Kosmonavtlar yeydi. Eski jo‘vadagi Mirvaqqos baqqolga mening nomimdan iltimos qilsangiz uch-to‘rt kilo topib beradi. Olma, anor, nok, uzum o‘zimizning mevalar. Bozorda nima ko‘p, banan ko‘p. Ortiqcha urinib yurmang-da, jon boshiga bir shodadan banan, ikki kishiga bittadan ananas olsangiz, yetmoq tugul yetadi. Qaysi kuni bir ziyofatga borsak, dasturxonga qulupnay tortibdi. Hali o‘zimizning qulupnay chiqmagan, to‘g‘rimi? Xudo bilsin Xitoydan olib kelganmi, Erondanmi? Suvda maza bor, unda maza yo‘q. Siz o‘zingizni urintirib yurmang-da, gilos bilan shaftoli oling! Bangladeshdanmi, Malayziyadanmi, bir tog‘ora shaftoli, bir tog‘ora gilos keltirsangiz, olam jahon bo‘p ketadi.
– Erkin aka, – dedim yig‘lamsirab, – mehmonlar tarqayotganda, yelkasiga to‘n ham yopaymi?
– Ana shunisi shartmas. Hecham shartmas! Bu odatni kim o‘ylab topgan o‘zi? Qayoqqa borsang to‘n beradi. Hammaning uyida sandiq-sandiq to‘n! Siz bunday qiling! Mehmonlarning o‘lchovini so‘rab oling-da, bittadan kostyum-shim olib qo‘yaqoling. Bilasiz, «Versach» degan mashhur firma bor. O‘shaning kostyumi ham chiroyli, ham modniy bo‘ladi. «Optovoy»dan olsangiz, 400 dollardan beradi.
– Bir narsa so‘rasam maylimi? – dedim o‘pkam to‘lib. – Mabodo bittagina vertolyot olib mehmonlarni uy-uylariga vertolyotda oborib qo‘ysam nima deysiz?
– Kerakmas! – dedi Erkin aka bosh chayqab. – Birinchidan, vertolyot haydashga uchuvchi kerak, ikkinchidan, hech kimning uyida vertolyot qo‘nadigan maydon yo‘q. Bittagina «Damas» olsangiz bo‘ldi. Siqilishibroq o‘tirsa hamma sig‘adi. Sho‘pirlikni o‘z zimmamga olaman. Mehmonlarni uy-uylariga oborib qo‘yaman-da, mashina menikida qolaveradi. Siz qiynalmang, deyman-da!
– Mabodo, – dedim hiqillab. – Mabodo ziyofatdan besh-o‘n so‘m ortib qolsa, o‘shanga arqon berarmikin?
– Beradi! Albatta beradi. Nima ko‘p – xo‘jalik do‘koni ko‘p. Arqonning pishig‘idan oling. Ingichka bo‘lsinu, pishiq bo‘lsin. Undan keyin judayam uzun bo‘lishi shart emas. Bo‘lmasa odamning oyog‘i yerga tegib qolishi mumkin. Siz qiynalmang, deyman-a! Ammo bu ishni jindak kechiktirib turasiz. Asaringiz chiqqanini yana besh-o‘n marta nishonlasangiz, arqonni mehmonlarning o‘zi olib boradi...
Shunday bo‘ldi. Hayotimdagi «tarixiy voqea»ni zo‘r «tantana» bilan nishonladik. «Charxpalak» oshxonasida. Erkin Vohidov, Ibrohim G‘afurov, men – uchovlashib bir kosadan lag‘mon yedik. Yolg‘on bo‘lmasin, bir shishadan pivo ham ichdik. O‘zimizning «Qibray» pivosi.
(«Ikki karra ikki – besh» kitobidan)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter