Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Otangni qozi o‘ldirsa... yoxud Fitrat davridagi qoyilmaqom korrupsiya

Otangni qozi o‘ldirsa... yoxud Fitrat davridagi qoyilmaqom korrupsiya

Abdurauf Fitratning «Hind sayyohining qissasi» asari 1912 yili Istanbulda nashr etilgan. Unda Buxoroga kelgan hindistonlik musulmon sayyoh tilidan hikoya qilinadi. Aslida hind sayyohi – yozuvchi Fitratning o‘zi. Buxoro amirligi o‘sha paytda hozirgi Qarshi, G‘uzor, Shahrisabz, hatto Hisor tog‘larigacha bo‘lgan hududda hukmronlik qilar edi. Ana shunday keng sarhadlarda ma’rifat va sog‘liqni saqlash, ilm-fanning taraqqiyotdan ortda qolishi sababini mullalar, muftiy va amirlarning keng ma’nodagi ilm-fandan uzoqligi, mansabu boylikka o‘chligi, poraxo‘rligi tufayli deb bilgan Fitrat katta mahorat bilan bu illatlarni fosh etadi. Quyida ushbu asardan parcha o‘qiysiz...

Qarshi qozixonasida o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan bir voqea Buxoro qozilarining muruvvatsizligini yaqqol tasvirlab bera oladi. O‘shani arz etsam:

Ertalab qozi eshon salomidan chiqib ketayotgan edim, to‘satdan qozixonaning eshigidan ellikka yaqin erkak va bir xotin shovqin-suron bilan kirib, shariat buryosining ustiga o‘tirishdi. Men ham qiziqib, atayin ularga yaqin bordim va suhbatlarini diqqat bilan eshitdim. Xotin turli dalillarni keltirib, da’vo qilar edi:

– Kecha non pishirayotib, bitta nonni tandirdan uzib, sufaning ustiga qo‘ydim. Shu payt uydan bolamning yig‘isi eshitildi. Xabar olish uchun borganimda, o‘sha qoldirib ketgan nonimni mushuk olib ketibdi. Erim buni ko‘rib, meni ko‘p urishdi. Yalinib-yolvorishim foyda bermadi, erim tobora jahliga minib, so‘zlarimga quloq solmasdan meni tepa boshladi. Axiyri jon hovrida qo‘shnining hovlisiga qochdim va u yerdan akamning uyiga bordim. Keyin esa sizning xizmatingizga yetib, arz etib, qozining mulozimini olib bordim. Mana endi o‘zini olib keldim.

Qozi xotinning eriga qarab dedi:

– Nega bu bechorani kaltaklading? Shaharni hokimsiz deb bildingmi?

U erkak butunlay munkir kelib dedi:

– Mening bu ishdan xabarim yo‘q. Xotinimning akasining men bilan dushmanligi bor edi. Shuning uchun xotinim menga tuhmat qilmoqda.

Qozi (o‘ta g‘azab bilan): – Yolg‘on gapiryapsan. Shug‘ullanib yurgan ishlaringni hech kim bilmaydi deb o‘ylaysanmi? Hoziroq tirnoqlaring ostiga g‘arov tiqaman, – deb o‘sha zahotiyoq qamashga hukm etdi.

Shu payt haligi kishining tarafdorlari baland ovozda uning begunohligini isbotlashga tirisha boshladi, xotin tomonidan kelganlar esa ularning so‘zlarini inkor etar edilar. Xullas, har ikkala tomon orasida g‘avg‘o boshlandi, birov birovga quloq solmas edi. Tortisha-tortisha qozixonani tark etdilar. Men uyga qaytayotib, ushbu voqeadan hayratlanib, o‘z-o‘zimcha der edim: «Xo‘sh, nonni-ku, mushuk olib ketibdi, ellik kishi ovora bo‘lib, ikki farsah yo‘ldan bu yerga nega kelishdi ekan?»

Bir oz kitob mutolaa etdim. Tush ham bo‘lib qoldi... Ovqatlanish vaqti yetgan edi. Qozi menga odam yubordi. Taomni birgalikda yedik...

Shu asnoda qozixona hovlisida ikki kishi ko‘rindi. Qozi:

– Ertalab bir-biri bilan urishgan er-xotinni ko‘rganmidingiz? – deb so‘radi.

Men: – Ko‘rgan edim.

Qozi: – Bu ikkovlon ularning oqsoqollari, qani ko‘raylik-chi, nima istar ekanlar...

Shu payt ikkala oqsoqol eshikdan kirib, salom berdilar. Qozi ularning biriga qarab, dedi:

– Ha, oqsoqol, ahvollaringiz qalay?

Oqsoqol: – Duo qilaman, taqsir. Xudo siz janoblarining va maxdumjonning (hind sayyohi) umriga baraka ato etsin.

Qozi: – Bu padarla’nat, eshak xotinini nega uribdi, mamlakatni hokimsiz ko‘ribdimi?

Oqsoqollar: – Baloingizni olay, u bechorada gunoh yo‘q, xotinning o‘zi ham juda shallaqi-da.

Qozi: – Xotin kishining qo‘lidan nima ham kelar edi, barcha xudobexabarlik va obro‘sizlik o‘sha eshakning o‘zidandir, u bu zaifani kimsasiz deb gumon qilgan. Men kimsasizlarning otasiman. Shu bugunoq janobi oliyga arz etib, yetmish besh darra urdiraman, toki boshqalarga ibrat bo‘lsin.

Oqsoqol qozining bu so‘zlaridan juda qo‘rqib, dedi:

– Taqsirjon, dardingizni olay, qari qulingizning so‘zini qabul etib, o‘sha badbaxtning gunohini kechiring, xotini ham gunohidan kechdi.

Qozi: – Yolg‘on so‘zlayapsiz, xotini hech vaqt uning gunohidan kechmaydi.

Oqsoqol: – Biz yolg‘on gapirayotganimiz yo‘q, buyuring, xotinning o‘zini olib kelaylik.

Qozi: – Olib keling.

Oqsoqol chiqib ketdi va ma’lum vaqt o‘tishi bilan xotinni tarafdorlari bilan boshlab kirib, bo‘ryo ustiga o‘tirg‘izdi. Qozi xotinga qarab dedi:

– Eringni qamadim. Ertaga janobi oliyga arz qilib, yetmish besh darra urdirib, sarbozlikka topshiraman.

Bechora xotin qozining so‘zlarini eshitishi bilan bir seskanib, yig‘lab dedi:

– Men erim nomidan tavba qilaman, u bechoraning gunohidan keching, xudo haqqi, bizning ahvolimizga rahm eting.

Qozi: – Ey xotin, endi buning iloji yo‘q. Menga qara, ering seni urdimi yoki yo‘qmi? Agar urgan bo‘lsa jazolayman, urmagan bo‘lsa, eringga tuhmat qilganing uchun seni jazolayman.

Xotin: – Erim meni urgan edi, lekin men hozir uning gunohidan kechaman, siz ham uning gunohini kechiring.

Qozi: – Tamom... ering seni urgan ekan, men uni jazolayman. Albatta, ering seni kimsasiz va bechora deb bilgan, endi qasdingni olaman, toki xaloyiq bilsinki, men bu shahardagi bechoralar va kimsasiz kishilarning homiysidirman.

Bechora xotin yana iltijo bilan dedi:

– Bolalaringizning rohatini ko‘ring, ikki sag‘ir farzandimiz bor. Rahm qiling, axir, erimga nisbatan hech da’voyim yo‘q, u bechorani afv eting.

Qozi: – Shariatning sag‘ir farzand bilan ishi yo‘q, eringni jazolayman.

Xotin: – Hozir siz o‘zingizni bechoralarning homiysi dedingiz, arzimas shu ishni deb uyimizni kuydirmang, meni beva, farzandlarimizni yetim qoldirmang.

Qozi g‘azablanib mulozimlariga buyurdi:

– Bu padarla’nat devonani olib chiqing!

Rahm-shafqatni bilmaydigan mulozimlar bechorani mushtlab-tepkilab, qozixonadan olib chiqib ketishdi. Men ham o‘z uyimga jo‘nadim. Bu kecha o‘tib, ertasiga... bir oz mutolaa bilan shug‘ullandim, biroq fikrimni hech yig‘a olmas edim. O‘sha xotinning hazin nolalari o‘qtin-o‘qtin xayolimni bo‘lar edi. Qozining odami kelib, meni choyga taklif etishini sabrsizlik bilan kutar edim. Maqsadim: shu bahona, o‘sha kechagi mahbus er va badbaxt xotinning taqdiridan xabardor bo‘lish edi.

Ko‘p o‘tmay, xabarchi menga qozining taklifini yetkazdi. Xudodan minnatdor bo‘lib, tezda qozining uyiga yetib bordim. Taom tanovuli orasida bir oz suhbat qildik. Shu payt kechagi ikki oqsoqol salom berib, uyga kirib o‘tirdilar. Qozi tabassum bilan alik oldi va mulozimlaridan biriga kechagi mahbusni olib kelishni buyurdi.

– Ey xudo urgan badbaxt! – dedi qozi mahbusga qarab. – Men seni yetmish besh darra urdirib, sarbozlikka topshirmoqchi edim, lekin bu safar ham oqsoqollar hurmati, gunohingdan kechdim.

Oqsoqollar ham, mahbus ham el dardini o‘ylaydigan bu qozi haqiga duo qilishdi. Men hayratdan yoqa ushlab, o‘zimcha der edim: kecha o‘ta qattiqqo‘llik, bugun o‘ta marhamat va muloyimlik ko‘rsatgan qozi eshonning harakatlari sababi ne ekan?

Faqat ana shu masalaning haqiqatiga yetishish uchun qozining uyidan chiqib, mirzoxonaga bordim. Qozining mirzakaloni donishmand kishi bo‘lib, ba’zan turkiy va forsiy gazetalarni ham o‘qir edi. Biz bir necha marta hamsuhbat bo‘lgan edik. Meni ko‘rishi bilan dedi:

– Musofir janoblari, ko‘rdingizmi, biz qanchalik badbaxt ekanmiz?

Men: – Nimani ko‘ribman?

Mirzo: – Ana shu er va xotin janjalini yaxshilab mulohaza etdingizmi yoki yo‘qmi?

Men: – Ha, diqqat bilan kuzatdim. Bildimki, o‘sha nonni mushuk olib ketibdi. Biroq qozining mushuk o‘yini sababini tushunmadim.

Mirza: – Qolgan nonlarni ham ulardan tortib olish uchun edi.

Men: – Birodar, bu voqeadan juda hayratda qoldim. Ishning haqiqati qayerda? Qozi eshon birinchi kun nega buncha qattiq turib oldilar? Bugun nega kamoli iltifot bilan mahbusga javob berdilar?

Mirza: – Kecha namozi shomdan keyin o‘sha ikki oqsoqol kelib, shariatpanoh janoblariga ikki ming tanga hadya etib, erning gunohini tilab oldilar. Qozi esa oqsoqollar «hurmati» tufayli, u bechoraning gunohidan kechdilar.

Men: – Nima deyapsiz? Mushuk olib qochgan bitta nonning qiymati ikki ming tanga... Buning ma’nisi ne?

Mirza: – Koshki, bu xarajat ikki ming tanga bo‘lsa edi? Faqatgina qozi janoblarining hadyasi shuncha.

Men: – Yana qanday xarajatlar bo‘lishi mumkin?

Mirza: – Bir yarim ming tanga qozi mulozimlari, rais va hokimning kishilari hamda o‘sha ikki oqsoqolning cho‘ntaklariga kirdi.

Men: – To‘g‘risini aytsam, sizning bu qissangiz meni juda hayratga soldi. Agar bitta nonni o‘g‘irlagan mushukning xarajati shunchalik bo‘lsa, katta-katta da’volar uchun qancha tilar ekan bular?

Mirza: – Hayron bo‘lsangiz ham, bo‘lmasangiz ham haqiqat shu. Albatta, katta da’volar o‘zgacha xarajattalabdir.

Men: – Shunday ekan, xalqning ahvoli nima kechadi?

Mirza: – Xudo biladi.

Shu payt ikki mulozim kirib, suhbatimizni bo‘lishdi. Men chiqib, o‘z uyim tomon ketdim. Tushda har kungi odatim bo‘yicha, qozining uyiga bordim. Qozi meni ko‘rib, kulib dedi:

– Shahar yonmasa darvishning kabobi pishmas. Biz siz janoblarini qanday xursand qilishni bilmas edik. Yaxshiyamki, xudo yetkazdi. U xotinning nonini mushuk olib qochib, biz ham bir necha tangaga ega bo‘ldik. Ana shu yangi ovimizdan o‘zimning haqqim va maxdumjonning ulushini oldim. Bu uch yuz tanga siz janoblariga qoldi. Bizning kamimizni ko‘p o‘rnida ko‘rasiz.

Ushbu so‘zlarni aytib, bir necha rus pul qog‘ozlarini oldimga qo‘ydi. Men ularga qo‘l tegizmay, dedim:

– Juda mamnun bo‘ldim, biroq bir gustohlik qilsam. Agar marhamat etsangiz, arz etsam.

Qozi: – Nima gustohlik?

Men: – Bu xotin va uning eri pulni qayerdan topishdi ekan?

Qozi: – Ho-ho-ho! Biz pul olishni bilamiz, boshqasiga ishimiz yo‘q, Otasining go‘ridan topsin, bizga nima!

Men: – Avf etasiz. Banda bir musofirman. Ushbu ishlarni bilish men uchun puldan ham muhimroqdir. Shuning uchun so‘radim.

Qozi: – Xabarim yo‘q, biroq sazangiz o‘lmasin, devonbegidan so‘rarman.

Devonbegini chaqirib so‘radilar. U dedi:

– Erida picha pul bor ekan, yetmaganini ayoli ikki tanob yerini sotib berdi.

Qozi menga qarab dedi:

– Tushundingizmi?

Men: – Ha, tushundim, mamnun bo‘ldim. Lekin, siz janoblari shar’i sharifning hokimi bo‘la turib, o‘sha bechoraning pulini olishga qanday botindingiz?

Qozi: – Ey birodar... shariatni qo‘ying, agar qozilikning shunday ishlari bo‘lmasa, issiq uy-joyimizni sovutib bu yurtlarga nega keldik?

Men: – Avf etasiz, men bu pulni olmayman.

Qozi: – Nega?

Men: – Musulmonman, bularni sizga berganlar ham musulmondirlar.

Qozi: – So‘zlaringizning ma’nisiga yetmadim. «Musulmonman va ular ham musulmondirlar...» Hali biz na sizni, na ularni kofir deganimizcha yo‘q. Pulni nega olmaysiz?

Men: – Bizning shariatimiz barcha musulmonlarni bir-biriga birodar etib, bir musulmon moliga ikkinchi musulmonning nohaq egalik qilishini harom deb uqtiradi. Siz, janoblari bir musulmon haqqini zo‘rlik bilan oldingiz, buni men o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Endi esa undan menga ham ulush bermoqdasiz. Sizning bu gunohingizga sherik bo‘lishni istamayman. Shuning uchun ham bu pulni olishim mumkin emas.

Qozi so‘zlarimdan achchiqlandi va g‘azab bilan pulni hamyoniga soldi, biroq hech narsa demadi. Men ham turib tashqariga chiqdim. Bundan keyin bu yerda qolishim mumkin emasligini bilib, tezlik bilan bir aravani gaplashdim.

Hasan Qudratullayev tarjimasi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring