O‘rtacha oylik maosh
Quyida iqtisodiy masalalar bo‘yicha xalqaro miqyosdagi ekspert bilan makon va zamon (yoki undan tashqari)da suhbatlashamiz.
– Hurmatli janob ekspert, siz bilan o‘rtacha oylik maosh miqdori xususida suhbatlashsak. Keyingi vaqtda bu mavzuda tez-tez chiqishlar qilinib, ko‘pchilik yoqasini ushlab, ayrimlar hushidan ketib, boshqalar esa kulib qotib qolayotir.
– Mazkur masalaning vizual va konsepsual omillari borki, uni ko‘rib chiqish global miqyosda optimallashtirishni talab qiladi. O‘rtacha oylik maosh miqdori, bu inson yashash sharoitining toponimik va demografik sharoitlarini taqozo etadi, albatta. Ya’ni, tamaddun, ko‘pchilikning tilida aytganda, sivilizatsiya har bir shaxsning takomilidan kelib chiqadi.
– Iltimos, fuqarolarga tushunarli bo‘lishi uchun oddiyroq izohlarga o‘tsangiz. O‘rtacha oylik maosh miqdori nima o‘zi? Uning aniq miqdori qancha? Aniq gapirsangiz...
– Sizni tushundim, ammo siz ham meni affirmativ tarzda tushunmog‘ingiz zarur. Garchand bu savolga oddiy tarzda javob berish mushkul bo‘lsa-da, kamina intuitiv ravishda shunga harakat qilaman! O‘rtacha oylik maosh miqdori shaxs individual darajasining verbal qiymatidan kelib chiqadi. Deylik, kosmik sathda...
– Kosmik sathni qo‘yib turaylik, yerga tushaylik.
– Ammo o‘rtacha oylik maosh miqdori kosmik miqyosda aniqlamay bo‘lmaydi-da!
– Aniq, konkret, punktual ravishda javob bering: bizda o‘rtacha oylik ish haqi qancha?
– Ikki million sakkiz yuz ming...
– Siz yana kosmik sathga sapchiyapsiz. O‘rtacha oylik maosh miqdori qanaqasiga ikki million sakkiz yuz ming bo‘lsin?
– Shunaqasiga! Bu xalqaro trafiklar KYuES darajasida hisoblab chiqilgan. Koeffitsiyentlar bo‘yicha shkalalar abberatsiyasi ikki tomonlama yo‘nalishda ishlangan.
– Ikki million sakkiz yuz... Qani o‘sha ikki million? Men, masalan, ko‘rmayapman-ku uni?
– Sizga tushuntirsam tushunmayapsiz! Gapni bo‘laverasiz, bo‘laverasiz!.. KYuES darajasida hisoblab chiqilgan, dedim, to‘g‘rimi? Demak, u ko‘rinmaydi!
– Ko‘rinmaydi? Nega? Plastikdami u?
– Yo‘q, albatta.
– Ko‘rinmasa, nafig kerak bu ikki million?
– Obveatura nuqtai nazaridan kerak! Men hozirgina aytgan shkalalar abberatsiyasi inersiya bo‘yicha o‘zaro stimul bo‘ladi! Ikki million dollar...
– Dollar? O‘rtacha oylik ish haqi... ikki million... dollar?.. Hiq...
– Siz hayajonlanmang, o‘tiring. Affirmatsiyalarni doimo yodingizda tuting! Ha, dollar!.. Platsebo effekti haqida eshitganmisiz? Eshitmagansiz! Mana shu o‘rtacha ikki million sakkiz yuz platseboning ziddi notsebo bo‘lib tuyulishi mumkin.
– Shoshmang-shoshmang! Agar o‘rtacha oylik maosh miqdori shuncha bo‘lsa, butun maosh miqdori qancha unda? Siz... siz qaysi mamlakatning o‘rtacha oylik ish haqi haqida gapiryapsiz o‘zi?
– Sferik potensial degan atama bor. Ana shu qiymat balansi nuqtai nazaridan oladigan bo‘lsak...
– Men suhbatimiz boshidan buyon hech nimani tushunmayapman. Mana shu ko‘zlarimiz bilan aniq ko‘radigan maoshimiz miqdorini aytib bera olasizmi? Faqat fantastik raqamlar bo‘lmasin.
– Ma’lumki, ko‘z qavatlari o‘nta qobiqdan iborat. Siz so‘ragan miqdor shu qobiqlarning qay darajada faolligi bilan bog‘liq. Bundan tashqari aniq ko‘rishga glaukoma xalaqit berishi mumkin. Siz shubha bildirayotgan fantastik raqamlar induksiyali vektorlardan kelib chiqadi...
(Xullas... boshidan o‘qilsin!)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter