Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chala ruhshunosning olg‘ir shogirdi (hajviya)

Chala ruhshunosning olg‘ir shogirdi (hajviya)

Men mashhur ruhshunosga shogirdman. Ustozim bemorlarni davolasa, kaminaning vazifam – ularga xizmat ko‘rsatish. Qiladigan ishim kunlik qabul asosida mijozlarni navbatga yozib, ularni kutib olaman va keyin kuzatib qo‘yaman.

Ish joyim qabulxona. Nima desam ekan, men atayin eshitmayman, ammo mabodo eshik yaxshi yopilmagan bo‘lsa, ustozning xonasida kechayotgan suhbat qulog‘imga chalinadi.

– Bir kunda necha soat uxlaysiz? – so‘raydi ustoz mijozdan.

– Har xil, – javob beradi u. – Olti soat, ba’zida o‘n soat! Bugun to‘qqiz soat uxladim.

– Yaxshi emas, – deydi ustoz, – bir xil vaqtda uxlab, bir xil vaqtda turish kerak. Men sizga dori yozib beraman, uni ichib, kech soat o‘nda yotasiz va ertalab oltida uyg‘onasiz.

Mijoz chiqib, menga qog‘ozni uzatadi. Undagi karavot rasmiga qarab, necha kun va qancha dori ichishi kerakligini aniqlayman. Keyin maxsus shisha bankadagi doridan kerakli miqdorini salafan xaltachaga solib, mijozga uzataman.

– Bir kunda necha soat uxlaysiz? – deb so‘raydi ustoz navbatdagi mijozdan.

– Bir xil, – javob beradi mijoz. – Sakkiz soat.

– Yaxshi emas, – deydi ustoz achinib. – Bundan keyin bir xil uxlamang! Uyqu kelganda yotib, uyg‘onganda turasiz. Men sizga dori yozib beraman. Uni kech soat sakkizda ichasiz va qachon uyqungiz kelsa yotasiz. Lekin ertalab oltida turishga harakat qiling.

Bemor chiqqanida qo‘lidan qog‘ozni olib, oldingi bemorga bergan uyqu doridan kerakli miqdorda salafan xaltachaga solib, unga uzataman.

Tushdan keyin kelgan mijoz ustozimning huzuriga kirar ekan, eshikni yaxshi bekitmagani uchun yana ichkaridagi savol-javob qulog‘imga chalinadi.

– Qanday ovqat yeysiz? – savol beradi ustoz.

– Har xil, – javob beradi mijoz.

– Yaxshi emas, – ustoz tanbeh beradi unga, – Endi o‘n kun ertalab, tushlikda va kechki nonushtada sizga tavsiya etiladigan ovqat yeysiz. Ovqatlar ro‘yxatini yordamchim beradi.

Kamina mijozning vazniga qarab, ustoz nimalarni tavsiya qilganini bilaman. Bunisi – semiz. Demak, ertalab sut mahsulotlari, tushlikda ezilgan kartoshka, kechki taomga esa meva tanovul qilishi kerak. Agar o‘n kun o‘tib qaytib kelsa, ozganini sezish mumkin. Lekin bundaylarning aksariyati qaytib kelmaydi.

Navbatdagi mijozni kutib olaman. Uni ichkariga kiritar ekanman, eshikni oxirigacha bekitmay, ohista yopaman.

– Qanday ovqat yeysiz? – so‘raydi ustoz. Men eshitib, hayron bo‘laman: ruhshunos mijozdan ovqatini so‘rab o‘tiribdi!

– Bir xil, – deydi mijoz. – Bir xil ovqat yeyman.

– Yaxshi emas, – ustozning achingan ovozi eshitiladi.

Mijoz ozg‘in odamligini nazarda tutib, u iste’mol qilishi kerak bo‘lgan ovqatlar ro‘yxatini tayyorlab qo‘yaman. O‘ylaganimdek, ichkaridan chiqqan mijoz men kutgan qog‘ozni qo‘limga tutqazadi. Keyin esa uzatgan ro‘yxatimga tikilarkan, ko‘zlari katta-katta ochiladi. Endi bu ovqatlarni yesa ham, yemasa ham uning qaytib kelmasligi aniq. Chunki ro‘yxat bo‘yicha xarajatni ancha-muncha odamning cho‘ntagi ko‘tarmaydi.

Bir kuni ustozdan kam uxlaganga ko‘p uxlashni, ko‘p uxlaydiganga kam uxlashni tavsiya berishning sababini so‘radim. U kishi bemor aytgan gapning teskarisini qaytarishi lozimligini tushuntirdi. Keyin nima uchun bu savolni berayotganimni so‘radi. Men ustozni aldash yaxshi emasligi bois to‘g‘risini aytdim.

Ertasiga u qabulxonadan o‘z xonasiga kirish eshigini ikki tavaqaliga almashtirdi. Bu ham kamlik qilgandek, mijozni xonasidan qabulxonaga kuzatib qo‘yar va navbatdagi mijozni taklif etarkan, ikkala eshikni ham qattiq yopib qo‘yadigan bo‘ldi.

Men bunday ehtiyotkorligidan zarracha o‘kinganim yo‘q. Chunki ustozning mahoratini miridan-sirigacha egallab bo‘lganman. O‘zim alohida ish boshlasammi deb turibman. Axir, psixolog bo‘lish qiyin emas ekan-ku: mijozning gaplarini eshitib, teskarisini tavsiya qilasan, vassalom!

Xullas, ketaman! Ijaraga ofis topsam, o‘zimning ishimni ochaman!

Xurshid Nurullayev

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring