JCh-2018. Argentina dramatik o‘yinda g‘alaba qozonib, pley-offga chiqdi
Jahon chempionati «D» guruhining so‘nggi turida Argentina va Nigeriya terma jamoalari o‘rtasidagi bahs nihoyatda dramatik tarzda kechdi. Uchrashuvning so‘nggi daqiqalarigacha guruhda biryo‘la uch jamoasida nimchorak finalga chiqish intrigasi saqlanib turdi.
Bu o‘yinda avvaliga Messi hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Birinchi bo‘limni argentinalilar to‘liq ustunlikda o‘tkazdi. Ikkinchi bo‘limning boshlarida uchrashuv hakami Junayd Chaqir Nigeriya foydasiga penalti belgiladi va uni Mozes aniq amalga oshirib, hisobni tenglashtirdi. Shundan so‘ng keskin kurash davom etdi. Nigeriyani durang natija ham keyingi bosqichga olib chiqardi. Argentinaga esa faqat g‘alaba zarur edi. Uchrashuv oxirlarida Sampaoli shogirdlari bor kuch bilan oldinga intildi va asosiy vaqt tugashiga 4 daqiqada qolganida himoyachi Roxo gol urib, Argentinani pley-off bosqichiga olib chiqdi.
Bu irodali g‘alaba tufayli Argentina haqli ravishda musobaqani davom ettiradigan bo‘ldi, ammo bu imkoniyat uchun ular Xorvatiyaga ham rahmat aytib qo‘yishlari lozim. Narigi juftlikda xorvatlar mag‘lub bo‘lib berganida Argentina guruhda qolib ketishi mumkin edi.
«D» guruhi. 3-tur
Nigeriya – Argentina 1:2 (0:1).
Gollar: 0:1 Messi (14), 1:1 Mozes (51, pen.), 1:2 Roxo (86).
Nigeriya: Uzoxo, Balogun, Omeruo (Ivobi, 90), Idovu, Trost-Ekong, Mozes, Ndidi, Etebo, Obi Mikel, Musa, Ixeanacho (Igalo, 46).
Argentina: Armani, Roxo, Otamendi, Talyafiko (Aguero, 80), Maskerano, Peres (Pavon, 61), Banega, Di Mariya (Mesa, 72), Merkado, Messi, Iguain.
Ogohlantirishlar: Balogun (32), Maskerano (49), Banega (64), Obi Mikel (90).
Argentina nimchorak final bahsida Fransiya bilan bellashadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter