Uysiz, ko‘prik ostida tunab yurib, muvaffaqiyatga erishgan yosh millionerdan 5 maslahat
Melburnlik (Avstraliya) Garri Sanders atigi 21 yoshda, shunga qaramasdan, o‘zi asos solgan «Studiohawk» kompaniyasini boshqaryapti. Kompaniyani 1,5 million avstraliya dollari (taxminan 9,5 mlrd so‘m)ga baholashmoqda. Garri bu kunga osonlikcha yetib kelmadi.
Biznes-g‘oyasi tanazzulga uchragan, yonida bir chaqasiz Garri 17 yoshida ko‘chada qoladi. 16 yoshida SEO-faoliyatni yo‘lga qo‘yishga uringan, biroq bilimsizligi, tajribasizligi pand bergandi.
«Nima qilishniyam bilmasdim, bir necha kun ko‘priklar ostida tunab yurdim. To‘g‘risini aytsam, kimdandir yordam so‘rashni yomon ko‘rardim», — eslaydi Garri.
Xullas, Sanders bir yilning nari-berisida daydilar uchun yotoqxonalar va tanishlarinikida sig‘indi bo‘lib yurdi. Hozir o‘sha kunlarni juda katta hayotiy saboq bergani, eng asosiysi, qat’iyatli bo‘lishga o‘rgatgani uchun qadrlaydi.
Nihoyat, ko‘cha hayoti bilan xayrlashgan Garri yana o‘sha biznesga qo‘l urdi, bu safar tamomila boshqacha.
Endi u o‘zi tamal toshini qo‘ygan «Studiohawk» kompaniyasini boshqaryapti. Uning jamoasi qidiruvni optimallashtirish bilan shug‘ullanadi, ya’ni veb-saytlarga internetda tanilishga yordamlashadi. Kompaniya kengaymoqda, hatto o‘tgan oy Londonda yangi ofis ochishdi.
Og‘ir kunlarni boshdan o‘tkazgan yosh millioner hozirgi darajasiga qanday erishdi? Quloq tutamiz.
Garri Sandersdan besh maslahat
- O‘zingizga yoqqan libosni kiying.
- Sutkasiga hech bo‘lmaganda 8 soat uxlang.
- O‘zingiz shug‘ullanayotgan sohaga taalluqli narsalarni ko‘proq o‘qing.
- Tejamkor bo‘ling. Pullarni nimaga sarflashni aniq belgilab oling, ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘ymang.
- Maqsadni aniq belgilab oling. Pullar — maqsad emas. Faqat shuning uchun ishlasangiz, muvaffaqiyatni kutmang.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter