Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maykl Blumberg: «Uoll-stritda bir dunyo boylik topaman deganlarning kamdan-kamiga omad kulib boqqan»

Maykl Blumberg: «Uoll-stritda bir dunyo boylik topaman deganlarning kamdan-kamiga omad kulib boqqan»

Foto: «National Review»

Jahondagi eng badavlat insonlardan biri, «Bloomberg» axborot agentligi asoschisi, Nyu-York shahrining sobiq meri Maykl Blumberg o‘z boyligi, Uoll-strit, soliqlar, davlat va biznes sarmoyalarining farqi va boshqalar haqida.

O‘z boyligi haqida

Birov-yarim o‘ziga ishlatadigandan ancha ko‘p pul bu. Hamma gap siz ular bilan nimalar qila olishingizda. Ularni o‘zingiz bilan olib ketolmaysizku?.. Atrofini oila a’zolari quzg‘unlardek qurshab olgan, o‘lim to‘shagida yotgan yigit haqida bitta multfilm bor. U ko‘zini ochib shunday deydi: «Bilaman, pullarimni ortmoqlab ketolmayman, ammo parol o‘zim bilan ketishi mumkin».

 CBS ga bergan intervyusidan, 2017-yil 23-aprel.

«Salomon Brothers»dagi faoliyati haqida

Ofisga tonggi soat yettida, Billi Salomon («Salomon Brothers» investbanki sobiq boshqaruvchisi)dan boshqa hech zog‘ yo‘q payti yetib kelardim. U tamaki chekkisi kelsa yoki sportdan gurunglashmoqchi bo‘lsa yoniga chaqirardi. 26 yoshimda kompaniya boshqaruvchisining do‘stiga aylanganman. Jon Gutfroynd («Salomon Brothers» sobiq rahbari)ni istisno qilganda, ishxonadan oxiri men chiqib ketardim. U ham biron-yarim kattaroq hamkoriga qo‘ng‘iroq qilish uchun yoki gaplashib o‘tirgisi kelsa meni chaqirardi. Keyin esa kompaniyaning ikkinchi odami mashinasida meni uyimga bepul yetkazib qo‘yardi. Hamma vaqt hammayoqda bo‘lish jonimga tegmasdi — ishim o‘zimga yoqardi. Ishimizga bosh-qosh insonlar bilan yaqinligim kareramga xalaqit bermagani haqida-ku gapirib o‘tirishim ham shartmas.

«Bloomberg by Bloomberg» kitobidan, 1997-yil.

Noaniqlik haqida

Sizda yangi xarajatlarni istamayotgan jamoatchilik, yangi soliqlarni xohlamayotgan respublikachilar, xarajatlarni qisqartirishga xohishi yo‘q demokratlar, yangi o‘zgarishlarga qarshi bozor va yuqoridagilarning barchasini istovchi iqtisodchilar bor. Bu falajga olib keladi. Falajlikning oqibati — noaniqlik, bu yaxshi emas. Agar keyin nima bo‘lishi haqida tasavvur ham qila olmasangiz, xarajatlar, sarmoyalar, odamlarni ishga olish yoki biron ishga kirishish borasida bir qarorga kela olmaysiz.

NBC ga bergan intervyusidan, 2010-yil 1-avgust.

Uoll-stritdagi muvaffaqiyati haqida

Faqat pul topish uchungina Uoll-stritga bormaganman. Hayot tarzimni belgilab bergani uchun ham uni yaxshi ko‘raman. Aslida Uoll-stritda ishlab bir dunyo boylik topaman deganlarning kamdan-kamiga omad kulib boqqan. O‘z ishini real hayotda talab katta muayyan mahsulotdan boshlab, ish o‘rinlari yaratgan, qadriyatlarni boshiga ko‘targan va odamlardan yordamini ayamagan insonlar ulkan moliyaviy muvaffaqiyat qozongan. Bu hammaga taalluqli — Jon Rokfellerdan tortib Sem Uoltongacha (alal-oqibat Mayk Blumberggacha, har holda shunga umid qilaman).

«Bloomberg by Bloomberg» kitobidan, 1997-yil.

Amerika aksiyalarining qimmatlashuvi haqida

Nega bunday — bilmayman. O‘zi nega bozor o‘sishdan to‘xtamayotgani meni hayron qoldiradi. Iqtisodiyotimiz real muammolar bilan yuzma-yuz turibdi. Infratuzilma inqirozga uchrayapti. Ish o‘rinlari texnologiyalar bilan yo‘q qilinyapti. Butun dunyodagi eng yaxshi kadrlarni yangi ish o‘rinlari va korxonalar yaratish uchun Amerikaga kelishdan to‘xtatib turgan bo‘lsak. Bular kelajak haqida ko‘proq o‘ylashga majbur etadi.

CBS ga bergan intervyusidan, 2017-yil 19-sentyabr.


Mavzuga oid: «Nega endi yo‘q?»: dunyoning eng badavlat kishisidan 10 iqtibos


Boylarga solinadigan soliq haqida

Ular ko‘proq soliq to‘lashadi, kam pul ishlovchilarga nisbatan ulardagi yuk ancha zalvorli. Baffetning bu haqdagi hazili — shunchaki tomosha. Agarda Uorren Baffetning kapitali o‘smasdan, faqat oddiy daromad olganida ham baribir o‘zining kotibidan ancha ko‘p soliq to‘lagan bo‘lardi. Aslida bu mamlakatda soliqlarning katta qismini juda kam foiz insonlar to‘lashadi.

NBC ga bergan intervyusidan, 2011-yil 25-sentyabr.

Rejalashtirish haqida

Bir jurnalist mendan «Bloomberg»da biz nimani uddalay olmaganimiz to‘g‘risida so‘ragandi. O‘ylab qoldim, axir men odatda yutuqlarimiz haqida gapiraman. Va javobim shunday bo‘ldi: «Barchasini uddaladik, ammo biz yakunda erishilgan natijalarning hammasini ham rejalashtirmaganmiz». Ko‘pincha hammasi ham boshdan o‘ylanganidek kechmaydi: mahsulotdan foydalanish bo‘yicha kutilmagan takliflar paydo bo‘ladi, tushimizga ham kirmagan mijozlar kelib qolishadi, o‘zimiz to‘liq ishonch bildirgan loyihalar ko‘pincha barbod bo‘ladi.

«Bloomberg by Bloomberg» kitobidan, 1997-yil.

Mer lavozimidan ketganidan keyingi rejalari haqida

Nimalar bilan shug‘ullanmasligimni aytishim mumkin. Professional investor bo‘lmoqchi emasman. Bu menga emas. Dars berish niyatim ham yo‘q. Maslahatchilik ham qilmayman. Bular meni o‘ziga tortmayapti. «Bloomberg L. P.» ga ham qaytmayman. Yangi kompaniya yaratmoqchi emasman.

«Forbes»ga intervyusidan, 2013-yil 30-oktyabr.

Davlat va biznes sarflayotgan sarmoyalar haqida

Ideologlar behudaga sarflangan mablag‘lar ortidan yangilarini yo‘naltirayotgan bir paytda, nishonni natijaga to‘g‘rilagan menejerlar qayta sarmoya kiritishdan avval oldingi xatolarni tuzatib olishadi. Ko‘pincha muvaffaqiyatli davlat muassasalarining xarajatlari qisqartirilishi barobarida, botqoqqa botib borayotganlarining budjeti kengayib boraveradi, chunki hukumat nima deb qichqirishidan qat’i nazar balandroq qichqirganlarini erkalatib yuboradi. Biznesda esa buning g‘irt teskarisi. Eng yaxshi ishlayotganlariga ko‘proq, ishini eplay olmayotganlarga kamroq pul berasiz.

Los-Anjelesdagi UCS Annenberg School dagi chiqishidan, 2007-yil 20-iyun.


Mavzuga oidSobiq mer universitetga 1,8 mlrd. dollar xayriya qildi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring