Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YPXga navbatdagi «tarsaki»: haydovchi yana bir sudda yutib chiqdi

YPXga navbatdagi «tarsaki»: haydovchi yana bir sudda yutib chiqdi

Foto: «Xabar.uz»

Toshkentlik fuqaro Y.Jurov mashinaning orqa yon oynasiga parda taqish masalasida sudda yutib chiqdi.

Shu yilning 3 avgust kuni Ye.Jurov «Neksiya» rusumli avtomashinani boshqarib ketayotganda YPX inspektori to‘xtatadi va avtoulovning orqa yon oynalariga beruxsat parda qo‘yib olganlik aybi bilan unga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlikka oid bayonnoma rasmiylashtiradi. Inpektor bu jarayonda haydovchining gaplariga quloq solib o‘tirmagani ehtimoli katta. Shuningdek, Y.Jurovning bayonnomaga imzo qo‘yishdan bosh tortgani ham.

Shu tariqa Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining (MJtK) 126-moddasi 1-qismi bilan bezatilgan «delo» sudga oshirildi. Bilasiz, mazkur modda «Ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish» deya nomlanib, bunday huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs eng kam ish haqining yigirma besh baravari miqdorida jarima to‘lashga majbur etiladi.

Yo‘q joydan shuncha jarima to‘lash kimga yoqadi? Qolaversa, orqa yon oynalardagi parda, 126-modda bayonida ko‘rsatilganidek, haydovchining «tevarak-atrofni ko‘rishini» cheklamasa...

Qisqasi, uch kun avval — 16 oktyabr sanasida Yashnabod tuman ma’muriy sudi sudyasi U.Madiyeva mazkur «ish»ni ezg‘ilab-ezg‘ilab ko‘rdi va... haydovchi foydasiga qaror chiqardi. Ya’niki, Y.Jurovning xatti-harakatlarida MJtKning 126-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik yo‘q.

Mazkur sud qarorini YPX inspektorlariga tushirilgan navbatdagi «tarsaki» deyish mumkin. Zero, keyingi paytlarda mashinaning orqa yon oynalariga parda ilish qoidabuzarlikmi yoki yo‘qmi degan ma’noda chunonam bahs-munozara bo‘lmoqda. Aksariyat bilgichlar «bunda huquqbuzarlik yo‘q» deyishiga qaramay, YPX xodimlari hamon o‘z bilganicha ish tutishmoqda...

Mazkur misol shu gapga yana bir dalil.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring