Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

«Yandeks taksi» haydovchisi Nargiza O‘tayeva: «Men ayollarga kerakman!»

«Yandeks taksi» haydovchisi Nargiza O‘tayeva: «Men ayollarga kerakman!»

Foto: «Xabar.uz»

«Yandeks taksi»ni reklama qilish niyatimiz yo‘q. Samarqandda ham «yandekschi»lar orasida onda-sonda bo‘lsa-da «kuydirgi»lariga o‘zimiz ham duch kelganmiz. Lekin, rulda Nargizani uchratish haqiqiy bayram bo‘ldi. U nafaqat ayol haydovchi bo‘lgani uchun, o‘zbek ayoliga xos fazilatlari qatorida yangilikka intilishi, g‘ayrati va kuchini to‘g‘ri yo‘naltira bilishi, samimiyati bilan xotiramda muhrlandi.

 Jizzax viloyati, G‘allaorol tumanida tug‘ilganman. Yoshim 33 da. Payariqqa kelin bo‘lib tushganman. Chelak shaharchasi Sarbozor mahallasida yashaymiz. Xo‘jayinimning ismlari Sanjar, Moskvada ishlaydilar, uch nafar farzandimiz bor, shukr. Kattam Nozima 13 yoshda, dastyor bo‘lib qolgan. O‘g‘illarim — Behruz va Umarbek ko‘pchilik bolalar kabi o‘yinqaroq. O‘n yilga yaqin katta, fayzli oilaning kelini bo‘lib qaynonam, qaynbo‘yinlar bilan yashadim. Hozirda yangi uy ko‘tarib, alohida bo‘lib chiqqanmiz.   

–  Bir kuningiz haqida gapirib bera olasizmi...

–  Bugun soat 5 da turdim. Ekinlarga suv qo‘ydim, sakkiz sotixlik yerimiz bor, o‘zimiz uchun pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, baqlajonlar ekib qo‘yganmiz. Keyin bolalarga quymoq tayyorlab ustini o‘rab qo‘ydim. Har kuni ularni bog‘chaga, maktabga tayyorlayman. Kiyim-boshlarini ko‘zdan kechirdim. Qizim nonushtaga dasturxon tuzab, choy damlab, ukalarini nonushta qildirishni uddalaydi. Mashinaning chang-cho‘ngini artib, soat oltida uydan chiqdim, soat 7 da Samarqand shahriga yetib keldim. Kelishda har kuni yo‘lovchi olaman. To‘rt nafar odam oldim. Yo‘lkiramiz kishi boshiga 15 ming (Chelak shaharchasidan Samarqandgacha). Ularni manziliga tushirib qo‘yib, «Yandeks»da ish boshladim.  

–  Mana hozir soat 3 bo‘layapti, uyga qaytmoqchi ekansiz. Ishingizdan ko‘nglingiz to‘ldimi?

–  20 ta buyurtmani bajardim.  Gaz, tushligimdan tashqari 300 ming so‘m ishladim. Bugun shanba. Shu bilan «Yandeks»dagi bugungi ishimni tugataman va uyga qaytyapman, xonadonimga, bolalarimga vaqt ajrataman. Bugun tansiq bir ovqat qilaman, undan keyin kir yuvaman. To‘g‘ri, kir yuvish mashinasi ishimizni ancha osonlashtirgan. Soat 10 da bolalar qatori o‘zim ham yotoqqa kiraman.

–  O‘zi «Yandeks taksi»da ishlash fikri sizda qanday paydo bo‘ldi? Samarqandda uncha-muncha ayolning bunga jur’ati yetmaydi. Shu shaharda tug‘ilib o‘sgani ham, boshqa bir tumandan kelgani ham taksichilikni boshlagani bilan eplab ketishi qiyindek...

–  O‘zimiz alohida bo‘lib chiqqan yillarimiz edi. O‘shanda xo‘jayinim «zapret»ga tushganlar. Bitta mashina zaruratga aylanib qolgandi. Lekin sharoit bo‘lavermadi. «Zapret»i tugab xo‘jayinim Moskvaga ishga ketganida, ozroq yig‘indik. Ming dollar pulimiz bor edi. 2021-yil 27 sentyabr kuni tug‘ilgan kunim bo‘lsa, 28 sentyabrda «Matiz» olganmiz. Xo‘jayinim Moskvada. Qahramon degan qaynim bor, yaxshi bola, mashinani tushunadi, shu kishining yordamida olganmiz. Avvaliga mashina bozoriga chiqdik, pulimiz kam bo‘lgani uchun bozordan ololmadik. Keyin Kattaqo‘rg‘onga bordik. O‘sha yerda yashaydigan mashina egasidan 3 ming dollarga, mingini boshida va qolganini bo‘lib-bo‘lib berish sharti bilan «Matiz»ni olganmiz. Shu «Matiz» bilan ilk yo‘lovchilarimni tashish xayolimga kelmagandi.

–  Boshlanishi qanday bo‘lgan?

–  Qarzni qanday bo‘lmasin to‘lashimiz kerak edi. Moskvada pandemiya ta’siri hamon sezilardi. Ko‘plab muhojirlar kabi xo‘jayinimning ishlari bir unday, bir bunday bo‘lib turgan paytlar edi. Kunlarning birida tavakkal qildim. Qishlog‘imizdan Chelak markazigacha yetti kilometr, yo‘lkirasi 5 ming so‘m. Kelishda odam olaman, qaytishda odam olishga uyalaman, doimo bo‘sh qaytardim. Chunki, bizlarda taksilar turadigan joyda odam chaqirish kerak, ayol kishiga noqulay. Qishloq va markaz orasida 20 kuncha qatnadim. Qarasam, shunda ham pul topsa bo‘larkan. Keyin Chelakdan Samarqand shahriga qatnay boshladim. Kelishda ham, ketishda ham mashina bo‘sh qolmagani uchun ishim yanada yaxshi bo‘ldi. Dadamiz u yoqdan  pul yuboradi, bu yerda men yig‘inaman. Qarzni 5 oydami to‘lab bo‘ldik. So‘ng uning o‘rniga darrov «Neksiya» oldik. Uniyam bo‘lib-bo‘lib berishga kelishib, boshiga 3 ming dollarini berib, qolgan ikki yarim mingini har oyda to‘lab bordik. Xo‘jayim qaytguncha esa bir yarim yilda mashinani «Spark» qildik. Shu orada  buyurtmalar bo‘la boshlaganda, Samarqand shahrining ichkarisiga ham kira boshladim.  

  «Yandeks»ga kelishingiz tarixi qanaqa edi?

– Kunlarning birida bir er-xotin  mashinamga chiqishdi. Aka ayol kishiga «Yandeks»da ishlash qulayligi haqida aytib qoldi. Shu paytgacha negadir xayolimga kelmagan ekan. Shunday qilib, «Yandeks taksi»da qayddan o‘tdim. Bir yil bo‘lyapti. Mijozlar tomonidan ham, korxona tomonidan ham biror e’tiroz olmagan haydovchiman. Haqiqatan ham «Yandeks»da ishlash anchayin qulay ekan.

–  Bu haqda keyinroq to‘xtalsak-da, suhbat boshidan buyon tilimda aylanayotgan savolni bermoqchiman. Taksi haydayman deganingizda, oilada qarshiliklar bo‘lmadimi?

–  Xo‘jayinim juda qarshilik qildilar. Qaynonam juda yaxshi ayol, ular tushuntirdilar. Qolaversa, biz 14 yillik ro‘zg‘ormiz. Bir-birimizni yaxshi bilgan, hayot sinovlaridan birgalikda o‘tgan pallada bu fikr menga kelgani ko‘proq pandemiya bilan ham bog‘liq holat edi. Yuqorida aytdim, turmush o‘rtog‘im Rossiyaga qatnab ishlaydilar. Bahorda jo‘naydilar. Kuzda qaytadilar. Lekin koronovirus tarqalganda, mamlakatlar o‘rtasida yo‘llar berkilgan, berkilmaganida yurtdoshlarimiz Rossiyada ishsiz qolgani yodingizda bo‘lsa kerak. Qarzga mashinani olib bo‘lgandan keyin, dadasi ham ishsiz qolmasligiga kafolot yo‘qligini sezdik. O‘sha holatda ham ular Moskvada turib harakat qildilar, men ham nimadir qilishim kerakligini o‘ylardim. Bu yoqda mashina uyda bekor turibdi. Mashina haydashni  o‘rganishga kirishdim.   

–  Taksida ishlashning qulayligi nimada ekan?

–  O‘tirib pul topasiz.

 Ikkalamiz baravariga kulib yuboramiz. Keyin Nargiza sokin tortadi:

 –  Otam rahmatlik yoshligimizda o‘tib ketgan. 32 yoshida beva qolgan onam olti bolani oyoqqa qo‘yish uchun o‘zini o‘tga-cho‘qqa urdi. O‘zim ham 7-sinfimdan bozorda savdo qilganman, maktabdan keyin to‘g‘ri bozorga o‘tgan kunlarim kam emasdi. Magazinda ham turganmiz. Somsaxonani ham yo‘lga qo‘yganmiz... Onam o‘tgan yili 61 yoshda olamdan o‘tdilar.

Qiyinchiliklar ayolni erta qaritar ekanmi? Boshimdan kechirganlarim men uchun katta maktab! Bajargan ishlarim bilan qiyoslaganda rulda bo‘lish men uchun qiyin ish emas.

«Yandeks»ning haydovchi uchun aniq qulayligi – mijoz bilan savdolashmaysiz! Xizmat haqini tizim o‘zi chiqarib beradi, mijoz pulini to‘laydi. Yaxshi ishlasangiz, reytingingiz baland bo‘lsa, bonuslari bor, qo‘shimcha to‘lov beriladi. Ayol haydovchi uchun eng muhim qulayligi esa –  ish jadvalingizni o‘zingiz belgilaysiz. Masalan, men taksida pul topayapman deb ro‘zg‘orim, bolalarimni tashlab qo‘ymayman. Bolani vrachga olib borish zarurati bo‘ladimi (kecha kichkinam futbol o‘ynayotganda yiqilib, yelkasini jarohatlabdi), ota-onalar majlisimi yo boshqa holatlarda «Yandeks» tizimini o‘chirib oilaviy masalalar bilan shug‘ullanaveraman.

–  Noqulayligi-chi,  noqulaylikni ham his qilasizmi?

–  Avvaliga hamma har xil tushunadi, degan o‘y meni tinch qo‘ymasdi. Lekin, bugun ishonch hosil qildim. Internet orqali buyurtma berdimi, u inson omi, dunyobexabar emas, mehnat qilib pul topaman degan ayol bu kimgadir o‘lja bo‘lmasligini yaxshi tushunadigan inson. Undan keyin borar manzilingiz, buyurtma bergan shaxs ma’lumotlari o‘sha zahotiyoq tizimda qayd etiladi. Taksichi ayolmi, erkakmi, avvalo ana shu jihatdan xavfsizligi ta’minlanadi. Ishga erkaklarga xos kiyinib chiqaman. Sochni yig‘ishtirib, kepkani bostirib kiyaman, ko‘zda ko‘zoynak. Bir qarashda ko‘pchilik ayol kishiligimni ilg‘amaydi ham. Mashinaga chiqayotganda «salomaleykum aka... i-i-ye-ye... uzr, opa...»  deyilgan joylar kam emas. 

–  Men noqulaylik deganda yo‘lda mashinaning buzilib qolishi kabi holatlarni ham nazarda  tutgandim...

–  Qishloqda, temir-tersak orasida katta bo‘lganman. Akamlar, ukamlar – hammasi texnika bilan. Oilada 4 o‘g‘il va 2 qizmiz. Esimni tanibmanki, uyimizda traktordan tortib kombayngacha turardi. Ular tabiiyki, buzilardi ham. Sozlashganda,  «u kalitni berib yubor, bunisini uzat» deya, ularning atrofida aylanib yurganmiz. Birgalikda itarib, yurgizganmiz. O‘zi yoshligimda velosiped haydardim. Xullas, mashinada uncha-buncha nosozlikni o‘zim tushunaman...

–  Har kuni turfa odamlar bilan duch kelish, ularni kuzatish ruhiy dunyongizga nimalardir beradimi, nimalarnidir o‘zingizcha  kashf qilasizmi?

–  Albatta. Har bir yo‘lovchi – bir dunyo. Shifoxonadan xayoli parishon chiqib, bolasiga telefonda «Men magazindan chiqdim» degan ona, mashinangizni sariqqa bo‘yasangiz edi deb iymanib gapirgan kelin, askar o‘g‘lini ko‘rishga borayotgan ota... ularning hammasi meni katta dunyoga yetakladi, desam bo‘ladi. Mayda-chuyda gaplardan uzoqlashganman.  Yo‘lovchilar ham o‘zlaricha siz aytgandek nimadir «kashf» qilgilari keladi shekilli «erkakning ishini qilish qiyin emasmi?» deb so‘rashadi. Men esa «ayollar ishini qiynalmay bajarayotgan erkaklar ham bor-ku» deyman. Mashinaga ayollar chiqsa, ko‘p hollarda quvonganini yashirishmaydi. Bir pasda emin-erkin suhbatga kirishishadi. O‘rangan opa-singillar orasida ro‘molini bir pasga tushirib qo‘yadilarni kuzataman. Erlari uzoqda ishlayotgan yoki shu yerda bo‘lsa ham rashkchiroq bo‘lganlarning ayollari, qizlari telefon raqamimni olib qolishadi. Ular dam olish kunimni bilib, chaqirishadi. Masalan, bozorga olib boraman. Kutib o‘tiraman. Bir dunyo narsa ko‘tarib chiqadi. Uyiga olib boraman. Kutib o‘tirganimga ham pul beradi. Xuddi shunday klinika, salon, atele, sovchilik deysizmi, xullas, erkaklar toqati yetmaydigan yumushdan men bahra olaman. Shunda men ayollarga kerakman, deb aytaman.

–  Siz kabi ayol taksichilar Samarqandda yana bormi?

–  Men tanimayman. Kim minsayam, «boshqa joylarda,  Turkiyada, Rossiyada, Toshkentda ayol kirakashlik qilganini ko‘rganman, lekin Samarqandda birinchi marta ko‘rishim» deb aytishadi.

–  Ko‘nglingizga ozor berilgan hollar ham bo‘lganmi? 

–  Masalan, buyurtma beriladi. Manzilga yetay degan joyda rad tugmasini bosib qo‘yadi. Vaholanki, Samarqand yo‘llaridagi muntazam ta’mirlashlar, buning ortidan tiqilinch holatlarni, avtomobil qayerda va qanday harakatlanayotgani kartada ko‘rib turish mumkin. Shunda rahbariyatmiz haydovchilarga taskin berib, to‘laligicha onlayn to‘lovga o‘tganda bunday holatlarda ham pul yechib olinishini aytadi. Lekin mijoz rad qilgani mening ishimdan noroziligini anglatmaydi. Balki rejasi o‘zgarib qolgandir...

–  Samarqandda haydovchilarning o‘zaro munosabatlari ham hamma vaqt ham silliq kechmaydi...

–  Onda-sonda bo‘lsa ham uchrab turadi. Mashinani siqib, quvib o‘tishgan hollar ham bo‘ldi. Siqib kelib, signal chalib, oynasini tushurib endi yomon gap gapirmoqchi bo‘lganda, ayol kishiligimni ko‘rib o‘zlarini orqaga tashlaydi. Bir-birlariga «Opa ekan-ku», «Oyti budas, mard shav» deganlari quloqqa chalinadi.

–  Yo‘l-trasport holatiga duch kelgan paytlaringiz ham bo‘lganmi?

–  Bo‘ldi. Unchalik qo‘rqinchli emas edi-yu lekin baribir avariya edi-da. Birinchi o‘sha «Matiz» olgan vaqtimda Samarqand shahrida bo‘lgandi. Ochig‘i, o‘zimning xatoim tufayli yuz bergandi. Ketadigan yo‘lingizda hech qachon o‘ng tomondan quvib o‘tish mumkin emas. Chap tomon asosiy yo‘l. O‘ng tomonda quvib o‘tgan joyimda to‘qnashganmiz. O‘zimga zarar yetmagan bo‘lsa ham oynalar singan. Shu joyda kelishib tarqaganmiz.  

–  Haydovchilarning aksariyati «GAI» xodimlariga antipatiya bilan qarashadi. Sizda shu kayfiyat yo‘qmi?

 –  Faoliyatimni yangi boshlagan vaqtda, o‘xshaydimi-o‘xshamaydimi deya litsenziya olmagan edim. Shu holatda mashinani evakuatorga ortib ketib, haydovchiga 5 mln so‘mdan ortiq jarima solishi mumkin edi. Tekshirishganda, «ayol kishi ekan, shaharda necha yildan buyon birinchi marta ayol taksichi uchrayapti» deb qo‘yib yuborishgan. Shundan buyon ularni hurmat qilaman. Avtomobilni boshqarish bo‘yicha ham jarimaga tushmaslikka harakat qilaman.

–  Samarqandning ta’mirsiz, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llari ham kam emas. Shunda qiynalmaysizmi?

–  Iloji boricha shunaqa ko‘chalarni chetlab o‘tishga, uzoqroq bo‘lsa ham tekis yo‘llardan yurishga harakat qilaman.

–  Yaxshi, qulay deyapsizu, muntazam rul boshqarish ham odamni charchatib yubormaydimi?

–  Hamma gap shundaki, men ikki kun taksidaman, ikki kun Samarqanddagi “Silk Road” – “Buyuk Ipay yo‘li” sayyohlik majmuasida styuart sifatida ishlayman. Opam Tayloq tumaniga tushgan. Bu yerda opam bilan (Namunali xodim bo‘lgani uchun Nodira O‘tayeva desa ko‘pchilik taniydi) birga ishlaymiz. Styuart sodda tilda aytganda oshpaz yordamchisining yordamchisi. Undan keyin Chelakdagi tug‘ruqxonada chorak stavkada sanitarkalikni ham saqlab qolganman. 15 kunda bir to‘g‘ri keladi. O‘n yillik jamoamdan kecholmadim.  



–  Omadingizni bersin! Oq yo‘l!

Mustahkam Tangriyorova suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring