Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kusherbayev va boshqa bir guruh deputatlar «UZAUTOMOTORS» ustidan antimonopol qo‘mita raisiga so‘rov yuborishdi

Kusherbayev va boshqa bir guruh deputatlar «UZAUTOMOTORS» ustidan antimonopol qo‘mita raisiga so‘rov yuborishdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning ma’lum qilishicha, bir guruh deputatlar tomonidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisiga deputatlik so‘rovi yuborilgan.

«Avtomobil ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi «UZAUTOMOTORS» AJning joriy yil mart oyida bir qator yengil avtomobillar narxini oshirishi saylovchilar va jamoatchilik vakillari tomonidan keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Mamlakatimizda raqobat muhitini yaxshilash, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida ishtirokchilar uchun teng imkoniyatlar yaratish investitsiyaviy muhitni yaxshilashning muhim talabi ekanligini inobatga olib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi bir guruh deputatlar tomonidan mazkur soha o‘rganilib, takliflar ishlab chiqilmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari hisoblangan deputatlar R.Kusherbayev, D.G‘aniyev, N.Jumayev tomonidan «Parlament nazorati» shaklida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi N.Sh.Sharipovga tegishli deputatlik so‘rovi yuborildi.

So‘rovda Hukumat topshirig‘i doirasida «UZAUTOMOTORS» AJ tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va sohani tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi, shu jumladan ishlab chiqarilayotgan avtomobillar tannarxi shakllanishi va narx qo‘llanilishi asosliligi yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar va ko‘rilgan choralar haqida asoslantirilgan axborot berish hamda qo‘mitaning avtomobillar narxini aholining xarid qobiliyatiga moslashtirish yuzasidan nuqtai nazarini bayon etish talabi qo‘yilgan», deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring