Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«UzAuto Motors»ning avtomobil narxini oshirishdagi «o‘yinlari» fosh bo‘lmoqda...mi?

«UzAuto Motors»ning avtomobil narxini oshirishdagi «o‘yinlari» fosh bo‘lmoqda...mi?

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan «UzAuto Motors» AJda O‘zbekiston Respublikasining «Raqobat to‘g‘risida»gi qonuni va sohani tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi, shu jumladan, ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillar tannarxi shakllanishi va narx qo‘llanilishi asosliligi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida qo‘zg‘atilgan ish «UzAuto Motors» AJ vakillari ishtirokida videokonferens rejimida ko‘rib chiqildi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, tekshirish jarayonida quyidagi qonunbuzilish alomatlari aniqlangan.

Xususan, «UzAuto Motors» AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillarning amaldagi narxlarini shakllantirishda ayrim xarajatlarni oshirib kiritganligi sababli monopol yuqori narx qo‘llanilishi alomatlari aniqlangan.

Bunda:

Birinchidan, avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda normalanadigan xarajatlarni, ya’ni butlovchi qism va materiallar narxini oshirib kiritish;

Ikkinchidan, Jamiyat tomonidan avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda o‘tgan yilning 9-oylik hisobot ko‘rsatkichlari inobatga olish oqibatida normalanmaydigan xarajatlarning oshishi;

Uchinchidan, Jamiyat tomonidan avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda reklama xarajati va boshqa xarajatlar asossiz kiritilishining narxga ta’siri;

To‘rtinchidan, avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda kreditga bog‘liq xarajatlarning noto‘g‘ri kiritilishi kabi omillar narx yuqori shakllanishiga sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, yengil avtomobillarni iste’molchilarga realizatsiya qilishda ayrim dilerlarga boshqalariga  nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyoz va yengilliklarni berish, yangi tashkil etilayotgan dilerlar bilan shartnoma tuzishda shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni qo‘yish kabi holatlarni sodir etish alomatlari aniqlangan. Bu qisqa muddatda sotilgan avtomobillarning aksariyat qismi kam sonli ayrim dilerlar orqali sotilishiga sabab bo‘lgan (shu yeri juda shubhali harakat — deputat ta’kidi).

Yana bir masala: «UzAuto Motors» AJ yangi tashkil etilayotgan dilerlik markazlari bilan tuziladigan dilerlik shartnomasiga 10 mlrd. so‘m miqdorida oldindan to‘lov o‘tkazish shartini kiritgan bo‘lib, biroq shu kunga qadar amalda ishlab turgan dilerlik markazlari bilan tuzilgan shartnomalarda bunday shartlar mavjud emas. Bu o‘z o‘rnida yangi ishtirokchilarning «bozor»ga kirib kelishida sun’iy to‘siq paydo qilgan.

Yana bir qiziq holat shundaki, maxsus aksiyaga tushgan avtomobillarni muddatli to‘lov asosida sotishni «UzAuto Motors» AJ o‘zi ta’sischiligidagi «Autosanoat Invest» MChJ orqali amalga oshirish tizimini shakllantirgan. Bunda boshqa dilerlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri bu ishni amalga oshira olishmay, sun’iy to‘siq qo‘yilgan.

Bu holatlar atroflicha muhokama etildi. Va kutilganidek, «UzAuto Motors» AJ bu vajlarni tan olmay qo‘shimcha hujjatlar bilan tanishib chiqib, ish mazmuniga ta’luqli materiallarni taqdim etishini bildirib o‘tdi. Shu sababli ishni ko‘rishni yaqin kunlarda davom ettirishga qaror qilindi.

Muhokamada Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan ish bo‘yicha maxsus komissiyasi qaror qabul qilganidan so‘ng natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot taqdim etilishi ma’lum qilindi.

Shu sababli qo‘mita tekshiruvida aniqlagan raqamlar va ularning tahlili haqida komissiya qaroridan so‘ng batafsil to‘xtalib o‘tamiz, deb yozadi deputat Rasul Kusherbayev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring