Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

UzAuto BYD bilan hamkorlikda O‘zbekiston iste’molchilarining ehtiyojlarini o‘rganishni boshladi

UzAuto BYD bilan hamkorlikda O‘zbekiston iste’molchilarining ehtiyojlarini o‘rganishni boshladi

UzAuto O‘zbekiston iste’molchilari uchun eng yaxshi mahsulotni yaratish va ularning ehtiyojlarini aniqlash maqsadida, Xitoyning BYD kompaniyasi bilan hamkorlikda «Car clinic»– tadqiqot loyihasini o‘tkazishni boshladi. Unda potensial xaridorlarning yangi energiya manbalari bo‘yicha avtomobillarni qabul qilishi o‘rganiladi.

UzAuto bozorga avtomobillarni olib kirilishida dastlab iste’molchilarning fikrini o‘rganish an’anaga aylandi. Bu o‘z navbatida, kompaniyaning barcha mahsulotlarini mahalliy sharoit va afzalliklarga moslashtiradi.

Iste’molchilar ehtiyojlarini aniqlash maqsadida, BYD avtomobil modellarining plaginli gibrid elektromobillari (PHEV) prototiplar sifatida taqdim etildi.

Car clinic ishtirokchilari taqdim etilgan modellarning texnik xususiyatlari orasida BYD tomonidan ishlab chiqarilgan portlash va yong‘inga chidamli Blade Battery akkumulyatorlarning mavjudligini qayd etishdi.

Bu akkumulyator to‘liq zaryad va to‘liq yoqilg‘i bakida 100 km uchun atigi 3.8-4.5 l yoqilg‘i sarfi bilan 1 200 kmgacha masofani bosib o‘tishga imkon beradi. Tezlashuv vaqti 100 km/sga 7.3-7.9 soniyani tashkil etadi.

Ta’kidlash joizki, Xitoyda avtomobilning birinchi egalari uchun uning asosiy qismlariga (akkumulyator, dvigatel va elektron boshqaruv tizimi) umrbod kafolat beriladi. Avtomobil kafolati 6 yil yoki 150 000 km bo‘lib, bu esa avtomobilning yuqori ishonchliligidan dalolat beradi.

Barcha uchun alohida ijobiy fakt bu turdagi avtomobillarni boshqarishning tejamkorligi bo‘ldi – taxminlarga ko‘ra, PHEV’ning yillik ekspluatatsiya xarajatlari boshqa avtomobillarga qaraganda 400 dollarga kam.

Aqlli boshqaruv tizimi va 360° kameralarning mavjudligi avtomobilni telefon orqali boshqarish, shuningdek, uning joylashuvini, kameralardan olingan ma’lumotlarni, yoqilg‘i sarfini, isitish va sovutish tizimi va boshqa bir qator tizimlarni boshqarish imkonini beradi.

Bularning barchasi, zamonaviy avtomobil dizayni bilan bir qatorda shuningdek, katta displey (uni tekislikda 90 gradusga kengaytirish imkoniyati bilan), adaptiv kruiz-kontrol, yo‘nalishni boshqarish, havoni tozalash tizimi, simsiz zaryadlash va boshqa ko‘plab funksional imkoniyatlarning mavjudligi, futuristik disklari bilan BYD avtomobillarini sotib olish uchun eng funksional va maqbullardan biriga aylantiradi.

O‘zbekistonda yangi energiya manbalarida avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilganligi munosabati bilan tadbir qatnashchilari uchun ushbu avtomobillarni ko‘zdan kechirish bilan birga «Test drive» ham o‘tkazildi. Shuningdek, sinovdan o‘tayotgan modellardan iste’molchilarning ko‘ngli to‘lgani yoki kamchiliklari, avtomobil dizayni, qulayligi va boshqa ko‘plab jihatlarini o‘rganishga qaratilgan maxsus so‘rovnoma o‘tkazildi.

«Car clinic» usuli «sifatli» tadqiqotlarni, avtomobillarning statistik va dinamik testlarini, shuningdek, so‘rovnomalarni o‘z ichiga oladi.

Tadqiqotning maqsadli auditoriyasi an’anaviy yoqilg‘ili avtomobil va elektromobil egalari bo‘lib, kelajakda optimal konfiguratsiyaning zarur imkoniyatlari va xususiyatlarini batafsil aniqlashga imkon beradi. Ishtirokchilardan olingan so‘rovnomalar natijasi O‘zbekistonda seriyali ishlab chiqarilishi kutilayotgan avtomobillarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishiga qaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida UzAuto va Xitoyning eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi BYD o‘rtasida o‘zaro hamkorlik qilishga kelishildi. Hamkorlik doirasida tomonlar yengil avtomobillar hamda avtobuslar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihani O‘zbekistonning yangi energiya manbaida (NEV — gibridlar, elektromobillar va elektroavtobuslar) amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganishni kelishib olishdi. Shuningdek, loyiha o‘z ichiga savdo va servis xizmat ko‘rsatish, shu jumladan elektromobil akkumulyatorlari hamda elektrodvigatellarga texnik xizmat ko‘rsatish tarmog‘lari tashkil etishni o‘z ichiga oladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring