Toshkentda tirbandliklar boshlandi
Poytaxt yo‘llarida kecha, 6 sentyabrdan boshlab katta tirbandliklar yuzaga kela boshladi.
Toshkent shahar transport boshqarmasi buning sababini ta’til mavsumi tugashi, maktablar, litseylar, oliy o‘quv yurtlarida o‘quv jarayonlari boshlanishi bilan poytaxt yo‘llarida xarakatlanayotgan transport vositalari soni ortgani bilan izohladi.
«Poytaxtimiz ko‘chalarida yengil avtomobillar hamda yo‘nalishsiz taksilar sonining ko‘payishi tirbandliklarni kelib chiqardi. Bu esa o‘z navbatida avtobus va yo‘nalishli taksilar oraliq vaqtining oshishiga olib keldi.
O‘quv mavsumining birinchi kunida yo‘nalishsiz taksi xizmatlariga bo‘lgan katta talabdan ayrim haydovchilar ko‘proq foyda olaman deb sun’iy ravishda yo‘nalishsiz taksi xizmatlari narxini keskin oshirib yuborgan va aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan», deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, tig‘iz vaqtda Toshkent shahri aholisiga jamoat transportining 1 397 ta harakat tarkibi, shu jumladan 850 ta avtobuslar va 547 ta mikroavtobuslar xizmat ko‘rsatgan.
Bundan tashqari soat 7:30 dan 9:00 gacha metropolitenning Chilonzor metro yo‘nalishida 3 daqiqa, O‘zbekiston yo‘nalishida 4 daqiqa va Yunusobod yo‘nalishlarida 7 daqiqalik oraliq masofa bilan metro poyezdlari harakatlangan.
«Yo‘nalishsiz taksi xizmatlaridan mobil ilova orqali foydalanishni tavsiya etiladi, bunda vaqtingizni va pulingizni tejaysiz», deya maslahat beradi poytaxt transport boshqarmasi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter