Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent – Samarqand: taksida yo‘lovchi qanchalik himoyalangan?

Toshkent – Samarqand: taksida yo‘lovchi qanchalik himoyalangan?

Foto: «Xabar.uz»

Ishim Toshkentda, uyim Samarqandda. Oyda bir-ikki marta uyga borib-qaytaman. Men kabilar kammi? Nafaqat ish, balki davolanish, tijorat, qarindoshchilik va boshqa jihatlar bahonasida ikki shahar ortasida qatnov azaldan bo‘lgan, bor va bo‘ladi. Va nafaqat Samarqand, balki, respublikaning barcha viloyatlari bilan poytaxt o‘rtasida trasport serqatnovligi tabiiy hol.

Menga taksida qatnash qulaydek tuyuladi. Lekin yaqinlarim har safar zorlangandek gapirishadi: «Poyezdlar ham ko‘p-ku...» Ha, uchoq ham bor, avtobuslar qator tizilib turadi. Ammo aniq vaqtda yetisholmay qolish xavotiridan taksiga o‘rganib qolganman. Istagan vaqtingda sumkangni yelkaga osib chiqib ketaverasan. Qulay deyapmanu, qulayligi qanchalik ko‘p bo‘lsa, noqulayligiga ham shuncha, deb o‘ylayman gohida.

Olmazor metrosi yaqinida har bir o‘z manzilini aytib baqirib-chaqirayotganlardan so‘rashadi. «Qayerga?» Samarqandligini bilgan 3-4 haydovchi o‘zining qulay jihatlarini aytaveradi. «Mening uchta odamim bor», «Konditsioner ishlaydi», «Hech qayerda to‘xtamaymiz». Shunaqa vaziyatda siz ham bo‘lsangiz, birinchi jo‘naydiganini tanlardingiz. Xo‘b, qaysi mashina? Haydovchining ortidan ergashib borasiz. Quyosh tig‘ida qizib turgan mashinani ko‘rib asta ortga qaytasiz. Saratonda soat 10 gacha quyosh tig‘ida turgan (gaz ballonli), konditsioner ishlamaydigan va o‘rtada o‘tirishingiz kerak bo‘lgan mashinani uzoq yo‘llarga yurib-ko‘rib kelaytgan odam hech qachon tanlamaydi

Boshqa bir haydovchining soyada saqlayotgan mashinasida bormoqchi bo‘lib kelishasiz. Yo‘l sumkangiz bagajga joylanadi. «Ichkarida o‘tirib turing». Mashina saloni shunchalar badbo‘y... Birozdan keyin tashqariga, toza havoga chiqasiz. Yana 3 yo‘lovchi topilib kelguncha tashqarida turishga qaror qilasiz. Nariroqda Samarqandga jo‘naydigan boshqa mashinalarning birida ikkita, boshqasida 3 nafar yo‘lovchi to‘planib bo‘lgan ekan. Keyingisiga chiqib jo‘nab qolgim keladi. Lekin sumkam bagajdaligini bilib haydovchi «o‘tirgan ekansiz-ku, o‘tirmaganingizda olardim» deydi. Sabr bilan kutaman. Har zamonda «mening» haydovchim aylanib kelib «ana kelayapti, mana kelayapti. Telefon qildi» deb ketadi. Bir soat, tag‘in yarim soat o‘tdi. E’tibor bersam, haydovchi karaxtroqdek tuyuldi.

«Charchaganmisiz, nega yo‘lovchini olishda chaqqonlik qilmayapsiz» so‘rayman. Ma’lum bo‘lishicha, tongga yaqin Toshkentga kirib kelgan ekan. Demak, uyqusirab turibdi. Mashina ichida mizg‘ib olgan bo‘lishi ehtimoli ham bor. Lekin yo‘l haydovchini ham, yo‘lovchilarni ham birdek «allalaydi». Shu gaplar ko‘nglimdan kechar ekan, «Sizni boshqa sherigim olib ketadi» deb qoldi hayodovchi bir aylanib kelib. Sumkam garajdan chiqqaniga xursand bo‘ldim. Lekin keyingi mashinaga ayni o‘tirganimda «faqat Bulung‘urdan sizni boshqa mashinaga o‘tqazib yuboraman» demaydimi? Mashinadan tushdim. Keyingi mashina chiqsangiz ketamiz, degani uchun tavakkal qildim. Lekin shofyor oldindan aytdi: «mana bu oilani uyigacha olib borishga kelishganman». Noiloj ko‘ndim. Katta yo‘ldan ichkariga kirib, tosh-chaqir yo‘llar bilan qaysidir qishloqqa kirib-chiqquncha qariyb bir soatcha vaqt yo‘qotdim, yo‘lning nosozligi ham charchatdi...  Toshkent – Samarqand yo‘lida taksida qatnash hamma vaqt ham sarguzashtli bo‘lavermasa-da, bundan-da dilni xira qiladigan holatlar ham uchraydi.

Qaysidir bayram oldidan viloyatlarga jo‘naydigan yo‘lovchilar ko‘paygan oqshom edi. Bu gal Toshkent avtovokzali yonida taksi bekatiga bordim. Bir shofyor yo‘lovchilari ayollar, ularning yonlariga faqat ayol kishi kerakligini aytdi. Samimiy qishloq ayollari ekan. Meni ularning yoniga o‘tqazib, haydovchi bir zumlik ishi borligini aytib ketdi. Odatda mashina to‘lganda pochta ham olishlarini bilardim. Ko‘p o‘tmay mashina yo‘lga tushdi ham. Sekin harakatlanayotgani poytaxt ichkarisidagi tig‘izlik bilan bog‘liq deb o‘yladim. Keyin belim og‘riy boshladi. «Neksiya-3» xuddi «Tiko» kabi odamni charchatayotgan edi. Sirdaryoga yetganimizda, qaysidir do‘kon oldida to‘xtab suv olish uchun tushsak,  avtomobilga tirkama o‘rnatilganini ko‘rdim... Nimayam qila olamiz, bayram oldi, yarim yo‘lda janjallashamizmi?

«Siz bunga e’tibor bermang, 4 soatda yetib boramiz» katta gapirdi haydovchi. Keyin Jizzaxda qaysidir kafeda to‘xtadi. Odatda Toshkentdan Samarqandgacha 3 yarim 4 soatlik yo‘l bo‘lgani uchun yo‘lda ovqatlanishga to‘xtamas edik. Ayollar stoldan qo‘zg‘aldik ham haydovchi hech o‘rnidan turmasa-chi. «Yarim soat mizg‘imasam bo‘lmaydi, sizlarni sog‘-salomat yetkazishim kerak» degandan keyin jim qoldik. Xullas, Samarqandga tongda kirib bordik...

Yana boshqa seriyasi: yo‘lovchilar uch kishi edik. Bir kishi Jizzaxda tushib qoldi. Oldingi o‘rindiqdagi shirakayfroq erkak esa xurillab uxlab kelardi. Shofyor bir necha marta uning maza qilib uxlayotganligini takrorladi. Gap topmay gapirayapti-da deb e’tibor bermadim. Oxiri u iltimos qildi: «Gapirib keling opa, meni uyqu bosayapti». Tabiatan yaxshi tanimagan kishilar bilan ko‘pam gaplasha olmayman. Ishdan charchab chiqqanman, ertaga bir kun dam olish kunidagi ishlarimni rejalashtirmoqchi edim. Lekin ukam qatori bolaga bo‘lgan-bo‘lmagan narsalar haqida laqillab kelishga majbur bo‘ldim. Men-ku shaharda tushib qoldim. Shirakayf yo‘lovchi va uyqusiragan haydovchi tumanga borishlari kerak edi. Qanday yetib borishdi, menga qorong‘u.

To‘g‘ri, o‘zini bilgan, yo‘lovchilarini hurmat qilgan haydovchilar ham kam emas. Lekin xuddi yuqorida qiliqlari aytilgan haydovchilar Samarqanddan qaytishda ham o‘zlarini g‘alati tutadilar. Bittasi bor, ertalab katta yo‘lda telefonini olib kimgadir ikki qo‘llab SMS yozaveradi. «Borib yozarsiz» desak, «yo‘l bo‘m-bo‘sh-ku» deydi. Bir gal ana shunday munozara paytida yo‘l o‘rtasidagi to‘siq – og‘ir beton mashinamiz oldiga siljib keldi, qarshidan kelayotgan mashina haydovchisi uxlab qolib betonga kelib urilgan edi. Haydovchini shu lahzada yo‘lga qaratgan ekanmiz, chaqqonlik bilan rulni burib, kasofatdan uzoq bo‘ldik. «Ko‘rdingizmi, yo‘l bo‘shligini» dedim achchig‘im chiqib...

Har gal yo‘lda bir necha yo‘l harakat halokatiga guvoh bo‘laman. Turli darajadagi hodisalar. Asfaltda qolgan qon dog‘lari ichingni tirnaydi. Bularga sabab deb haydovchining faqat uyqudan qolgani yoki telefon uynagani emas, kim o‘zarlar, avtomobillarning nosoz tarzda yo‘lga chiqishi va hokazolar ko‘rsatilib kelinadi. Qolaversa, faqat avtomobil harakati bilan bog‘liq emas, balki yo‘lkiradagi g‘irromliklar, uzoq safardan qaytib kelayotgani chamadonidan ko‘rinib turgan hamyurtimiz, bolasini O‘zbekistonda davolatayotgan qo‘shni davlat vatandoshi, o‘zlari mustaqil sayohat qilmoqchi bo‘lgan xorijiy sayyohlardan uch, to‘rt hissaga ko‘p pul olinishini ko‘rib-bilib, yarim yo‘lda nima deyishni bilmay ham qolamiz.

Shaharlararo taksi harakat yo‘lovchilarga ham haydovchiga ham kerak ekan, uni tartibga solishni nega o‘ylamaymiz? Deylik, avtomobilning holati, haydovchining holati, xuddi shahar ichkarisidagi taksi xizmati kabi «komfort», «tejamli xizmat» kabi kategoriyalarga ajratilib o‘rtacha narxlar oshkora tarzda e’lon qilinsa yaxshi bo‘lardi. Ammo bu yangi korrupsiya tizimi uchun yo‘l bo‘lmasligi kerak albatta.

Shahnoza Jo‘raqulova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring