Toshkent ostonasidagi «uyatli manzara» mutasaddilar e’tiboriga tushgan ko‘rinadi
O‘zbekistonda yuk tashuvchi mashinalar haydovchilari turli qiyinchiliklarga duch kelishayotgani va Transport vazirligiga e’tirozlar bildirilayotgani to‘g‘risida «Xabar.uz»ga videomurojaatlar kelib tushgandi.
Jumladan, unda Toshkent shahriga kirib kelishda yuk tashuvchi mashinalar uchun «stoyanka» muammosi ko‘tarilgandi.
Nihoyat, Transport vazirligi ushbu muammo yechimini izlayotgan ko‘rinadi. Qayd etilishicha, yuk avtomobillari uchun avtoturargohlar barpo etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, sohada o‘z yechimini kutayotgan qator muammolarni bosqichma-bosqich ravishda hal etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, yurtimizda yuk tashuvlari sohasida tadbirkorlik faoliyatini yuritish borasida qulay shart-sharoitlarning yaratilayotgani, milliy va xalqaro tashuvchilar uchun teng imkoniyatlarning taqdim etilgani, mamlakatimizning tranzit salohiyatini oshirish maqsadida yangi koridorlarning tashkil etilishi yurtimizning xalqaro logistika jarayonlarining faol ishtirokchisiga aylantirmoqda. Buning natijasida esa so‘nggi yillarda mamlakatimizdagi yuk avtomobillari soni keskin ravishda oshib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, zamon talablariga mos yo‘l bo‘yi infratuzilmalarini yaratish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.
Ayni damdagi vaziyat esa yuk tashuvlari bilan shug‘ullanuvchi korxonalar va haydovchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Xalqaro ahamiyatga ega yo‘l bo‘yi hudularida yuk avtomobillari uchun avtoturargohlarning mavjud emasligi shular jumlasidandir.
Bugungi kunda Toshkent shahri hududida o‘z-o‘zidan yuzaga kelgan yuk avtomobillarining noqonuniy turar joylarini tartibga keltirish yo‘nalishida Transport vazirligi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Toshkent shahrida vujudga kelgan noqonuniy to‘xtash joylarining barchasi o‘rganib chiqildi. O‘rganishlarga ko‘ra ushbu joylarda aksariyat hollarda turli shaxslar tomonidan hech qanday ruxsatsiz xizmat ko‘rsatilib, haq olinayotganligi, antisanitariya holatlari mavjudligi, haydovchilar va transport vositalar uchun ilk zaruriy sharoitlar yo‘qligi aniqlandi (transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish joyi, haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish joyi, haydovchilar uchun dam olish joylari, transport vositalarini yuvish joylari va hokazo).
Ushbu joylar asosida o‘rnatilgan tartibda jihozlangan (avtomobillarni texnik ko‘rikdan va haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish joylari, haydovchilar uchun zarur sharoitlar mavjud), qo‘riqlanadigan, aholiga yuk tashish xizmati bilan shug‘ullanadigan transport vositalari uchun maxsus pullik avtoturargohlar tashkil etish masalasi bo‘yicha Toshkent shahar hokimligiga takliflar kiritildi. Hozirgi kunda ushbu takliflar tegishli idora va tashkilotlar tomonidan o‘rganib chiqilmoqda.
Shu o‘rinda transport vazirligi avtomobil turargohlari, kempinglar va boshqa yo‘l bo‘yi infratuzilma ob’yektlarni barpo etmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga vakolati doirasida yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini ma’lum qiladi. Davlat xususiy-sherikligi asosida bu kabi loyihalarni amalga oshirish orqali o‘z istiqbolli biznesingizni yo‘lga qo‘yishga chaqiramiz, deyiladi vazirlik xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter