Toshkent avtobuslariga videokuzatuv kameralari o‘rnatila boshlandi
Endi har bir avtobus haydovchisining faoliyatini kuzatib boradigan, uning xatti-harakatlarini nazoratga oladigan alohida kamera o‘rnatilmoqda, deb xabar bermoqda «UzNews.uz».
«Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati Harakat xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek To‘rabekovning ma’lum qilishicha, jamiyatga qarashli 8-avtobus saroyi hamda 2-avtobus saroyining ayrim avtobuslariga sinov tariqasida videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan.
Bu moslama 15 kundan 30 kunga qadar sinovdan o‘tkaziladi hamda hozirda test sifatida qo‘yilgan ikki yo‘nalishdagi ikki xil videokuzatuv moslamalaridan biri tanlab olinadi va qolgan barcha Avtobus saroylaridagi yo‘nalish avtobuslariga o‘rnatiladi.
Videokuzatuv moslamalari avtobusning oldi qismi, yon qismi, orqa tomonini to‘liq kuzatib, yozib oladi. Bundan tashqari eshiklarning ichkari yuqori qismiga esa yo‘lovchilarning sonini hisoblab boradigan kamera ham o‘rnatilgan. Bu kamerani o‘rnatilishidan asosiy maqsad, qaysi yo‘nalishda qancha yo‘lovchi harakat qilmoqda, avtobuslar sonini oshirish kerakmi yoki aksincha degan savolga osonlik bilan javob olish ekani ta’kidlandi.
Agarda bu sinov ijobiy natija beradigan bo‘lsa, yaqin vaqt oralig‘ida barcha jamoat trasportlarida kameralar o‘rnatiladi.
Eslatib o‘tamiz, jamoat va yo‘lovchi tashuvchi transportda videoregistrator o‘rnatilishi majburiy bo‘lishi haqida avvalroq xabar berilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter