Ramazon oyida mast holda rulga o‘tirgan 2 mingdan ziyod haydovchi qo‘lga tushdi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmatining O‘zAga xabar berishicha, 21-27-may kunlari respublika avtomobil yo‘llarida 142 yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Ularda 136 fuqaro turli darajadagi tan jarohati olgan.
Hafta davomida yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan jami 75 ming 967 qoidabuzarlik aniqlangan. Ularning 41 ming 845 tasini qo‘pol qoidabuzarliklar tashkil etadi. Jumladan, 1 ming 232 haydovchi transport vositasini mast holda boshqargan, 13 ming 969 haydovchi belgilangan tezlik talabiga amal qilmagan, 1 ming 101 haydovchi svetofor va chorrahalardan o‘tish qoidasini buzgan.
Shuningdek, xabarda odam tashish qoidasini buzgan 11 ming 938, transport vositasining oynalarini me’yoridan ortiqcha qoraytirgan 373, harakat vaqtida telefondan foydalangan 805 va xavfsizlik kamarlarini taqmasdan harakatlangan 15 ming 340 haydovchiga nisbatan ham tegishli choralar ko‘rilgani aytilgan.
Butun dunyo musulmonlari uchun muborak sanalgan Ramazon oyi 17-maydan boshlandi. Bu oy xalqimiz uchun ezgulik, saxovat, mehr-shafqat ramzi hisoblanadi. Shunga qaramay Ramazon oyida ham haydovchilarning spirtli ichimliklar iste’mol qilib, avtomobil boshqaruviga o‘tirishi achinarlidir. Ramazon oyining o‘tgan 11 kuni davomida YPX inspektorlari tomonidan 2 ming 26 haydovchiga shu kabi huquqbuzarliklar uchun choralar ko‘rilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter