Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Jizzaxda yig‘ilayotgan avtomobillarni borib ko‘rdi (foto)

Prezident Jizzaxda yig‘ilayotgan avtomobillarni borib ko‘rdi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Jizzax» erkin iqtisodiy zonasida joylashgan «ADM Jizzakh» mas’uliyati cheklangan jamiyatida avtomobillarni yirik uzelli yig‘ish tashkil etildi. Bu loyihaning birinchi bosqichi bo‘lib, shu yil mart oyida ishga tushirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur zavoddagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, deb xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Ushbu ilk loyihaning qiymati 12 million dollardan ziyod. Yillik ishlab chiqarish quvvati 25 ming dona. Zavod multibrendli bo‘lib, bu yerda «KIA», «Renault» va «Lada» rusumidagi 10 xil yengil avtomobil yig‘ilmoqda. Bugungi kungacha ichki bozorga 2 mingdan ziyod avtomobillar yetkazib berilgan. Bu mashinalar yuqori sifati, zamonaviy dizayni va shinamligi, tejamkorligi, servis xizmatlari arzonligi, boshqaruv qulayligi bilan xaridorlarga ma’qul kelmoqda. Avtomobillarga besh yillik kafolat berilayotir. Korxonada 250 nafar mutaxassis ishlamoqda.

Davlatimiz rahbariga loyihaning ikkinchi bosqichi haqida ma’lumot berildi.

216 million dollarlik mazkur loyiha doirasida kichik uzelli ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. Ya’ni, 314 turdagi butlovchi qismlarni yasash, payvandlash, bo‘yash va yig‘ish yo‘lga qo‘yiladi. Uni 2023 yilning birinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Buning natijasida zavod quvvati yiliga 100 ming donaga chiqadi. Yana 3 mingta yangi ish o‘rni paydo bo‘ladi. Ushbu bosqichda mahalliylashtirish 30 foizga yetkazilib, yiliga 150 million dollarlik avtomobillar eksport qilinadi. Zavod tayyor avtomobil va butlovchi qismlar ishlab chiqarish, konstruktorlik, logistika, kadr tayyorlash sohalarini qamrab oladi.

Yana bir muhim tomoni, bu zavod ko‘plab kichik korxonalar, xizmatlar tashkil topishiga turtki bo‘ladi. Masalan, hozirdanoq Jizzax shahri, Paxtakor va Sharof Rashidov tumanlarida butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha 500 million dollarlik 60 ta loyiha shakllantirilgan. Shuningdek, Amerika va Yevropa nufuzli injiniring kompaniyalari bilan birga, viloyatda tajriba-konstruktorlik va dizaynerlik markazi tashkil etiladi.

Prezident mahalliylashtirish darajasini oshirib, avtomobillar narxini arzonlashtirish, xaridorlarga tanlov imkoniyatini kengaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring