Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘ziyurar avtobuslar yo‘lga chiqdi — Janubiy Koreya

O‘ziyurar avtobuslar yo‘lga chiqdi — Janubiy Koreya

27 dekabr. Ilk o‘ziyurar avtobus Sejondagi avtobus stansiyasi yonidan o‘tyapti.

Foto: Yonhap

Janubiy Koreyada birinchi haydovchisiz yo‘lovchi avtobuslari yo‘nalishga qo‘yildi. The Korea Times yozishicha, bu avtobuslar 22,4 kilometrli yo‘nalishda harakatlanadi.

O‘ziyurar avtobuslar Sejon shaharlararo avtovokzalini Chxonju shahridagi Oson stansiyasi bilan bog‘laydi. Ular qatorida oddiy (haydovchili) avtobuslar qatnashda davom etadi.

Haydovchisiz avtobuslarga maxsus yo‘nalish raqamlari berildi. Hozircha ikkita avtobus sinovdan o‘tyapti. Ehtiyot yuzasidan bu avtobuslarga bir haydovchi va xavfsizlik xizmati xodimi biriktirilgan. O‘ziyurarlar dushanbadan jumagacha, tushdan soat 16:00 ga qadar kuniga oltitadan reysni amalga oshiradi, sakkizta bekatda to‘xtab o‘tadi.

O‘ziyurarlardan foydalanish hozircha bepul. Ularga chiqish uchun QR-kod yordamida tegishli manzilga murojaat qilinsa bas. Uch oylik sinov tugagach, yo‘l haqi belgilanadi: narxi oddiy avtobuslarniki bilan bir xil.

Chxonju shahri ma’muriyati 2025-yildan jamoat transportini to‘liq o‘ziyurar qilmoqchi. Yo‘llar muqobil jamoat transportidan tashqari, xususiy transport vositalari uchun ham moslashtiriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring