Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlari tahlili (yanvar oyi uchun)

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlari tahlili (yanvar oyi uchun)

Illyustrativ foto

Iqtisodchilarning fikricha, ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlarda talabning o‘zgarishi inqirozdan keyin iqtisodiy tiklanishning asosiy ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi, chunki uzoq muddat ishlatiladigan tovarlarga bo‘lgan talab iste’molchilar kayfiyatini juda yaxshi aks ettiradi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlarida talabning o‘zgarishi doimiy ravishda tahlil qilib kelinmoqda. Joriy yil yanvar oyida ushbu bozorlarda talabning oshishi O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish asta-sekin tiklanayotganidan dalolat bermoqda.

Ko‘chmas mulk bozori

Avval xabar berilganidek, koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq karantin cheklovlari joriy etilgunga qadar respublikamiz ko‘chmas mulk bozorida talab har oyda o‘rtacha 6-7% ga oshib borgan. Toshkent va Toshkent viloyatidagi ko‘chmas mulk bozorlaridagi savdolar umumiy bozor hajmining 40-45 %ini tashkil etgan.

2021 yil yanvar oyida respublika bo‘yicha rasmiylashtirilgan ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni 2020 yil yanvar oyiga nisbatan 17,9 foizga oshdi. Ko‘chmas mulk bozorining 30 foizidan ortig‘ini egallagan Toshkent shahrida esa ushbu ko‘rsatkich 26,9 foizni tashkil etdi.

Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish sur’atlari Buxoro, Andijon, Namangan va Samarqand viloyatlarida kuzatildi. Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida rasmiylashtirilgan ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni esa 2020 yil yanvar oyiga nisbatan kamaydi.

1-rasm. Ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar sonining o‘zgarishi

Ta’kidlash lozimki, Markaz tomonidan har oyda iste’molchilar kayfiyatini aks ettiruvchi so‘rov o‘tkazib boriladi (Iste’molchilar kayfiyati iindeksi). Joriy yil yanvar oyi uchun ushbu so‘rov natijalari va ko‘chmas mulk bozoridagi talab o‘zgarishi tahlili natijalari shuni ko‘rsatdiki, aholining uzoq muddatli tovarlarni sotib olish bo‘yicha ijobiy kutilmalari ulushining 1 foizga oshishi ko‘chmas mulk oldi-sotdilari sonini 1,5 foizga o‘sishiga olib keladi (2-rasm).  

2-rasm. Ko‘chmas mulk oldi-sotdisi va iste’molchilar kayfiyati o‘rtasidagi bog‘liqlik

Avtomobil bozori

Odatda, respublikada birlamchi va ikkilamchi bozorlarda avtomobil savdosining oylik o‘sishi o‘rtacha 2-3% ni tashkil etadi. 2020 yilning mart oyi o‘rtalaridan qat’iy karantin tadbirlarini joriy etilishi natijasida mart oyida ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni 2019 yilning shu davriga nisbatan 17,3 %ga (o‘tgan oyga nisbatan 34,6 %ga), aprel oyida esa 73,8 %ga (63,1 %ga) kamaygan edi (3-rasm).

May oyidan boshlab avtomobil bozoridagi vaziyat yana tiklana boshladi. Xususan, iyun oyida avtomobillar savdosi 2019 yil mos davri bilan taqqoslaganda 14,8 foizga (o‘tgan oyga nisbatan 15,7 foizga) ko‘paydi. Avgust oyida ushbu ko‘rsatkich 3,8 foizni (o‘tgan oyga nisbatan 54,3 foizni) tashkil etdi. 

Avtomobil bozorida talab sentyabr-oktyabr oylarida ham o‘sishda davom etdi. Savdo hajmi 2019 yil mos davri bilan taqqoslaganda sentyabr oyida 29,5 foizga, oktyabr oyida 19,2 foizga, noyabr oyida 9 foizga va dekabr oyida 10 foizga o‘sdi.

3-rasm. Ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar sonining o‘zgarishi

2021 yil yanvar oyida avtomobil bozorida aholi talabi

2020 yil yanvar oyiga nisbatan 5,3 foizga oshdi. Ta’kidlash kerakki, avtomobil bozorida savdo dinamikasi mavsumiy xarakterga ega, bu esa ko‘pgina omillar bilan izohlanadi (masalan, avtomobillar taklifining kamayishi, pul jo‘natmalarining kamayishi). Odatda, har yili yanvar oyida avtomobillar oldi-sotdisi o‘tgan yil dekabr oyiga nisbatan 16-19 foizga kamayadi.

Ma’lumki, yanvar oyida avtotransport vositalari savdosi o‘sish sur’atlari 5-6 foizni tashkil etadi, bu ko‘rsatkich boshqa oylarga qaraganda o‘rtacha hisobda past hisoblanadi.

Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish sur’atlari Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida kuzatildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, hududlar aholisining 1 foizga o‘sishi avtomobillar oldi-sotdisining 1,1 foizga oshishiga olib kelmoqda.

4-rasm. Avtomobil oldi-sotdisi va aholi soni o‘sishi o‘rtasidagi bog‘liqlik

*Ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlari batafsil tahlili «Ekonomicheskoye obozreniye» jurnalining navbatdagi sonida chop etiladi.

Xalilulloh Hamidov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring