Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«KAMAZ»dagi «YTH»: yangi mashinaga zavoddan chiqish nasib etmadi

«KAMAZ»dagi «YTH»: yangi mashinaga zavoddan chiqish nasib etmadi

Foto: «Region-116»

«Life» yozishicha, Rossiyaning Naberejniye Chelni shahridagi «KAMAZ» zavodida «YTH» sodir bo‘lgan: yap-yangi, ta’bir joiz bo‘lsa, bo‘yog‘i hali qurishga ham ulgurmagan mashina shundoqqina yig‘uv sexining o‘zida beton ustunga borib urildi.

Mashinaning ahvolini yuqoridagi fotosuratdan ko‘rib turibsiz. Favqulodda hodisadan hech kim jabr ko‘rmagan.

Zavod ma’muriyati hodisa sababi o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

Hodisa ijtimoiy tarmoqlar uchun «yaxshi yemak» bo‘ldi. Kimdir yuk mashinasi o‘zi mustaqil krash-testdan o‘tishga «uringanini» pisanda qilsa, yana kimdir haydovchisiz boshqarish bo‘yicha sinov o‘tkazilgan demoqda. Yana ayrimlarni voqea joyiga yo‘l-patrul xizmati xodimlari kelgan-kelmagani qiziqtirgan... Hazil o‘z yo‘liga, lekin jiddiy savollar ham bor.

«Kabina bunchalik pachoq bo‘lgan bo‘lsa, unda konveyerning tezligi qancha? Yo‘lda YTHga uchrasa nima bo‘lardi?», — deya xavotir bildirgan internet foydalanuvchilaridan biri.

Ta’kidlash kerakki, «KAMAZ» o‘tgan yozda haydovchisiz boshqariladigan birinchi elektrobusi — «ShATL»ni sinovdan o‘tkazgan va u maxsus trassada 10 km/soatgacha tezlik olgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring