Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tesla» kompaniyasi yopilib ketarmish. Boshlangan yilda nimalardan umid qilsak bo‘ladi?

«Tesla» kompaniyasi yopilib ketarmish. Boshlangan yilda nimalardan umid qilsak bo‘ladi?

Foto: «REUTERS»

Hash-pash deguncha 2017-yil ham adog‘iga yetib, o‘z o‘rnini 2018-yilga bo‘shatib berdi. Xo‘sh, global axborot texnologiyalari bozorida boshlangan yildan nimalarni umid qilsak bo‘ladi? Xalqaro ekspertlar bu borada allaqachon o‘z xulosalari, taxminlarini bildirib bo‘lishdi, demak, ularga quloq tutamiz.

Qurilmalar

«Apple» «o‘ninchi ayfon»ini chiqarganidan keyin boshqa kompaniyalar ham yuzdan tanuvchi smartfonlar chiqarish taraddudiga tushib qolishdi. Shu sabab ma’lumotlarni himoyalash bobida bu yil ko‘p o‘zgarishlarga guvoh bo‘lsak ajabmas. Nafaqat smartfonlar, balki to‘lov tizimlari, banklar va hokazo ilovalarda. Darvoqe, 2018-yili ijtimoiy tarmoqlarda mobil qurilmalar orqali to‘lovlar judayam urf bo‘lishi kutilyapti.

Kiberxavfsizlik

Axborot texnologiyalarining amaliy tizimlar bilan integratsiyalashuvi bardavom bo‘ladi. Kompaniyalar narsalar interneti ma’lumotlaridan foydalanishga zo‘r berishadi. Amaldagi barcha texnologiyalar birlashaveradi, shuning uchun ham avvaliga, xavfsizlik nuqtai nazaridan, zaifliklar yuzaga chiqib qolaveradi.

«Trend Micro» kompaniyasining ogohlantirishicha, kiberjinoyatchilar xavfsizlik tizimlarini aylanib o‘tish uchun narsalar interneti, sun’iy tafakkur va blokcheyndan foydalanishni avjiga chiqarishadi. Narsalar interneti qurilmalari hozircha ko‘p talablarga javob bera olmasligi bois xakerlar uchun qaysidir ma’noda «qulfsiz eshik»ka aylanib qoladi. Xuddi o‘tgan yilgidek, bu yil ham tovlamachi-viruslardan ehtiyot bo‘lish talab etiladi, qolaversa, kompaniyalarning korporativ yozishmalariga ko‘z olaytiruvchilar ko‘p bo‘ladi.

Marketing

Internet-marketing ham o‘zgaradi. Masalan, ayni shaxslarga qaratilgan kontentning istiqboli porloq. Bitta sayt har xil foydalanuvchilarga turlicha ta’sir ko‘rsatadi. Agarda kontent muayyan guruhdagilar (saytga birinchi kiruvchilar yoki saytdan aniq bir xizmatni qidirayotganlar)ga moslashtirilsa konversiya oshadi. Kompaniyalar sotuv jarayonlarini imkon qadar tezlatishga urinadilar.

Chat-botlardan 2018-yili ham savdo sohasida faol qo‘llaniladi. Mijoz ma’lumotlari asosida ishlovchi sun’iy tafakkur tovar tanlashda hatto jonli muloqotchidan ko‘ra foydaliroq maslahat berishi haqiqatga yaqinroq.

Yangi texnologiyalar

Bu yil haydovchisiz boshqariladigan juda ko‘plab avtomobillar chiqishi kutilyapti. «Tesla» kompaniyasi juda faol, qolaversa, yana ko‘plab startaplar boshqaruv tizimlari uchun xaritalar ishlab chiqishgan. Shu o‘rinda qiziq ma’lumot, «Bloomberg» ekspertlarining hisob-kitoblariga qaraganda, mablag‘i tugab qolishi oqibatida avgust oyida «Tesla» kompaniyasi yopilib ketarmish. Biroq elektromobillarga oldindan tushadigan buyurtma pullari kompaniyani bu falokatdan asrab qolsa ne ajab!

Hajmi kichik, ammo sig‘imi katta xotira qurilmalari 2018-yil «shedevrlari»ga aylansa ham hayron qolmaymiz. Bugunning talabiyam shu-da: ma’lumotlar hajmi tinmay oshyapti. Shu ketishda, IDC va EMC kompaniyalari ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, 2020-yili 40 zettabayt (4009 gigabayt) sig‘imli xotira qurilmalari chiqadi.

Ishlanmalar

2018-yili ham o‘tgan yilgi aksariyat tendensiyalar davom etishi kutilyapti. Deylik, bu yil dasturlash uchun dasturlar yaratish avj olishi haqiqatga yaqin. O‘tgan yili «Google» mashina o‘rganishda insondan qolishmaydigan sun’iy tafakkur ishlab chiqqandi. Hozir bunday kompaniyalar soni juda ko‘p va hademay ularning ishlanmalariga ham guvoh bo‘lamiz.

Sun’iy tafakkurning taraqqiy etishi biznes-tahlilni tubdan o‘zgartirib yuboradi. Juda ulkan ma’lumotlar bazalarini qisqa fursatlarda tahlil qila oladigan mashina-kompyuterlar insonlarning yaqin ko‘makchilariga aylanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring