Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokimning avtomobili jarima maydoniga «tiqildi»

Hokimning avtomobili jarima maydoniga «tiqildi»

Foto: Namangan viloyati IIB YHXB axborot xizmati

Namangan viloyati Chust tumani hokimligining uchta xizmat avtomobili yig‘ilib qolgan qarzdorliklari sabab jarima maydonchasiga joylashtirildi. Bu haqda viloyati IIB YHXB axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, avtomobillardan biri — Trailblazer — «Namangan To‘qimachi Cluster»ga tegishli, biroq kun.uz manbasiga ko‘ra, undan tuman hokimi Bekzod Hamdamov foydalanib keladi. Bu davlat xizmatchilarining xizmat avtomobillari narxi cheklangani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Viloyat YHXB ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda davlat raqam belgisi 50 066 DAV (avvalgi raqami 50 234 NAA) bo‘lgan Cobalt avtomashinasining aniqlangan qoidabuzarliklari uchun belgilangan 17 ta jarimaning umumiy summasi 7 626 000 so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, davlat raqam belgisi 50 068 DAV (avvalgi raqami 234 TAA) bo‘lgan Nexia-3 avtomashinaga belgilangan 15 ta jarimalar summasi 5 302 900 so‘mga teng. Ushbu mashina tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid Bahodirovga biriktirilgan. Mashinada asosan tezlik me’yorlariga rioya qilinmagan, ikkita holatda avtomobil soatiga 112 kilometr tezlikda harakatlangani qayd etilgan. Bundan tashqari, svetoforning taqiqlovchi signalida harakatlangani aniqlangan.

Davlat raqam belgisi 50 234 MBA bo‘lgan Trailblazer avtomashinaning (foto va video) qayd etish moslamalarida aniqlangan qoidabuzarliklariga belgilangan 10 ta jarima summasi 7 775 000 so‘mni tashkil etmoqda. Barcha qoidabuzarliklar tezlikni oshirish bilan bog‘liq.

YHXBning ma’lum qilishicha, qarzdorlik to‘la undirilgunga qadar avtomashinalar jarima maydoniga joylashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring