Havo yetmay bo‘g‘ilsa-da, kulib turgan opalarim!
Juma kuni ishdan qaytayotib bekatda yarim soatcha avtobus kutib qoldim. Nihoyat ko‘pchilikni intiq qilgan 38-avtobus keldi. Oloy bozoridan biroz bo‘shroq jo‘nagan transport yo‘lma-yo‘l shunday tirband bo‘ldiki, bora-bora havo yetishmas darajaga yetdi.
Navbatdagi bekatda to‘xtagan avtobusga yana bir gala odam yopirildi. «Biroz surilsanglar-chi!», deydi transportga chiqolmay turganlar. Eshikka arang yopishib olganlar «Ichkaridagilar joy bo‘lsa ham surilmayapti» deya yozg‘iradi. O‘rtaroqdagilar «Itarmanglar, bu yerda bolalar bor, siqilib qolyapti» degancha baqirishadi. Ishonasizmi-yo‘qmi, lekin temir ham rezinkadek cho‘zilar ekan… Joy yo‘qligiga qaramay hammani sig‘dirdi, qoyil!
«Yarim soatdan ortiq kutib, yana qolib ketamizmi, biz ham uyimizga borishimiz kerak, bolalarimiz bor», deb eshikka yopishgan va «konduktor» yordamida amallab tiqilib olgan ayollar, saldan keyin kula boshlashdi.
«Voy, Nasibaxon, mening mazam qochyapti, endi nima qilaman. Havo yetmayapti, ko‘ksim bosilib qoldi» deya sekin kuladi ulardan biri. Bunga javoban sherigi «Ozgina chidang, keyingi «ostanovka»da eshik ochilsa, nafas ovolasiz», deb surilmoqchi bo‘lgandek qimirlab qo‘ydi unisi ham…
Ayollarning kulgi aralash aytayotgan gaplaridan, o‘sha paytdagi holatidan ochig‘i qattiq ta’sirlandim. Bo‘g‘zimga nimadir tiqilgandek bo‘ldi, xo‘rligim keldi.
Chunki bu bo‘g‘ilish yana yarim soatdan ko‘proq davom etadi. Axir, oldinda Janubiy vokzaldan Sergeligacha davom etadigan «probka» turibdi…
Eh, mening oilam, bolam-chaqam deb o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urgan opa-singillarim! Eh, mening ozgina maoshini qay biriga yetqazsam ekan, deb yangi kiyimni deyarli unutgan, kezi kelganda yeyish-ichish va havo yetmay bo‘g‘ilsa-da, yo‘l kiradan iqtisod qilib, farzandlari oldiga oshiqayotgan, o‘zining bu holidan ichida yig‘lab, tashqarisida kulayotgan azizlarim! Yana ozgina sabr qiling!..
Zora, zamon bir aylanib, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari aholiga yengillik bo‘lishini o‘ylab, ertalab ishga ketar, kechga ishdan qaytar vaqtga avtobuslar qatnovini to‘g‘ri taqsimlab qo‘yishsa (bundan boshqasini umid qilishimizga hali erta, nazarimda).
Bu hozirgi pandemiya davrida bir martalik qo‘lqop tarqatgandan ko‘ra (undan baribir hech kim foydalanmayapti), samaraliroq chora-tadbir bo‘larmidi deymanda...
Shohida Isroilova, jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter