«Fillar to‘yi» bo‘lmaydi: «Honda» va «Nissan» yapon hukumatining taklifini rad etdi
Yaponiya hukumati «Nissan» va «Honda» avtokonsernlarini birlashish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdirishga urinib ko‘rgan. Bu haqda «Financial Times» o‘z manbasiga asoslanib xabar tarqatdi.
Haydovchisiz boshqariluvchi elektromobillarga talab oshib, raqobat keskinlashib ketdi — Yaponiya hukumati shundan tashvishda.
Qolaversa, hukumat «Nissan» kompaniyasi taqdiridan ham xavotirda: «Renault» — «Nissan» — «Mitsubishi» alyansi sobiq rahbari Karlos Gon hibsga olinganidan so‘ng «Renault» bilan hamkorlik uzilib ketsa, yapon kompaniyasi tang ahvolda qolishi tayin.
Nashr qo‘shimcha qilishicha, «Nissan» va «Honda» birlashish taklifini rad etgan, muzokaralar o‘tkazilmagan. Shu tariqa yaponcha «Fillar to‘yi» bekor bo‘ldi (G‘arb biznes-jargonida yirik kompaniyalarning birlashishiga «fillar to‘yi» iborasini qo‘llashadi).
Ma’lumot uchun: yuqoridagi har ikki yapon kompaniyasi dunyodagi avtomobil ishlab chiqaruvchilar «katta o‘nligi»ga kiradi. Yaponiyada esa «Toyota»ni aynan «Honda» (2) va «Nissan» (3) ta’qib qilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter