Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hurmatli haydovchi, endi sen doimiy kuzatuvdasan (foto)

Hurmatli haydovchi, endi sen doimiy kuzatuvdasan (foto)

Svetoforning qizil chirog‘idan o‘tgan transport egasi qayd etildi.

Foto: «Ubdd.uz»

Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi 18 kun ichida harakat xavfsizligi qoidalari buzilishiga oid 50dan ziyod videorolik qabul qildi.

Aksariyat haydovchilarga tekkan bir kasallik bor: qayerda YHX inspektori bo‘lmasa yoki kuzatuv kameralari o‘rnatilmagan bo‘lsa, harakat xavfsizligi qoidalarini buzib ketaverishadi. Ko‘rib qolishmasa, jarima belgilashmasa bo‘ldi, deb o‘ylashadi. Endi bu usul o‘tmaydi. Chunki ular doimiy kuzatuvda bo‘lishadi. Qanaqasiga, deysizmi?

2018-yilning 5-mart kunidan boshlab Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi saytida «mobil muxbir» nomli maxsus bo‘lim ishga tushirilgani haqida xabar bergan edik. Uning yordamida foydalanuvchilar har qanday qoidabuzarlik haqidagi foto va videoni saytga joylashtirish imkoni yaratilgan. Mazkur bo‘lim test rejimida ishlashiga qaramay, o‘tgan 18 kun ichida sayt foydalanuvchilaridan 50dan ziyod holatlar qabul qilingan.

Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari bu materiallarni huquqbuzarliklarga qarshi dalil sifatida ko‘rib chiqmoqdalar. Muhimi, foto va videoyozuvlarda qoidani buzgan avtomashinaning raqami bo‘lsa bo‘ldi. Xabar yuborgan muallif esa anonim bo‘lib qolaveradi.

Ma’lum bo‘lishicha, qoidabuzarliklar qayd etilgan 51ta dalil «mobil muxbir»lardan qabul qilingan. Ushbu qoidabuzarliklar yuzasidan 30 million so‘mlik ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.

Qarama-qarshi yo‘ldan yurgani uchun EKIHning 10 barobari miqdorida jarimaga tortildi.

Misol uchun, yuqoridagi fotoda keltirilgan «Mersedes Bens» haydovchisini olaylik. U yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga chiqib ketgani haqida videolavha taqdim qilingan. Mazkur holat poytaxtning Sandiqo‘rg‘on ko‘chasida ro‘y bergan. Transport vositasi haydovchisi 1971-yilda tug‘ilgan X.A. ushbu qoidabuzarlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 128x5-1 moddasiga asosan EKIHning 10 barobari miqdorida jarimaga tortilgan.

Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi saytida shu kabi turli qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan transport vositalari haqida axborotlar joylashtirilgan.

Shunday ekan, doimo yo‘l qoidalariga amal qiling, hurmatli haydovchilar. Aks holda, kutilmaganda qo‘lingizga jarima bayonnomasini tutqazishlari mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring