«Bizga sifatli yo‘l kerak emas!» — Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Sinov laboratoriyasi jihozlari va binosini olib qo‘ygani aytilmoqda
Butun dunyo innovatsiya va yangi texnologiyalarni rivojlantirish uchun ilmiy-tadqiqot institutlari moddiy-texnik bazasini kuchaytirmoqda. Laboratoriyalarga jihozlar bermoqda. Bizda esa, aksincha, olib qo‘yishyapti.
Raisning buyrug‘ida birorta «berish» haqida jumla yo‘q
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisining 134-sonli buyrug‘ida birorta «berish» haqida jumla yo‘q. 133-buyrug‘ining 2-ilovasida esa laboratoriya mashinalarini olib qo‘yishga ko‘rsatma berilgan.
Binoni olib qo‘yishdi. Bo‘lim va xodimlarni tortib olishdi. Jami oltita zamonaviy laboratoriya mashinasi va bir nechta uskunalarni olib qo‘yishdi. Bizning dardimizni eshitadigan hech kim yo‘q. Laboratoriyani esa nomini o‘zgartirib, «yo‘lga qadam qo‘ymaslik» sharti bilan qoldirishibdi, — deydi «Avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti» Sinov laboratoriyasi bo‘limi boshlig‘i Salohiddin Qurbonov.
«Hammasi tinch va silliq» bo‘lishini xohlashadi
E’tiborlisi, ushbu Sinov laboratoriyasi Transport vazirligidagi akkreditatsiyadan o‘tgan yo‘l sohasidagi yagona laboratoriya hisoblanadi. Bo‘limda xalqaro sifat-menejment tizimi (ISO 17025-2017) joriy qilingan. Xodimlar sertifikatlangan yuqori malakasi kadrlar hisoblanadi.
«Yo‘llarning sifati haqida faqatgina sanoqli laboratoriyalar bor natijalarni qo‘rqmasdan beradi. Shular qatorida biz ham bor edik. Bizga 2020-2021 yillarda turli idoralar bosim qilib sudma-sud sudrab yurishdi. Ochiqchasiga «shu ishdan ketgin» degan bosimlarni eshitganman. Haqqoniy sinov natijalari hech kimga kerak emas. «Hammasi tinch va silliq» bo‘lishini xohlashadi. Men bunday bo‘lishiga rozi bo‘lmaganman. Avtoyo‘l qo‘mita garchi davlat idorasi bo‘lsada, davlat manfaati emas, «boshqalar» manfaatini o‘yladi. Bu umuman to‘g‘ri emas. Sohada tizim, kadrlar va boshqa masalalarda fikrlarimiz turlicha. Shuning uchun bizga bosim bo‘ldi deb o‘ylayman», qayd etadi mutaxassis.
Buyurtmachi kimga ishonadi?
Buyurtmachi uchun laboratoriya akkreditatsiyasi u tomonidan olingan barcha o‘lchovlar va tadqiqotlar iloji boricha ishonchli bo‘lishining kafolatidir. Shu sababdan buyurtmachilar ishonchli sinovlarni amalga oshiradigan laboratoriyalarni izlaydilar. Bunday laboratoriyalarni fakat akkreditatsiyadan o‘tganlar ro‘yxatidan topish mumkin. AYITI Sinov laboratoriyasi «O‘zbekiston akkreditatsiya markazi» DUK rasmiy saytida bor — davlat reyestri ro‘yxat raqami O‘ZAK.SL.O2lZ.
Ma’lumki, sinov laboratoriyasining akkreditatsiyadan o‘tishi bu uning vakolatini rasman tan olish, normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlashdir. Akkreditatsiyadan o‘tish, muvofiqlikni tasdiqlash juda murakkab jarayon, bu juda katta mehnatni talab qiladi. Bunda nafaqat shu ob’yektda bo‘lishi kerak bo‘lgan bino, jihozlar, uskunalar, me’yoriy hujjatlarga, balki xodimlarga ham katta talablar qo‘yilgan.
«Sinov laboratoriyamiz bu jarayonlarga 5 yil davomida tayyorgarlik ko‘rgan. «O‘zbekiston akkreditatsiya markazi» baholash komissiyasi tomonidan xalqaro ISO standartlariga javob berishi tasdiqlangan. Yana shunisi ham borki, sinov laboratoriyamiz texnik darajasini, xodimlari kompetentligini tasdiqlash uchun muntazam ravishda, ya’ni bir yilda bir marta «O‘zbekiston akkreditatsiya markazi» baholash komissiyasi tomonidan qayta baholanadi. Sinov laboratoriyasi 2023 yil avgust oyida ijobiy baholanib, faoliyatini davom ettirib kelmoqda. Bu shuni anglatadiki, sinov laboratoriyasida kompetent xodimlar ishlaydi, laboratoriyada yaratilgan sharoitlar, laboratoriya jihozlari xalqaro standart talablariga javob beradi. Endilikdagi laboratoriyamizning oldiga qo‘ygan maqsadlaridan biri ILAC kelishuviga a’zo bo‘lish — xodimlarimizning malakasi, salohiyati, laboratoriya infrastrukturasi bunga imkon beradi. Bu bizga laboratoriya akkreditatsiya doirasida xalqaro shartnomalarda qatnashishga imkon beradi va turli mamlakatlardagi laboratoriyalardan olingan sinov hamda kalibrlash natijalarini tan olish orqali xalqaro savdo tizimini rivojlantirishga yordam beradi.
AYITI Sinov laboratoriyasida ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi. Sinov laboratoriyasi boshlig‘i, laboratoriya bosh mutaxassis xodimlari Achilov N.N., Miraxmedov M.N. ilmiy tadqiqot ishlari natijalari to‘g‘risida «Arxitektura, muhandislik va zamonaviy texnologiyalar», «EURASIAN JOURNAL OF ACADEMIC RESEARCH» va boshqa ilmiy jurnallarga muntazam maqolalar yozib turishadi. Ma’lumki, mamlakat hududining tog‘li qismlaridan yetkazib beriladigan tosh materiallari yetishmasligi, materiallarni tashishga ketadigan katta xarajatlar yo‘llarni qurishning tannarxi oshishiga olib keladi. Shu sababli, avtomobil yo‘llari uchun qoplamalarni qurishda foydalaniladigan material strukturasini shakllantirish samaradorligini oshiradigan kimyoviy qo‘shimcha va sement bilan mustahkamlangan gruntning fizik-mexanik xususiyatlari o‘rganilib, tadqiqotlar o‘tkazildi, natijada milliy mahsulot — polimer yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2022 — 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorining 3-ilovasi 60-63-bandlari asosida AYITI DK Sinov laboratoriyasi sharoitida aniqlangan tarkib asosida tajriba-sinov maydonlari qurilgan. Bundan maqsad, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlash, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, qurishga yo‘naltirilgan mablag‘lardan foydalanish samaradorligini oshirishdir», deydi Salohiddin Qurbonov.
Ishlab turgan Sinov laboratoriyasini tugatishga asos bormi?
— Asos yo‘q, — deydi Salohiddin Qurbonov.
«Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror (PQ-330)da yangi Markaz tuzilishi ko‘rsatilgan, ammo, unda yo‘l-qurilish materiallari sinov laboratoriyasi bo‘yicha aniq maqsad yo‘q. Shuningdek, Avtoyo‘l qo‘mitasi raisining markazni tuzish bo‘yicha 116-sonli buyrug‘ida ham Markaz Sinov laboratoriyasi orqali ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish nazarda tutilmagan.
Asosiy maqsad esa quyidagicha: Sinov laboratoriyasini Markazga berib yuborish va akkreditatsiyasi kuchini yo‘qotish. Markazga qayta ishga olishda yana shartnoma tuzishlari kerak va katta ehtimol bilan yo‘l sifati uchun kurashib «bosh og‘rig‘i» bo‘lganlar umuman ishsiz qoldiriladi. Natijada esa, go‘yoki qonuniy yo‘l bilan yoki vakolatdan foydalanib, ishlab turgan va gullayotgan idorani butunlay kuchsizlantirishadi. Balki, bundan boshqa yomon niyatlari ham bordir», qayd etadi mutaxassis.
«Bizga sifatli yo‘l ham, innovatsiya ham kerak emas ekan»
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2022 — 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Avtoyo‘l qo‘mitasi nazoratida va buyurtmachiligida Ilmiy-tadqiqot instituti innovatsiyalar bo‘yicha ishlash lozim. Bugungacha 10 ta mavzuda ishlash ko‘rsatilgan edi. Ammo, bor-yo‘g‘i to‘rtta mavzuga mablag‘ ajratildi. Tajriba-sinov maydonlarini qurish va kuzatuv olib borish lozim edi. Ammo, bir nechta bor xat berib, tajriba-sinov maydonlari qurishga joy va pudratchiga mablag‘ berishni aytib kelganmiz. Lekin yordam berilmadi. Innovatsiyalarga mablag‘ ajratish bo‘yicha Avtoyo‘l boshqarmalari bilan tortishuvlar bo‘ldi. Bir nechta idoralar va rahbarlar aralashuvi bilan 5,0 mlrd so‘m mablag‘ning 1,5 mlrd qismi berildi.
Agar qo‘mitaga sifat kerak bo‘lsa, sifatni boshqarish tizimi va Sinov laboratoriyalar faoliyatini kengaytirish, moddiy-texnik bazasini yangilash ustida ishlagan bo‘lardi. Ammo qo‘mita aksincha ish tutmoqda. Ishlayotgan laboratoriyaning uskuna va mashinalarini olib qo‘yish va yaratilgan tizimni parchalash bilan shug‘ullanmoqda.
Shunisi aniqki, har qanday sog‘lom inson ishlayotgan va natija berayotgan tashkilotni barbod qilish yoki tugatish, shuningdek, sifat uchun kurashadigan xodimlarini yo‘qotish haqida o‘ylamaydi. Faqatgina sog‘lom bo‘lmagan muhitdan shunday qarorlarni kutish mumkin», qo‘shimcha qiladi Salohiddin Qurbonov.
Hammasi tamommi?
Bugungi kunga kelib «Avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti» joylashgan binosi va moddiy-texnik bazasi, quyosh panellari bilan jihozlangan, xodimlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan, tibbiyot, ovqatlanish, dam olish, arxiv, kutubxona, malaka oshirish va xorijiy mehmonlarni qabul qiluvchi xonalaridan hamda laboratoriya va diagnostika texnikalari saqlanadigan garajlaridan ayrildi.
Mamlakatimizdagi ko‘priklar bo‘yicha muammolarni o‘rganish, tahlil qilish va tadqiqotlar o‘tkazish maqsadida «Ko‘priklar va su’niy inshootlar» bo‘limi tashkil qilingan va prezident qarori asosida monolit ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlar qurish bo‘yicha 2023 yilda tajriba-sinov uchastkasi qurish lozim edi. Ushbu bo‘lim xodimlari va ularning o‘lchov vositalari to‘liqligicha yangi tuzilgan «O‘zko‘prik» klasteriga berib yuborildi. Endilikda «Avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti»da xodimlar va ko‘priklarni o‘rganuvchi mexanizm bo‘lmaganligi sababli, ushbu yo‘nalishda tadqiqotlar olib borilmaydi.
Shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida qurilgan tajriba-sinov maydonlarini tashxis qilish va monitoring qilish maqsadida olib kelingan ko‘pfunksiyali diagnostika mashinalari (Dynatest MFV) boshqa idoraga berib yuborildi va bo‘lim tugatildi.
«Agar ilmiy-tadqiqot ishlarini kuzatmasangiz, kamchilik va yutuqlarini monitoring qilmasangiz, qanday qilib natijalarga baho berasiz? Vaholanki, butun dunyoda ilmiy-tadqiqot ishlarida 2-3 yil davomida monitoring va kuzatuv olib boriladi. Solishtirish uchun: aynan «Avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti»ga o‘xshash qo‘shni davlatlarda ham ilmiy-tadqiqot institutlari mavjud. Rossiyada — ROSDONII, Belarusda – BELDORNII, Qozog‘istonda – KAZDORNII. Ularning moddiy-texnika bazasi va olib borayotgan ishlariga havas qilsa arziydi. Hukumat tomonidan moliyalashtiriladigan tadqiqot ishlari bilan birgalikda, o‘zini-o‘zi moliyalashtirish mexanizmi ham faol ishlaydi. Zamonaviy, eng so‘nggi va yuqori aniqlikdagi sinov va o‘lchov vositalari, diagnostika va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan. Sifatli va xavfsiz yo‘l qurish uchun ilmiy asoslar ushbu idoralarda yaratiladi. Biz ham ular bilan hamkorlik qilib, oxirgi 3-4 yilda shunga o‘xshagan tizim va ishlar yaratishni boshlagan edik. Afsuski, endi boshlagan ishlarimiz qo‘llab-quvvatlov o‘rniga bosim va tazyiqlarga uchradi. «Avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti»ni joriy yil boshidan buyon qariyb 30 nafar xodim tark etdi.
Xususan, har tomonlama bosim va tazyiq hisobiga joriy yilning dekabr oyining o‘zida direktor, direktor o‘rinbosari (olim inson), 3 nafar bo‘lim boshlig‘i, o‘ndan ortiq mutaxassislar ishdan bo‘shadi», deydi murojaatchi.
Tahririyatdan: Yo‘l sohasida yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy qilish bo‘yicha ish boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan, ammo bu qisqa vaqt ichida bir nechta yo‘nalishda tadqiqotlar olib borib, 20 ga yaqin tajriba-sinov maydonlarini qurgan, AQSh, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Italiya, BAA, Qozog‘iston va boshqa davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan ilmiy-tadqiqot instituti va laboratoriyasini yo‘q qilish shartmidi?
Holat yuzasidan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasidan izoh so‘raldi, biroq so‘rovimizga to‘laqonli javob bo‘lmadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter