Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Avtosanoatga salbiy qarashlar qachon o‘zgaradi? Italiyadagi magistrant bilan suhbat

Avtosanoatga salbiy qarashlar qachon o‘zgaradi? Italiyadagi magistrant bilan suhbat

«Xorijdagi vatandoshlar»ning bu galgi suhbatdoshi Italiyaning Turin politexnika universiteti magistranti Bekzod Abdumalikov. U «Avtomatik injiniring» mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oladi. Bakalavr bosqichini Andijon mashinasozlik institutida tamomlagan.

U bilan suhbatimiz Turin universiteti, oliy ta’limdagi muammolar, Italiya tajribasi va ishga kirish uchun diplom baholarining ahamiyati mavzularida kechdi.

«Bakalavrdagi bilimlarim o‘zim uchun kamdek tuyuldi...»

«Avtomatik injiniring» yo‘nalishini tanlashimga sabablar ko‘p. Asosiy sabab 2019-yil bakalavr bosqichini Andijon mashinasozlik institutida tamomlaganim bo‘lgan. O‘sha vaqt bakalavrdagi bilimlarim o‘zim uchun kamdek tuyuldi va soham bo‘yicha bilimlarimni yanada oshirish istagi uyg‘ondi. Natijada magistraturada tahsilni davom ettirish uchun ko‘plab xorijiy universitetlarga hujjat topshira boshladim.

Shu orada «O‘zAvtosanoat» va Toshkent Turin politexnika universiteti e’lon qilgan grant haqida xabar topdim va imkoniyatimni sinab ko‘rish maqsadida unga ham hujjat topshirdim. Ushbu grant Italiyadagi nufuzli Turin politexnika universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturi hisoblanib, «Avtomatik injiniring» yo‘nalishida magistratura bosqichining barcha xarajatlarini qoplagan holda o‘qish imkoniyatini berar edi. Omadim kelib, 8 nafar grant yutgan talabalar qatorida hozir Italiyada tahsilni davom ettiryapman.

Turin politexnika universiteti Italiyadagi qadimiy universitetlardan biri. 1859-yil tashkil topgan. Universitetda hozir qariyb 35 700 nafar talaba tahsil oladi.

QS World University Ranking bo‘yicha 348-o‘rin, injiniring va texnologiya bo‘yicha 41-o‘rinda turadi. Universitetda 28 ta bakalavriat yo‘nalishi, 32 ta magistratura mutaxassisligi va 24 ta doktorantura dasturlari bor.

Universitet magistratura bitiruvchilarining 92 foizi tamomlagan yilni o‘zida ish bilan ta’minlanadi.

«Soha rivojlanishiga to‘siqlar ham mavjud...»

Mamlakatimiz mashinasozlik sohasida yildan yilga ijobiy o‘zgarishlar ro‘y beryapti. Ammo soha rivojlanishiga to‘siqlar ham mavjud. Masalan, sohadagi ta’lim va ishlab chiqarishning o‘zaro integratsiyasi yaxshi emas.

Ya’ni, oliy ta’limda o‘qitilgan fanlar, xususan nazariy bilimlarimiz ishlab chiqarish bilan mos kelavermaydi. Aniqrog‘i, ta’limdagi ma’lumotlar anchayin eski. Talabalar amaliyotlari nomigagina qog‘ozbozlik uchun bo‘ladi. Yilda 1 - 2 marta zavodlarga olib borishsa ham shunchaki ekskursiya ko‘rinishida o‘tib ketadi. Agarda ishlab chiqarish bilan ta’lim o‘rtasidagi mazkur muammolar hal bo‘lsa, soha rivojida anchayin ijobiy o‘zgarishlarga erishamiz.

 «O‘quv binosi zavodning markazida joylashgan...»

Italiya mashinasozlik sohasida butun Yevropaga namuna bo‘la oladi. Bunga birgina hozir men o‘qiyotgan Turin universitetida Yevropa ittifoqi tarkibidagi davlatlardan kelib ta’lim olayotgan qariyb 15 000 talabani misol qilish mumkin.

O‘zbekistonda joriy etilishi kerak bo‘lgan tajribaga keladigan bo‘lsak, bu yerda ishlab chiqarish va ta’lim uzviy bog‘liq. Jumladan, men tahsil olayotgan «Avtomatik injiniring» fakulteti o‘quv binosi Fiat Chrysler avtomobil zavodining markazida joylashgan. Ushbu zavodni o‘zida Jeep, Alfa Romeo, Fiat, Lansia mashinalari ishlab chiqariladi. Talabalarga ishlab chiqarish atmosferasida darslar o‘tiladi va darslarda olingan nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha ham o‘quv binosini o‘zida barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Yana bir muhim masalalardan biri OTMlarni tezroq kredit tizimiga o‘tkazishimiz kerak. Tan olish joiz, bizda o‘qishga kirishdan ko‘ra, oliygohni bitirish oson.

Rivojlangan davlatlar singari yurtimizda oliy ta’limga kirishni oson, lekin bitirishni qiyin qilinsa, har bir talaba o‘z ustida ishlashga majbur bo‘ladi. Natijada bilimli mutaxassislar ko‘payadi.

Hozir 1-kursga o‘qishga kirgan talaba birinchi semesterni katta ishtiyoq bilan o‘qiydi. Imtihonlardan keyin tushunadiki, o‘qimasdan ham bitira oladi, ya’ni tanish-bilish, korrupsiya bilan yopib olaman degan fikr paydo bo‘ladi. Shunaqa qilib bitirib chiqqan talabalar zavodlarga borib albatta to‘g‘ri va halol ishlay olmaydi.

Xalqimizda chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin degan ajoyib ibora bor. Lekin amaliy jihatdan ko‘p sohalarda buning teskarisini ko‘rish mumkin. Umuman har bir sohani o‘zining ustalari qiladigan bo‘lsa barcha soha birdek rivojlanishiga ishonaman.

Misol uchun, Italiyaga kelib havasimni keltirgan holat bu yerda har bir kasbni o‘zining ustasi bajarishi bo‘lgan. Ya’ni, mamlakatda mutaxassislik diplomiga qarab ishga olinadi. Hatto maktablarga o‘qituvchi bo‘lib ishga kirish uchun diplom baholaringiz 85% dan yuqori bo‘lishi lozim.

«Yurtimizda mashinasozlik bo‘yicha tajriba mavjud...»

Universitetni tamomlab, albatta, O‘zbekistonga qaytaman. Yurtimizda mashinasozlik bo‘yicha tajriba mavjud, agar men kabi yosh mutaxassislar ushbu tajribalar bilan bir qatorda yangi modellar yaratish va mashinalarimiz sifatini oshirish ustida ish olib borsak, nafaqat sohani rivojlantirishga erishamiz, balki odamlarning hozirgi salbiy qarashlarini ham o‘zgartira olgan bo‘lamiz.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring