Avtomobildan foydalanishda ishonchnoma rasmiylashtirish hali bekor bo‘lmagan
Internet tarmog‘ida avtotransport vositalarini tasarruf etish bo‘yicha ishonchnomalar bekor bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi mazkur xabar bo‘yicha tushuntirish berdi.
Avtotransport vositalarini tasarruf etish va ularni boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomalarni rasmiylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmada avtotransport vositalarini tasarruf etish va ularni boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma 2 ta nusxada rasmiylashtirilishi, uning 1 nusxasi fuqaro tomonidan 10 kun ichida hududiy Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalariga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilishi belgilangan.
Bugungi kunda Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-avgustdagi 683-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan ishonchnomalar notarial idoralarda rasmiylashtirilgan vaqtda ushbu ishonchnomalar hududiy YHXDX organlariga hisobga olish uchun elektron tarzda yuboriladi va Yagona avtomatlashtirilgan tizimga kiritiladi.
Hukumatning mazkur qaroriga asosan Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligining 2000-yil 29-maydagi 01-526, 24/8-855-son Avtotransport vositalarini tasarruf etish va ularni boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomalarni rasmiylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmasi amalda o‘z ahamiyatini to‘liq yo‘qotgan.
Shu sababli, Adliya vazirligi tomonidan ushbu hujjatni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqidagi loyiha tayyorlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter