Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Шахноза Турахужаева

Litsenziyalar bekor bo‘lyapti: bu bizga nima beradi?

Litsenziyalar bekor bo‘lyapti: bu bizga nima beradi?

Foto: «Zen.yandex.ru»

Litsenziya — litsenziyalanayotgan faoliyat turi bilan shug‘ullanish imkonini beruvchi hujjat. Ushbu hujjat, albatta, bekorga joriy etilmagan. U ma’lum soha faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish, nazorat qilish va shu faoliyat yuzasidan fuqarolar, iste’molchilar, foydalanuvchilar manfaatlarini ko‘zlagan kafolatlarni berish deganidir.

Lekin bunda ham me’yor va adolat mezonlari bo‘lishi lozimki, aks holda ortiqcha byurokratiya va boshqa to‘siqlar sabab tadbirkorlik faoliyati rivojlanmaydi, bu iqtisodiy o‘sish sur’atiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, turli suiiste’molliklar, ortiqcha bosim yuzaga keladi.

Bugungi kunda tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan erkinliklarni ko‘paytirish, iqtisodiyotga davlat aralashuvini minimallashtirish va bu borada qonunchilikni liberallashtirish yuzasidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Kuni kecha shu masala yuzasidan «Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmon nimasi bilan ahamiyatli?

Hujjat loyihasini ishlab chiqish jarayonida tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida 20 tadan ortiq uchrashuvlar va muhokamalar o‘tkazilgan, 10 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’yektlari bilan anonim so‘rovlar olib borilgan va jamoatchilik orasida muhokama qilinganda 300 taga yaqin takliflar kelib tushgan.

Litsenziya va ruxsatnomalarni bekor qilishda quyidagi omillarga e’tibor qaratilgan:

1) faoliyat turining inson sog‘lig‘i va jamiyatga ziyon yetkazmasligi;

2) faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar hisobini yuritish imkoniyati mavjudligi;

3) davlat idoralari tomonidan qo‘shimcha daromad manbai yaratish maqsadi ko‘zlanganligi.

Litsenziya va ruxsatnomalarning bekor qilinishi natijasida boj to‘lovlarining o‘zidan 45 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar tadbirkorlik sub’yektlari ixtiyorida qolishi kutilmoqda.

Farmon bilan nimalar o‘zgarmoqda?

2021-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilar belgilanmoqda:

— 53 ta litsenziyalanadigan faoliyat va 21 ta ruxsatnoma bekor qilinmoqda;

Xususan, auditorlik, baholovchi, rieltor, yuklarni avtomobil transportida respublika hududida tashish faoliyati uchun litsenziya hamda xorijiy ishchini jalb qilishga ruxsatnomalar bekor bo‘lyapti.

37 ta litsenziya va 10 ta ruxsatnoma to‘liq bekor qilinmoqda hamda 16 ta litsenziya va 11 ta ruxsatnoma boshqa hujjatlar bilan birlashtirish orqali qisqartirilmoqda.

Bu, albatta, tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirishga katta yordam beradi. Chunki bekor bo‘layotgan litsenziyalanadigan faoliyat turlari bilan 20 mingga yaqin, xabardor etish tartibiga o‘tkazilayotgan faoliyat turlari bilan 7 mingdan ortiq tadbirkorlar shug‘ullanmoqda.

Bu bizga nima beradi?

Qator litsenziya va ruxsatnomalarning xabardor qilish tartibiga o‘tkazilishi quyidagi qulayliklarni yaratadi:

  • faoliyatni boshlashdagi byurokratik to‘siqlarning oldi olinadi;

O‘tkazilgan so‘rovlarda litsenziya va ruxsatnomalarni berish rad etilgan holatlarning 43,5 foizida og‘zaki va 16,4 foizida asoslantirilmagan javob berilganligi, 10,6 foizida esa umuman javob berilmaganligi ma’lum qilingan.

  • faoliyatni boshlashdagi vaqt litsenziyalar uchun 30 kungacha, ruxsatnomalar uchun 20 kungacha qisqaradi;
  • faoliyatni boshlashdagi boj to‘lovlari 35,2 mlrd so‘mga qisqaradi;

Lombard faoliyatini boshlaganligi uchun ilgari 1,2 mln so‘m to‘lagan bo‘lsa, endi xabarnoma yuborish uchun 111,5 ming so‘m (11 baravar kam) to‘lov amalga oshiradi.

  • xufyona iqtisodiyotning kamayishiga xizmat qiladi.

2019-yilda kadrlar malakasini oshirish uchun kelib tushgan arizalarning 67 foizi rad etilgan, chet tillari o‘quv kurslari ochish uchun umuman berilmagan. Biroq joylarda hech qanday litsenziyasiz o‘quv kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda va mazkur faoliyat bugungi kunda o‘qituvchilarning asosiy daromad manbai hisoblanadi.

Avtomatlashtirish, raqamlashtirish, shaffoflik va korrupsiyaga qarshi kurash

Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 1-yanvarga qadar «Litsenziya» axborot tizimi ishlab chiqilishi va ishga tushirilishi belgilanmoqda.

«Litsenziya» axborot tizimi BMT taraqqiyot dasturi va Yevropa Ittifoqining grant mablag‘larini jalb qilgan holda ochiq tender asosida ishlab chiqiladi.

Amaldagi 80 foiz litsenziya va ruxsat berish jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmagan va natijada sohada qonunbuzilishlar uchramoqda.

Ulgurji savdo uchun litsenziya 2019-yildan bekor qilingan bo‘lsa-da, Surxondaryoda 10 ta va Xorazmda 22 ta holatda tadbirkorlardan asossiz yig‘im va davlat bojlari undirilgan.

2021-yil 1-yanvardan quyidagi tartiblar o‘rnatilmoqda:

  • litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish
    tartib-taomillari to‘liq elektron tarzda «Litsenziya» axborot tizimi orqali amalga oshiriladi;
  • vakolatli organlar tomonidan litsenziat faoliyatini nazorat qilishning aniq mezonlari belgilangan holda
    «xavfni tahlil etish» tizimi joriy qilinadi;
  • litsenziya va ruxsat beruvchi hujjatlar QR-kod qo‘yilgan holda rasmiylashtiriladi va ularni maxsus blankalarda berish tartibi bekor qilinadi;
  • qo‘shimcha hujjatlar tadbirkorlik sub’yektining ishtirokisiz «Litsenziya» axborot tizimi orqali mustaqil ravishda olinadi;
  • vakolatli organlar tashabbusi bilan litsenziya va ruxsat beruvchi hujjatlarni bekor qilish faqat sud tartibida elektron tizim orqali amalga oshiriladi;
  • faoliyatni litsenziyasiz, ruxsatnomasiz yoki xabarnoma yubormasdan amalga oshirganlik fakti haqida xabar bergan jismoniy shaxslar undiriladigan jarimaning 10 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Jarayonlarni raqamlashtirish bir qator ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi, jumladan:

  • barcha jarayonlarning ochiqligi va shaffofligi ta’minlanadi;
  • davlatning ma’muriy xarajatlari qisqartiriladi;

Litsenziya va ruxsatnomalarning maxsus qog‘oz blankalarida berilishi uchun 2019-yilda 13 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan.

  • vakolatli organlar tomonidan qonun hujjatlariga rioya etilishining samarali monitoring tizimi shakllanadi;

Qurilish vazirligi 2019-yilda 454 ta litsenziya bergan bo‘lsa-da, mazkur yilda amaldagi litsenziatlarning atigi
2 tasida litsenziya talab va shartlarining bajarilishi tekshirilgan.

  • litsenziatlar faoliyatini nazorat qilishning mutlaqo yangi va yuqori samarali bo‘lgan usuli — jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi;
  • vakolatli organlarning idoralararo elektron hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi.

Soliq, kadastr hujjati, boj to‘lovini amalga oshirganlik to‘g‘risida ma’lumotlarni qog‘oz shaklida taqdim etilishi natijasida litsenziyaga ariza topshirishdan oldingi hujjat yig‘ish jarayonlari 20 kungacha cho‘zilib ketmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tashkil etilgan davlat unitar korxonalari va nodavlat tashkilotlarning tegishli litsenziyani olmasdan faoliyatini amalga oshirish huquqi bekor qilinmoqda.

Mazkur toifadagi tashkilotlar tomonidan tegishli litsenziyani olmasdan faoliyatni amalga oshirishi bir qator salbiy holatlarga olib kelmoqda. Xususan, raqobatda ushbu toifadagi korxonalarga boshqa tadbirkorlarga nisbatan ustunlik bermoqda.

Arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini loyihalash sohasida davlat korxonalari 30 tani tashkil etib, ular 287 mln so‘mdan ortiq davlat bojini to‘lamasdan o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

Quyidagilar taqiqlanmoqda:

  • litsenziya va ruxsat beruvchi hujjatlarni shartnomalarga almashtirish;
  • litsenziyalar berishda maishiy kommunal xizmatlardan qarzdorligi mavjudligi sababli davlat xizmatlarini ko‘rsatishni rad etish;
  • litsenziya va ruxsat beruvchi hujjatlarni berishda tadbirkorlik sub’yektini haq evaziga boshqa turdagi xizmatlardan foydalanishga bevosita yoki bilvosita majburlash.
  • litsenziya talab va shartlarini chetlab o‘tish imkoniyati.

Ko‘chma savdo bilan shug‘ullanish uchun ruxsatnoma olish bekor qilinib, o‘rniga mahalliy hokimliklar bilan shartnoma tuzish tartibi joriy etilgan bo‘lsa-da, amalda bu holat mohiyatan ruxsat berish tartibiga aylanib qolgan

Shuningdek, litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tayotgan tadbirkorlar ayrim hollarda turli nashrlarga obuna bo‘lishi, aksariyat xususiy shaxslarning «servis» xizmatlaridan foydalanishi lozimligi talab qilinmoqda.

Anonim so‘rovlarda ishtirok etganlarning 12,3 foizi litsenziya va ruxsatnomalarni olishda gazeta va jurnallarga obuna bo‘lish talab qilinganligini ta’kidlashgan.

Qonunchilikdagi tarqoqlik va ziddiyatlarni bartaraf etish

Litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillari sohasida 130 taga yaqin qonun hujjatlari mavjud. Jumladan:

  • qonunlar — 10 ta;
  • Oliy Majlis qarori — 1 ta;
  • Prezident hujjatlari — 7 ta;
  • Vazirlar Mahkamasi qarorlari — 100 taga yaqin;
  • idoraviy qonun hujjatlari — 10 tadan ortiq.

Masalan, taksi faoliyatini litsenziyalash yo‘nalishi 6 ta normativ-huquqiy xujjat bilan tartibga solingan.

Ushbu qonun hujjatlari bazasini yagona normativ-huquqiy hujjatda aks ettirish kelgusida huquqni qo‘llash amaliyotining bir xilda va izchil bo‘lishiga ko‘maklashadi.

Shuni e’tiborga olib «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi va «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunlarni birlashtirivchi qonun loyihasini ishlab chiqish belgilanmoqda.

Taksilar masalasi kun tartibidan olib tashlanmagan

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqda xususiy yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanishni litsenziyalash nima uchun bekor qilinmadi degan savol ko‘p muhokama qilinmoqda.

Avvalo, ta’kidlash joizki, ushbu masala eng yuqori darajada kun tartibiga qo‘yilgan va e’tibor markazida turibdi. Xususan, Harakatlar strategiyasining 2020-yilda amalga oshirishga doir Davlat dasturida ham bu masala alohida qayd etilgan.

Jumladan, Tarnsport vazirligi va Adliya vazirligiga jismoniy shaxslarga avtomobil transportida yo‘lovchilarni shaharda, shahar atrofida va shaharlararo yo‘nalishlar bo‘yicha tashish huquqini berish bo‘yicha takliflarni kiritish vazifasi topshirilgan.

Gap shundaki, ushbu soha fuqarolarning xavfsizligi, salomatligi, mulk va boshqa huquqlari daxlsizligiga doir masalalarni chuqurroq o‘rganishni talab qiladi. Biroq hozirda tahlillar va o‘rganishlar natijalari umumlashtirib, takliflar tayyorlangan. Yaqin orada bu sohada ham yengilliklar bo‘lishi kutilmoqda.

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети