Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

«Tolibon» mintaqada qoldirib ketilgan Troya otiga o‘xshaydi — siyosatshunos (video)

Bundan 2 yil oldin, aniqrog‘i, 2021 yil 15 avgust kuni «Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyatga kelgan edi.

Iqtidorga kelgan «Tolibon» mamlakat ichida barqarorlikni o‘rnatishga harakat qildi. Xususan, narkotik moddalar yetishtirishni taqiqladi. Ammo, shunga qaramay, dunyo mamlakatlaridan hech biri «Tolibon» hokimiyatini hozircha tan olgani yo‘q.

Bundan tashqari, Afg‘oniston ichida gumanitar inqiroz kuzatilmoqda. Mamlakatda sodir bo‘layotgan suv toshqinlari bu inqirozni kuchaytirib yubordi. Aksiga olib, Afg‘onistonning xorijdagi aktivlari ham muzlatib qo‘yilgan. Xo‘sh, shunday vaziyatda «Tolibon» qanday mablag‘lar evaziga yashab kelmoqda? «Tolibon» milliy davlatchilik yarata oladimi?

«Xabar.uz» yuqoridagi savollarga javob olish maqsadida afg‘onshunos siyosatchi Suhrob Bo‘ronov bilan suhbatlashdi.

– «Tolibon» iqtidorga kelgach, dastlab qabul qilgan muhim qarorlaridan biri giyohvand moddalar yetishtirishni taqiqlash bo‘ldi. Hozirda «Tolibon» jahon hamjamiyatiga giyohvand moddalarni yetishtirishga qarshi kurashayotganini isbotlashga harakat qilmoqda. «Tolibon» bu orqali nimaga erishmoqchi?

– «Tolibon» Afg‘onistonda muvaqqat hukumatini tashkil etganidan keyin, 2 yil davomida amalga oshirgan ishlari orasida ko‘pchilik uchun qiziqarli bo‘lgani – bu narkotik moddalar savdosini taqiqlangani bo‘ldi. Bu orqali «Tolibon» 3 ta maqsadni ko‘zlagan. Birinchisi – ichki siyosiy birdamlikka erishish. Ikkinchisi – xalqaro hamjamiyat bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish. Ya’ni, tan olinish masalasini tezlashtirish. Uchinchisi – bu norasmiy maqsad. Keling, bu maqsadlarni tahlil qilib ko‘rsak.

«Tolibon» mamlakat ichida barqarorlikni, siyosiy birdamlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida narkotik moddalar savdosini taqiqladi, deyish mumkin. «Tolibon» rahbari Mulla Haybatulla Oxunzoda narkotik moddalarni yetishtirish shariatga to‘g‘ri kelmasligini e’lon qildi. Bu bir nechta klan (guruh)lar o‘rtasidagi muammolarga nuqta qo‘ydi. Boshqa tomondan, «Tolibon» go‘yoki jahon hamjamiyatiga o‘zini giyohvand moddalar yetishtirishni taqiqlash orqali terrorizm bilan aloqalarini uzganligini ta’kidlamoqchi bo‘ldi. Ya’ni, ular «mana, biz terrorizm bilan aloqalarni uzdik, uning manbasini yo‘qotishga harakat qilyapmiz», demoqchi.

Uchinchi maqsad esa biznes bilan bog‘liq. Agar giyohvand moddalar savdosi ma’lum muddat taqiqlansa, narkotik moddalarning narxi oshadi. Bu esa uning daromadini oshishga sabab bo‘ladi. So‘nggi yillardagi statistika ham buni tasdiqlamoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning narkotik savdosi va jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi bergan ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Afg‘onistonda giyohvand moddalar yetishtirish 32 foizga oshgan. 2021 yilda 1 kilogramm narkotik moddasining narxi 205 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib afyunning narxi 327 dollarga ko‘tarilgan. Afg‘onistonning janubiy hududlarida narkotik narxi 400 dollargacha oshib ketgan. Bundan tashqari, Afg‘onistondan qo‘shni mamlakatlarga giyohvand moddalar savdosi avj olgan.

Tojikiston giyohvand moddalarga qarshi kurash agentligi rahbari Habibullo Vohidzoda bergan ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 6 oyi mobaynida 2,4 tonna afyun musodara qilingan. Bu musodara qilinganlari, musodara qilinmaganlari ham bo‘lishi mumkin. Bu narkotik moddalar orqali daromad topish kuchayganini anglatadi.

– Nega birinchi «Tolibon» hukumatini tan olgan davlatlar – Pokiston, Saudiya Arabistoni va BAA yangi «Tolibon» hukumatini tan olmayapti?

– Amaldagi Afg‘oniston muvaqqat hukumatini hozircha hech bir dunyo davlati tan olmadi. Bunga bir nechta sabablar bor. Lekin yuqorida siz sanab o‘tgan davlatlar (Pokiston, Saudiya Arabistoni va BAA)ga alohida to‘xtalishimiz kerak. Chunki ular «Tolibon»ning birinchi hukumati (1996–2001)ni tan olgan. Yuqoridagi uch davlatning «Tolibon» hokimiyatini tan olmayotganiga asosiy omil – bu safar «Tolibon»ning hokimiyatga kelishida Pokiston, Saudiya Arabistoni va BAA hech qanday rol o‘ynamagani. Bu yerda asosiy masala AQSh va «Tolibon» o‘rtasidagi bitim hisoblanadi. Afg‘on siyosiy sahnasiga «Tolibon»ning kirib kelishida shu omil juda muhim. Keling, shu davlatlarni alohida-alohida tahlil qilamiz:

Pokistonning «Tolibon» hokimiyatini tan olmayotganiga bir nechta sabablar mavjud. To‘g‘ri, Pokiston «Tolibon» hokimiyatda bo‘lishdan qisman manfaatdor. Masalan, 2018 yilda Pokistondagi qamoqxonadan Mulla Abdul G‘ani Barodar ozod etilib, «Tolibon»ning Qatardagi rasmiy idorasiga rahbar etib tayinlangan. Bundan asosiy maqsad – Hindistonning mintaqadagi ta’sirini zaiflashtirish va o‘z tarafdorlarini Afg‘onistonda hokimiyatga olib chiqish. Shu nuqtai nazardan ma’lum bir kelishuvlar bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin shunga qaramay, bir qator muammolar mavjud. Birinchidan, Pokistonning iqtisodiy ahvoli og‘ir ahvolda. Ayniqsa, suv toshqinlari oqibatida mamlakatdagi iqtisodiy ahvol ancha og‘irlashib qoldi. Mana shunday vaziyatda ular «Tolibon»ni tan olsa, xalqaro sanksiyalarga uchrashi mumkin. Ya’ni, Pokistonning bunday riskka borish niyati yo‘q.

Pokistonning Kobuldagi elchisining aytishicha, Pokiston xalqaro hamjamiyat bilan kelishmasdan turib, hozirgi «Tolibon» hukumatini tan olmaydi. Boshqa tomondan, Pokistonning bunday siyosat yuritishi sobiq bosh vazir Imron Xon bilan ham bog‘liq. Chunki Imron Xon «Tolibon» tan olinishiga moyil bo‘lgan siyosatchi hisoblanadi. U «Tolibon» kafolati ostida Markaziy Osiyo, Xitoy, va Rossiya bilan aloqalarni mustahkamlash niyatida bo‘lgan. Mening taxminimcha, shu sababdan ham Imron Xon o‘yindan chiqarildi.

Bir qancha Pokiston rahbarlarining aytishlaricha, pushtunlar masalasi Pokiston oldidagi katta muammo hisoblanadi. Chunki «Tolibon» pushtunlarni qo‘llab-quvvatlasa Pokistonning hududiy yaxlitligiga jiddiy xavf tug‘iladi. Bundan tashqari, Pokiston va Afg‘oniston chegarasida bo‘layotgan mojarolar «Tolibon»ning Pokiston tomonidan tan olishiga to‘siq bo‘lib kelmoqda.

Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklariga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu mamlakatlar ham «Tolibon» hokimiyatga kelishida asosiy rolni o‘ynamadi. Sababi, bu yerda Qatar omili mavjud. So‘ngi vaqtlarda Qatarning «Tolibon» bilan aloqalari juda kuchaydi. Hozirda Qatarning «Tolibon» siyosiy va harbiy qanoti bilan aloqalari juda mustahkam. Ma’lumki, «Tolibon»ning Qatar poytaxti Doha shahrida siyosiy mahkamasi bor. Shuningdek, Qatar AQSh va «Tolibon» o‘rtasidagi kelishuvda vositachi bo‘lgan.

Xo‘sh, «Tolibon»ning harbiy qanotida Qatarning roli qanday kuchayib bormoqda? 2022 yilning iyul oyida Afg‘oniston muvaqqat hukumatida mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Mulla Muhammad Yoqub Qatarga tashrif buyurdi. Va tashrif davomida Qatar mudofaa vaziri, tashqi ishlar vaziri va Qatar amiri bilan uchrashib, muzokaralar o‘tkazdi. Bu yerda e’tiborga molik jihati, Mulla Muhammad Yoqubning Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashganidir. 2021 yildan buyon «Tolibon» vakillari uchrashgan yagona davlat rahbari Qatar amiri hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda «Tolibon» Qatar bilan Afg‘onistonning mudofaa tizimini kuchaytirish bilan bog‘liq bitim tuzgan. Shu sababdan ham Saudiya Arabistoni va BAA «Tolibon»ni tan olishga biroz ikkilanmoqda. Hatto, Saudiya Arabistoni o‘z diplomatlarini Afg‘oniston hududidan olib chiqib ketdi.

– Hozirda Afg‘onistonning xorijdagi aktivlari muzlatilgan. Shunday vaziyatda «Tolibon» moliyaviy masalalarni qanday hal qilmoqda? «Tolibon» qanday mablag‘lar evaziga yashab kelmoqda?

– Ko‘rib turibmiz, Afg‘onistonda iqtisodiy muammolar juda ko‘p. «Tolibon» hokimiyatga kelganidan keyin ham bu muammolar bartaraf etilgani yo‘q. Hozirda «Tolibon»ni moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlayotgan davlat – AQSh. Ochiq manbalarga ko‘ra, Amerika tomonidan 2023 yilgacha bo‘lgan davr orqalig‘ida «Tolibon»ga «gumanitar yordam» niqobi ostida 3,20 milliard dollar yetkazib berilgan. Boshqa manbalarga ko‘ra, AQSh «Tolibon»ning har bir katta rahbariga 80 million dollardan naqd pul berib keladi.

«Tolibon»ni pul bilan ta’minlovchi keying davlat – Qatar. Lekin Qatar qancha mablag‘ ajratayotgani haqida ma’lumotlar oshkor etilmagan. Ammo yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda aytish mumkinki, Qatarning ham «Tolibon»ga pul masalasida yordam berib borish ehtimoli yuqori.

Defense.gov (AQSh) nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, «Tolibon» daromadining deyarli 50 foizi narkotik moddalar savdosidan keladi. Mintaqadagi actor (lider)lar orasida «Tolibon» bilan munosabatlarda Xitoy alohida ajralib turibdi. Xitoy «Tolibon» bilan bir qancha iqtisodiy loyihalar bo‘yicha kelishib, bundan siyosiy maqsadlarda foydalanmoqchi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Afg‘onistonda Xitoyning 27 ta eng nufuzli kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Lekin shunday bo‘lsa-da, Xitoy biz ta’kidlagan yuqoridagi ikkita mamlakatni hisobga olib, juda hushyor siyosat yuritmoqda.

– «Tolibon»ning mavjudligi Markaziy Osiyo uchun xavfmi yoki imkoniyat?

– Bu juda murakkab savol. Agar e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ayrim siyosatchilar «Tolibon»ni imkoniyat deydi. Boshqalar esa uni xavf deb hisoblaydi. Yuqoridagi tashqi kuchlarning ta’sirini e’tiborga olgan holda, mening nazarimda, «Tolibon» afg‘on xalqining tanlovi emas, balki tashqi kuchlar tanlovi. Shu jihatdan aytadigan bo‘lsak, «Tolibon» Sem tog‘aning mintaqada qoldirib ketgan Troya otiga o‘xshaydi. U juda jozibador loyihalar taklif etmasin, muammolar ko‘payib bormoqda. Ikki yil ichida sodir bo‘lgan voqealarni tahlil qilsak, biz o‘rtaga qo‘yayotgan savolning javobi oydinlashadi. Masalan, «Tolibon» hokimiyatga kelganida qo‘shni mamlakatlarga xavf bo‘lmaydi, deb kafolat bergandi. Biroq Xitoydan boshqa barcha qo‘shni davlatlar bilan chegaralarda to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Misol uchun, Pokiston bilan chegarada 17 marotaba yirik to‘qnashuv bo‘lgan. Mudofaa vaziri Xoja Muhammad Osif agar Afg‘oniston hududidan Pokistonga tahdidlar davom etadigan bo‘lsa, harbiy kuch ishlatishini ma’lum qildi.

Yaqinda ham chegarada to‘qnashuv ro‘y berib, unda 12 ta tinch aholi qurbon bo‘lgan. Bu to‘qnashuvlarda Pokiston «Tolibon»ni ayblamoqda. Hattoki, Eronga «Tolibon»ning ba’zi bir rahbarlari urush e’lon qilishini aytdi.

– «Tolibon» hozirda Afg‘onistonni kuch bilan ushlab turibdi. Nima deb o‘ylaysiz «Tolibon» davlatchilik yarata oladimi?

– Xalqaro hamjamiyat tomonidan «Tolibon» oldiga qo‘yilgan asosiy talablardan biri – inklyuziv hukumat yaratish. Lekin «Tolibon» bu talablarning birontasini ham bajarmadi. Inklyuziv hukumat Afg‘onistonning qochqinda yurgan sobiq hukumat a’zolarini ham qamrab olishi kerak edi. Biroq unday bo‘lmadi. Inklyuziv hukumat tuzilmas ekan Afg‘onistondagi qolgan ozchilik millat vakillarining mavqei tushib ketaveradi va ularning davlatchilikdagi ishtiroki pasaytiriladi. Bu esa mamlakatni to‘liq pushtunlashtirish siyosatiga yetaklaydi. Oqibatda davlatchilik muammolari yuzga chiqadi. Buni e’tiborga olish kerak!

– «Tolibon» ichida ham bo‘linish bormi?

– «Tolibon» vakillari o‘rtasida qarama-qarshiliklar bor. Ular buni Qandahor va Kobul klanlari deb atashadi. Avvalo, «Tolibon» ichida siyosiy va harbiy qanot o‘rtasida ziddiyatlar mavjud. «Tolibon»ning siyosiy qanoti Mulla Abdulloh Barodarga yaqin. Harbiy qanot esa amalda ichki ishlar vaziri bo‘lgan Sirojiddin Haqqoniyga yaqin. Ular «Tolibon» razvedkasini ham nazorat qiladi. Mana shu qanotlar o‘rtasida va ularni ortida turgan kuchlar qo‘llab-quvvatlashi oqibatida muammolar kelib chiqmoqda. Ya’ni, ma’lum bir kuchlar siyosiy qanotni, boshqa kuchlar esa harbiy qanotni qo‘llamoqda. Mana shunday vaziyatda «Tolibon» o‘rtasida ba’zi masalalarda ixtiloflar yuzaga kelmoqda.

– Bu vaziyatda Afg‘onistonda tinchlik bo‘lishi mumkinmi?

– Bunday sharoitda qanday qilib tinchlik haqida o‘ylash mumkin? Bu yerda tinchlik bo‘lishi juda murakkab. Garchi ayrimlar «Tolibon» ma’lum yutuqlarga erishganini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, Afg‘onistondagi vaziyat hali ham strategik mavhumligicha qolmoqda. Qo‘shni mamlakatlar bilan nizolar davom etmoqda. Mana shunday sharoitda Afg‘onistonda davlatchilik tiklanishi qiyin kechadi. Bundan tashqari, suv bilan muammolar kelib chiqdi. Ko‘rishimiz mumkinki, imkoniyatlar o‘rniga muammolar borgan sari ko‘payib ketmoqda.

– Bunday sharoitda O‘zbekiston hukumati qanday siyosat yuritishi kerak deb o‘ylaysiz?

– Har doim «Tolibon» bilan muomala qilganda aytib keladigan fikrim bor: «Do‘stlaringni o‘zingga yaqinroq tut, dushmanlaringni yanada yaqinroq». Agar «Tolibon» bilan muloqot qilsak, ularning kelajakdagi maqsadlari va strategik rejalarini taxmin qilishga imkonimiz bo‘ladi. Ular bilan aloqalarni uzib qo‘ysak, muammolar yanada ko‘payadi. Qolaversa, ularning ortida katta kuchlar turibdi. Milliy manfaatlarimiz nuqtai nazardan «Tolibon» bilan muloqot qilishimiz va hushyorlikni qo‘ldan boy bermasligimiz kerak. Ular bilan muloqot bizga 2 ta narsa beradi. Birinchisi – mintaqaviy xavfsizlik. Ikkinchisi – Afg‘onistondagi geoiqtisodiy loyihalar. Bu loyihalardan «Tolibon» ortida turgan ayrim kuchlar va «Tolibon»ning o‘zi ham manfaatdor. Lekin bu osonlikcha amalga oshadigan jarayon emas. Chunki Afg‘onistondagi vaziyat bunga yo‘l bermaydi.

Sardor Ali suhbatlashdi

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети