Qashshoq Afrikadagi iqtisodiy mo‘’jiza. Botsvana qanday qilib taraqqiyotga erishgan?
Davlat aql bilan boshqarilsa, qashshoqlik va muhtojlik – uyat, davlat aql bilan boshqarilmasa, boylik va nomus – uyatdir.
Konfutsiy
Afrika qit’asida joylashgan davlatlar haqida so‘z ketganida aholisining deyarli 80 foizi qashshoqlikda kun kechiruvchi, qonxo‘r diktatorlar, qabilalar o‘rtasidagi urushlar domiga tushib qolgan mamlakatlar ko‘z oldimizga keladi. Ammo, Afrikaning janubida Botsvana degan bir davlat borki, mamlakat bugungi kunda aholining jon boshiga daromadi bo‘yicha tropik Afrikada birinchi o‘rinda. Hatto, iqtisodiy jihatdan ancha taraqqiy etgan Estoniya va Vengriya bilan bemalol tenglasha oladi. Lotin Amerikasidagi eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan Kosta-Rika bilan bir darajada turadi.
Botsvanada demokratik o‘yin qoidalari mukammal shakllangan bo‘lib, hokimiyat boshqaruvi diktatura changalidan ancha yiroqda. Bu mamlakatdagi rivojlanishni Yaponiya va Germaniya mo‘jizasiga qiyoslash mumkin. Xo‘sh, Botsvana qanday qilib iqtisodiy o‘sishga erishdi? Nega Botsvana aholisi boshqa Afrika mamlakatlaridagi aholiga o‘xshab qashshoq emas? Quyida Botsvana qanday qilib taraqqiyotga erishgani haqida so‘z yuritamiz.
Botsvana haqida qisqacha
Botsvana – Afrikaning janubidagi davlat, maydoni 581 700 km². Mamlakatning katta qismi kontinentallik xususiyatlariga ega subtropik iqlim zonasida joylashgan. Mamlakatning katta qismini dengiz sathidan 800-1000 metr balandlikdagi Kalaxari cho‘lining keng pasttekisligi egallaydi. Yomg‘ir asosan noyabr va mart oylarida yog‘adi.
Botsvana poytaxti va eng yirik shahri – Gaborone. Oxirgi aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, mamlakat aholisi 2 024 904 kishini tashkil etadi. Botsvana aholisining 53,6 foizi shaharlarda istiqomat qiladi. Ishsizlik darajasi 20 foiz. Mamlakat asosan qishloq xo‘jaligi va konchilikdan katta daromad oladi. Masalan, Botsvana yiliga 34,293 ming karat olmos qazib oladi.
Bu statistik ma’lumotlarni ko‘rgan o‘quvchida «Botsvana tabiiy boyliklar hisobiga farovon hayotga qurgan ekan», degan fikr paydo bo‘lishi mumkin, Lekin Botsvanaga qo‘shni hisoblanmish Zimbabve va Janubiy Afrika Respublikasi yiliga 2 million karat olmos eksport qilsa-da, iqtisodiy o‘sish va aholini turmush darajasi bo‘yicha Botsvanadan ancha orqada. Demak, tabiiy boylik zaxirasi farovonlikni ta’minlamaydi. Xo‘sh, unda nima farovon hayotni ta’minlaydi? Bunga biroz pastroqda to‘xtalamiz.
O‘z xohishi bilan mustamlakaga aylangan Botsvana
1885 yili Britaniya savanna qabilalari ustidan protektorat o‘rnatdi. Bunga mahalliy qabilalar qarshilik ko‘rsatmadi. Sababi, bu vaqtga kelib Janubiy Afrikada Germaniya imperiyasining ta’sir doirasi kuchayib borayotgan edi. Botsvananing uchta qabila sardori Germaniyadan himoyalanish uchun Buyuk Britaniyadan yordam so‘radi. Britaniya Botsvanani o‘z mustamlakasi deb e’lon qilgan bo‘lsa-da, bu o‘lkaga unchalik e’tibor qaratmadi. Mustamlakachilikdagi 70 yil davomida Botsvana hududida mutlaqo hech qanday o‘zgarish ro‘y bermadi. Britaniya bu yerlarga juda kam investitsiya kiritdi.
Mustaqillik bergan taraqqiyot
1966 yilda Botsvana mustaqillikka erishdi. Mustaqillikka endigina qadam qo‘ygan Botsvana jahondagi eng qashshoq davlatlardan biri edi. Mamlakatda qattiq qoplamali yo‘llarning umumiy uzunligi 12 kilometrdan oshmas, oliy ma’lumotli kishilar soni 22 nafarni, o‘rta maktabni tamomlaganlar esa 100 nafarni tashkil qilardi. Respublika bo‘yicha atigi 9 ta umumta’lim maktabi mavjud bo‘lib, 652 ming kishiga 28 ta kasalxona bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir shifokorga 47652 kishi to‘g‘ri kelgan.
O‘sha vaqtda aholi jon boshiga YaIM taxminan 90 dollarni, dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 627 dollarni, Afrikada 172 dollarni, qo‘shni Zimbabveda esa 277 dollarni tashkil qilgan. Bu ham yetmaganday, Botsvana deyarli har tarafdan oq tanlilar boshqaruvidagi mamlakatlar – Janubiy Afrika, Namibiya va Rodeziya bilan o‘ralgan bo‘lib, bu davlatlarning barchasida qora tanlilar boshqaradigan mustaqil Afrika mamlakatlariga nisbatan adovati bor edi. Juda ko‘plab insonlar Botsvananing kelajagiga shubha bilan qarashdi. Biroq oxirgi 45 yilda Botsvana dunyodagi eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri bo‘ldi. Bugungi kunda Botsvana aholi jon boshiga daromadlari bo‘yicha tropik Afrikada birinchilikni egallaydi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Sharqiy Yevropaning Estoniya va Vengriya mamlakatlari bilan bemalol tenglashadi.
Mustaqillik Botsvana uchun burilish nuqtasi bo‘ldi. To‘g‘ri mustaqillikning ilk kunidan boshlab iqtisodiy o‘sish bo‘lmadi. Mamlakatning oldida juda katta muammolar mavjud edi. Lekin Botsvana ilk qadamni to‘g‘ri qo‘ya oldi. Ya’ni, mamlakatda inklyuziv siyosiy va iqtisodiy institutlarni yo‘lga qo‘ydi. Bu orqali Botsvana o‘z boshidan fuqarolar urushi va harbiy diktaturani o‘tkazmadi.
Erkni qo‘lga kiritgan Botsvanada birinchi prezidentlik saylovi demokratik tarzda bo‘lib o‘tdi. Muntazam raqobatga asoslangan saylov joriy qilindi. Hukumat mamlakatda mulk daxlsizligini himoyaladi, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minladi va inklyuziv bozor iqtisodiyotining rivojlanishini rag‘batlantirdi. 1967 yili «Botsvana go‘sht kompaniyasi» tashkil qilindi. Bu kompaniya boshqa Afrika davlatlariga o‘xshab fermer va chorvadorlarni talon-taroj qilmadi. Bu tashkilot chorvachilikning taraqqiy etishida markaziy o‘rin egalladi. Hukumat iqtisodda davlatni ta’sirini kamaytirdi va eksportni rag‘batlantirdi. Bu iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shib, inklyuziv iqtisodiy institutlarning poydevori bo‘ldi.
O‘quvchida «Afrika davlatlariga xilof o‘laroq, Botsvana barqaror demokratiya va inklyuziv institutlarni qanday qilib yo‘lga qo‘ya oldi», degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu savolga javob berish uchun mustamlaka boshqaruvi tugashi bilan paydo bo‘lgan burilish nuqtasi Botsvananing amaldagi institutlariga ta’sirini anglashimiz lozim. Ya’ni, hukumatga qarshi kurashish yoki uni ag‘darish va davlatni boshqarish uchun hech qanday rag‘bat yo‘q edi. Mamlakatdagi inklyuziv institutlar siyosiy barqarorlikni yuzaga keltirdi va iqtisodiy o‘sishni dastakladi.
Tropik Afrikada joylashgan Serra-Leone va Zimbabve mustaqillikdan keyin berilgan imkoniyatlarni boy berdi. Bu mamlakatlarda harbiy diktatura ortidan iqtisodiy qoloqlik vujudga keldi. Zimbabve, Namibiya va Janubiy Afrika Respublikasida yirik olmos konlari mavjud. Birgina Zimbabve har yili o‘rtacha hisobda 2 million karatdan ortiq olmos ishlab chiqaradi. Lekin aholining ishsizlik darajasi 80 foiz. Bu mamlakatlar asosan tabiiy resurslarni sotish orqali kun ko‘radi. Siyosiy institutlarning kuchsizligi va hokimiyatni tiyib turuvchi kuchning yo‘qligi tufayli kelayotgan boylik asosan xalqning emas, elitaning cho‘ntagiga kelib tushadi.
Botsvanada tabiiy boyliklardan foydalanish tartibi Zimbabve, Namibiya va Janubiy Afrika Respublikasidan keskin farq qiladi. Davlat barcha konlarni qabilaga emas, butun mamlakatga tegishli bo‘lishiga erishdi. Bu tabiiy boylik (asosan olmos)dan keladigan daromad ulkan tengsizlik yuzaga kelishining oldini oldi. Chunki olmos konlari boshqa mamlakatlarda turli guruhlar o‘rtasida o‘zaro to‘qnashuvlarni, hatto fuqarolar urushini yuzaga keltirgan edi. Shuning uchun ham tropik Afrikadan qazib olingan olmoslar «qonli olmoslar» nomini olgan. Botsvanada esa olmosdan keladigan daromadni mamlakatning farovonligi yo‘lida sarflashga muvaffaq bo‘ldi. Hukumat olmosdan keladigan boylikni asosan ijtimoiy xizmatlarga investitsiya qilish uchun sarfladi.
Xulosa qilib aytganda, Botsvana mustaqillik davrida paydo bo‘lgan imkoniyatdan foydalanib, mamlakatda inklyuziv siyosiy institutlarni tashkil etdi. Davlatdagi siyosiy partiyalar va an’anaviy elita vakillari diktatura boshqaruviga yoki ularni jamiyatning boshqa a’zolari hisobiga boyitish mumkin bo‘lgan ekstraktiv institutlarni joriy qilishga harakat qilmadi. Bu esa burilish nuqtasi bo‘lib, Botsvana uchun taraqqiyotni ta’minladi.
Foydalanilgan adabiyot: Daron Ajemug‘li va Jeyms Robinson «Mamlakatlar tanazzuli sabablari».
Sardor Ali
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter